O‘zbekiston | 17:45 / 01.02.2022
27052
2 daqiqa o‘qiladi

IIBB: Toshkentda firibgarlikning yangi turi ko‘payib bormoqda

Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida firibgarlik jinoyatlari fosh qilindi. Ma’lum bo‘lishicha, 1996 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs fuqarolarni o‘ziga xos usulda aldab, pul mablag‘larini o‘zlashtirgan.

Videodan kadr

2021 yil 1 dekabr kuni D. ismli shaxs Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasida R. ismli fuqaroning ishonchiga kirib, jabrlanuvchining 50 AQSh dollari va 400 ming so‘m miqdordagi pullarini oladi va berib yuboriladigan dorilarni shifoxonada ishlaydigan turmush o‘rtog‘i olib qolishini hamda pullarini qaytarishini aytadi.

Bundan tashqari, 2021 yil 6 dekabr kuni ushbu shaxs Mirobod tumani Sodiq Azimov ko‘chasida fuqaro H.dan 1 mln 300 ming so‘m, 7 dekabr kuni Oybek metro oldida A. ismli shaxsdan 150 AQSh dollari miqdoridagi pullarni shunday aldov yo‘li bilan o‘zlashtirib oladi.

Xuddi shu kabi jinoyat bilan tergovga jalb qilingan R. ismli shaxs ham haydovchini shu tarzda aldab, pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritadi. U mashinaga yo‘lovchi sifatida o‘tiradi. Yo‘lda esa turli bahonalarni aytib, haydovchidan pul berib turishini so‘raydi. Haydovchi ham firibgarning aldoviga chuv tushib, yonidagi pullarini berib yuboradi. Yo‘lovchi do‘kon yoki savdo markazi oldida to‘xtab, u yerga kirib ketadi va haydovchining oldiga qaytib kelmay, voqea joyidan g‘oyib bo‘ladi.

Shayxontohur tumani IIO FMB tergov bo‘limining ma’lumotiga ko‘ra, bu shaxs jabrlanuvchilardan har xil holatda 300 ming so‘mdan 1 mln 700 ming so‘mgacha pul olgan.

Endilikda har ikki holatda ham tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid