07:58 / 01.02.2022
7263

Ishga mast holda kelgan 2 nafar metro xodimi ishdan bo‘shatildi

Toshkent metropoliteni ma’muriyati 2 nafar xodim bilan shartnoma bekor qilingani, shuningdek, yana bir xodimga hayfsan berilgani haqida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 30 yanvar kuni Toshkent metropolitenining Sergeli-1 bekatida tungi navbatchilikni qabul qilish vaqtida bekat navbatchisi M.M. va farrosh M.S. ish joyiga spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda kelgan. 

Vaziyatga aniqlik kiritilishicha, bekat navbatchisi M.M. hamda katta operator G.I. farrosh M.S.ning tug‘ilgan kunini nishonlash maqsadida ish vaqtidan avval kafega borgan va xodimlar M.M. hamda M.S. spirtli ichimlik iste’mol qilgan. Tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, bu holat o‘z tasdig‘ini topdi. 

O‘z xatti-harakati bilan mehnat intizomini qo‘pol ravishda buzgani uchun Harakat xizmati 1-bekat navbatchisi M.M. va bekat farroshi M.S. bilan tuzilgan mehnat shartnomalari Mehnat kodeksi 100-moddasi ikkinchi qismi 4-bandi hamda Toshkent metropoliteni ichki mehnat tartibi qoidalari 1-ilovasi 2-bandiga (ish joyida yoki ishga mast holda, giyohvandlik, psixotrop vositalarini iste’mol qilib kelish, bu guvohlar ko‘rsatmasi yoki tibbiy xulosa tasdiqlangan bo‘lsa) asosan bekor qilingan.

Harakat xizmati 1-bekat katta operatori G.I. esa M.M. va M.S. spirtli ichimlik iste’mol qilib ish joyiga kelgani, bu holat metropolitenda harakat xavfsizligiga raxna solishi va fojia bilan tugashi mumkinligini bila turib rahbariyatga ma’lum qilmagani uchun unga nisbatan Mehnat kodeksi 181-moddasi birinchi qismi 1-bandiga asosan hayfsan intizomiy jazosi qo‘llangan.

Mavzuga oid
Top