07:50 / 07.02.2022
5752

Gidrotexnika inshootlari xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun loyihasi e’lon qilindi

Foto: LiveJournal

“Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi.

Hujjatga ko‘ra, hozirgi kunda mavjud suv xo‘jaligi obektlarining texnik holati nazorat va xavfsizlikni ta’minlash hamda gidrotexnika inshootlarini o‘z vaqtida ta’mirlash va tiklashni talab qiladi. 

Shuningdek, oxirgi yillarda Arnasoy, Rezaksoy, Chortoq, Jiydalisoy, Sardoba, Markaziy Farg‘ona, shuningdek, ko‘plab sel-suv omborlari, gidroelektrstansiyalar va boshqa yirik irrigatsiya va melioratsiya obektlari qurildi va rekonstruksiya qilindi.

Bugungi kunda suv xo‘jaligi tizimida jami 69 ta suv ombori va sel-suv ombori, 1687 ta nasos stansiya, 28440 km irrigatsiya tizimi kanallari mavjud bo‘lib, ularning aksariyat qismi foydalanish muddati 40-50 yildan ortib, texnik holati va xavfsizlik darajasi yildan yilga pasayib bormoqda. 

Qonun loyihasining mazmuni gidrotexnika inshootlari xavfsizligini yanada mustahkamlash, sohadagi davlat nazorati tizimini aniq belgilash hamda ushbu yo‘nalishdagi tartib-tamoyillarni takomillashtirishga qaratilgan.

Qonun loyihasida uni qo‘llash sohasi, gidrotexnika inshootlari xavfsizligi sohasidagi davlat siyosati asosiy yo‘nalishlari belgilanmoqda hamda Vazirlar Mahkamasi va mahalliy hokimiyat organlarining vakolatlari kengaytirilmoqda. Maxsus vakolatli davlat organining gidrotexnika inshootlari xavfsizligiga oid faoliyat sohasidagi asosiy vakolatlari belgilab berilmoqda va vazifalari kengaytirilmoqda.

Qonun loyihasida gidrotexnika inshootlari xavfsizligini ta’minlash yuzasidan loyihachi, buyurtmachi va pudratchi tashkilotlarning majburiyatlari, shuningdek, gidrotexnika inshootida sodir bo‘lgan avariya natijasida yetkazilgan zararni qoplash kabi yangi moddalar kiritilmoqda.

Bildirilishicha, qonun qabul qilinishi suv xo‘jaligi obektlarining texnik holati va xavfsizligini o‘z vaqtida ta’minlash, gidrotexnika inshootlarini loyihalashtirish, qurish, foydalanishga topshirish, ulardan samarali foydalanish va rekonstruksiya qilish, tiklash, konservatsiyalash, tugatishda xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi.

Top