Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zini bosh prokuratura xodimi deb tanishtirgan shaxs milliardlab so‘mlik firibgarlikda gumonlanmoqda
O‘zini bosh prokuratura xodimi sifatida tanishtirib kelgan shaxs 1,7 mlrd so‘m, 95 ming dollar va qimmatbaho mol-mulklarni firibgarlik hamda o‘g‘irlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganlikda gumonlanmoqda. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u fuqarolarga katta daromadli biznes, yer masalasini hal qilish va avtomobil almashtirib berishni va’da qilgan.
Bosh prokuratura shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda o‘zini prokuratura xodimi sifatida tanishtirib kelgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda bosh prokuratura axborot xizmati xabar berdi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, A.A. ismli shaxs fuqarolar B.M. va S.Sh.ga arzon narxda bug‘doy sotib olib, uni qayta ishlash orqali yuqori daromad olish mumkinligini aytgan. Shu tariqa ularning ishonchiga kirgan gumonlanuvchi 1,7 mlrd so‘m mablag‘ni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Shuningdek, u tadbirkor M.T.ga tegishli kompaniyaga Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joylashgan 50 sotix yer maydoni bo‘yicha bekor qilingan qarorni qayta tiklab berishni va’da qilib, 95 ming AQSh dollarini olgani aytilmoqda.
Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, A.A. ijtimoiy tarmoqlar orqali ham fuqarolarning ishonchiga kirgan. Jumladan, u fuqaro I.N.ga prokuraturada ishlashini aytgan holda, 2014 yilda ishlab chiqarilgan Cobalt avtomashinasini yangi Gentra avtomobiliga almashtirib berishni va’da qilgan. Natijada avtomashinani egallab, uni boshqa shaxsga sotib yuborgan va tushgan mablag‘ni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflagan.
Tergovda aniqlanishicha, gumonlanuvchi yana bir fuqaro - A.K. bilan yaqin munosabat o‘rnatgan. Keyinchalik uning xonadon kaliti nusxasini qo‘lga kiritib, uy egasi sayohatda bo‘lgan vaqtda xonadonga kirgan va ko‘p miqdordagi tilla taqinchoqlarni o‘g‘irlab ketgan.
2026 yil 18 iyun kuni A.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining firibgarlik, o‘g‘irlik va boshqa moddalari bilan ayblov e’lon qilingan. Unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Bosh prokuratura mazkur shaxs boshqa fuqarolarga ham zarar yetkazgan bo‘lishi mumkinligini bildirib, jabrlanganlar yoki bu haqda ma’lumotga ega shaxslarni «1161» ishonch telefoni orqali murojaat qilishga chaqirgan.
Avvalroq Qashqadaryoda ham “soxta prokuror” qo‘lga olingandi.
Mavzuga oid
10:01
Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq yirik firibgarliklar fosh etildi
08:40
Tibbiyot muassasalariga ishga kiritish bilan bog‘liq firibgarliklar aniqlandi
11:25 / 17.06.2026
Andijonda 160 ming dollarlik yer savdosi bilan bog‘liq firibgarlik fosh etildi
20:14 / 08.05.2026