O‘zbekiston | 21:19 / 07.02.2022
6275
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda madaniy meros obekti auksion savdoga chiqarilgani aniqlandi

Buxoro viloyatida joylashgan “Chor Bakr” majmuidagi yer auksion savdoga chiqarilgani aniqlandi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi matbuot xizmati Kun.uz'ga xabar berdi.

Foto: asia-travel.uz

"Madaniy meros inspeksiyasi hamda Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligining birgalikda o‘tkazgan xizmat tekshiruvi natijasida Buxoro tumani «Shergiron» MFY hududida joylashgan va davlat muhofazasiga olingan “Chor Bakr” (majmuasi) hududidagi yer uchastkalari ijaraga hamda mulk huquqi asosida noqonuniy elektron onlayn-auksionga qo‘yilgani aniqlandi. 

Holat yuzasidan XVI-XX asrlarga mansub ushbu tarixiy yodgorlikning muhofaza qilinadigan tegralaridan ijaraga va mulk huquqi asosida 6 ta har biri 0,018 ga.dan iborat yer uchastkalari berilishi qonunga zid ravishda elektron onlayn-auksion orqali sotuvga qo‘yilganligini inobatga olinib, huquqiy baho berish maqsadida hujjatlar huquq-tartibot organlariga yuborilgan. 

O‘rganish natijalari to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumot beramiz", – deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, hozirda “Chor Bakr” majmuasini YuNeSKOning Umumjahon merosi obektlari ro‘yxatiga kiritish uchun mutaxassislar ishtirokida, zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda nomzodlik hujjatlari tayyorlanib, Umumjahon merosi markaziga taqdim etilgan.

Илёс Сафаров
Tayyorlagan Илёс Сафаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid