Jahon | 23:37 / 06.02.2022
28898
3 daqiqa o‘qiladi

WP: Rossiya bostirib kirish uchun zarur kuchlarning 70 foizini Ukraina chegarasiga olib kelgan

Nashr manbalari ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan ikki haftada Rossiya Ukraina bilan chegaradagi batalon guruhlari sonini 60tadan 83taga yetkazgan, bu esa bostirib kirish uchun zarur bo‘lgan kuchlarning 70 foizini tashkil etadi.

Foto: Gavriil Grigorov / TASS

Rossiya keng ko‘lamli bosqin uchun zarur kuch va vositalarning 70 foizga yaqinini Ukraina chegaralariga olib kelib bo‘lgan. Bu haqda The Washington Post rasmiy doiralar va Amerika razvedka xizmatidagi «ko‘p sonli» manbalariga tayanib xabar berdi. 

Nashr manbalari ma’lumotiga ko‘ra, «Rossiyaning ehtimoli hujumi uchun chegara hududida har biri 750 askardan iborat 83ta batalon-taktik guruhlar shay holga keltirilgan. Maqolada ta’kidlanishicha, bu bostirib kirish uchun kerak bo‘lgan harbiy xizmatchilarning 70 foizi atrofida degani. Shu bilan birga, nashrning qayd etishicha, ikki hafta oldin chegarada bunday guruhlardan 60tasi qayd etilgandi.

Bundan tashqari, Rossiyaning o‘nlab kemalari Qora dengizda turibdi. Rossiya «sohil bo‘ylab desant hujumlarini boshlashi mumkinligi» aytilgan. Rossiya jami 100-130 ming harbiyni Ukraina chegaralariga olib kelgan.

Reuters va The New York Times nashrlari ham shu kabi ma’lumotlar tarqatgan. Bu nashrlar manbalari baholariga ko‘ra, bostirib kirilgan taqdirda tinch aholi orasida qurbonlar soni 25 mingdan 50 minggacha bo‘lishi mumkin, rossiyalik harbiylarning yo‘qotishi — 3 mingdan 10 minggacha, ukrain harbiylarining yo‘qotishi 5 mingdan 25 minggacha bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, qurolli mojaro oqibatida 5 millionga yaqin kishi qochqinlarga aylanishi taxmin qilingan.

Reuters 15 fevralga qadar Ukraina zamini muzlashi, bu esa rossiyaliklarning armiya tarkibidagi mexanizatsiyalashgan bo‘linmalari dalalar bo‘ylab qiyinchiliksiz harakatlanishiga sharoit yaratishi haqida yozgan. Bunday holat mart oyi oxiriga qadar saqlanib qoladi.

WP nashrida qayd etilishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin XXR raisi Si Jinping bilan uchrashuvdan keyin chegaradagi qo‘shinlar sonini oshirishga qaror qilgan. Gazeta ma’lumotiga ko‘ra, ikki yetakchida «AQSh yetakchiligidagi xalqaro tartib» bo‘yicha qator e’tirozlar yig‘ilib qolgan. Shu bilan birga, vaziyatdan xabardor bo‘lgan amerikalik rasmiyning aytishicha, Xitoy Ukrainada vaziyat beqarorlashayotganidan tashvishda, bu «Pekinni noqulay holatga tushirib qo‘yishi» mumkin.

Avvalroq The New York Times nashri manbalari Rossiya Ukraina hududiga bostirib kirishga hali tayyor emasligi, ammo harbiy operatsiyaga tayyorgarlikning yakuniy bosqichida turgani haqida xabar bergandi.

Mavzuga oid