19:55 / 03.02.2022
3358

“Mintaqaviy brendlar rivojlanmay qolmoqda” - “Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida”gi qonun nega kerakligiga izoh berildi

Foto: Senat axborot xizmati

O‘zbekistonda geografik ko‘rsatkichlar belgilanmoqda. Oliy Majlis Senatining 3 fevral kuni bo‘lib o‘tgan 23-yalpi majlisida tegishli qonun ma’qullandi.

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Narimon Umarovning aytishicha, bu qonun 2021 yil 28 yanvardagi prezident qarori bilan tasdiqlangan Intellektual mulk muhofazasini mustahkamlash va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

“Intellektual mulk sohasidagi qonunchilikka muvofiq, mintaqaviy brendlarni rivojlantirish vositalaridan biri – intellektual mulk obekti bo‘lgan tovar kelib chiqqan joy nomlari hisoblanadi. U geografik obektlar, shu jumladan, ma’muriy-hududiy birliklar, tabiiy obektlar bilan uzviy bog‘liq.

Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonda bugungi kunda faqat 4 ta tovar kelib chiqqan joy nomi ro‘yxatdan o‘tkazilgan, shulardan 2 tasi mahalliy ishlab chiqaruvchilar bo‘lsa (“Bagizagan” – Samarqand viloyati; “Shortoq” – Namangan viloyati), qolgan 2 tasi xorijiy ishlab chiqaruvchilarga tegishli.

Shuningdek, mahalliy yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan 18 200 dan ortiq tovar va xizmat ko‘rsatish belgilari ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Lekin intellektual mulkning bu sohasidagi bunday holat sababli O‘zbekiston hududlari ma’lum bir hududga xos mahsulotlarini, ayniqsa qishloq xo‘jaligi va hunarmandchilik sohasidagi mahsulotlarni ommalashtirish va rivojlantirishda yetarli darajada imkoniyatga ega bo‘lmagan.

Oqibatda, tovar kelib chiqqan joy nomlariga bo‘lgan qat’iy talablar sabab mamlakatda mintaqaviy brendlar rivojlanmasdan qolmoqda”, deya Narimon Umarovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Foto: Senat axborot xizmati

Senatorlar tomonidan muhokama qilingan “Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida”gi qonunda ilk marotaba “geografik ko‘rsatkich” tushunchasi aks ettirilgan. Tovarni muayyan geografik obekt hududidan kelib chiqqan tovar sifatida identifikatsiyalovchi belgi geografik ko‘rsatkich deb e’tirof etilib, unda tovarning sifati, nom qozongani yoki boshqa xususiyatlari uning geografik jihatdan kelib chiqishiga sezilarli darajada bog‘liq bo‘ladi.

Geografik ko‘rsatkich, ishlab chiqarilayotgan tovarni belgilash uchun nomi qo‘llanadigan mazkur geografik obektda joylashgan bir nechta yuridik yoki jismoniy shaxslarning talabnomasiga binoan ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkinligi, boshqa manfaatdor shaxslar bo‘lmagan taqdirda bitta yuridik yoki jismoniy shaxs tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazishga doir talabnoma berish mumkinligi belgilanmoqda.

Tovar xususiyatlari shakllanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatuvchi tovar ishlab chiqarish jarayonining kamida bir qismi mazkur geografik obekt hududida o‘tilishi shart bo‘ladi.

“Mazkur qonunning hayotga tatbiq etilishi natijasida o‘zining noyob mahsuloti uchun belgini ro‘yxatdan o‘tkazishni xohlovchi ishlab chiqaruvchilar soni ko‘payishiga, eng asosiysi mintaqaviy brendlarni rivojlantirishga xizmat qiladi. Bu esa ishlab chiqaruvchilarning geografik ko‘rsatkich bilan himoyalanadigan qo‘shimcha qiymatga ega o‘z mahsulotini mahalliy va xorijiy bozorlarga olib chiqishiga imkon yaratadi”, deydi Narimon Umarov.

Senatorlar ushbu qonunni ma’qullashdi.

Top