Aeroport, Al-Buxoriy majmuasi, turistik markaz: Samarqanddagi yangi qurilishlar haqida
Bugun ko‘hna Samarqand ulkan qurilish maydoniga aylangan. Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan durdonani chinakam turistik maskanga aylantirish maqsadida shaharda muhtasham obektlar barpo etilmoqda.
Obektlarning eng yirik uchtasi koronavirus pandemiyasi chog‘ida ham bir zum to‘xtamasdan bunyod etilmoqda. Bugun ana shu obektlar haqida hikoya qilamiz.
Samarqand xalqaro aeroportining yangi terminali
BMT xalqaro turistik tashkiloti (UNWTO) ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston turizm sohasi o‘sish sur’ati bo‘yicha jahonda 4-o‘rinni egallagan. Samarqandda bo‘lgan har qanday odam o‘tmish faylasuflari va shoirlar bu shaharni bejizga «Sharq musulmon olamining durdonasi» deya atashmaganini tushunadi.
Turistik jozibasi bilan birga Samarqand poytaxt Toshkentni yana ikkita yirik turistik shahar — Buxoro va Xiva bilan birlashtiruvchi muhim transport tuguni rolini ham o‘ynaydi.
Samarqandning 1967 yilda qurilgan va keyinchalik yengil rekonstruksiya qilingan eski aeroporti bugungi kun talablariga javob bermas edi, albatta. 2018 yilda Samarqand xalqaro aeroportini kengaytirish reja qilindi. 2019 yilning iyulida prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan loyiha miqyosi yanada yiriklashdi. O‘shanda aeroport bilan birgalikda zamonaviy turistik markaz ham qurilishi reja qilindi.
Ayni paytda aeroportda zamonaviy terminal binosi bitkazilmoqda. Yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi barpo etildi, zamonaviy radiolokatsion tizim, 24 ta samolyot uchun turargoh hamda 700 avtomobil uchun avtoturargoh barpo etildi. Ikkita teleskopik trap orqali 4 ta samolyotga chiqish yenglari hozirlandi.
Aeroport uch qavatdan iborat bo‘lib, birinchi qavatda 29 ta qaydga olish ustuni bo‘ladi. Mahalliy va xalqaro avialiniyalarga chiqish va uchib kelish uchun alohida yo‘laklar qilingan. Ikkinchi qavatda ofis binolari joylashsa, uchinchi qavatda uchib ketish zali va dyuti-fri do‘konlari zonasi bo‘ladi.
Ayni paytda qurilish ishlari to‘liq yakunlangan, ichkarida va tashqarida bezak ishlari, turli texnologik jihozlarni montaj qilishda ham mahalliy, ham xorijiy quruvchilar ishlashmoqda.
Aeroport turkiyalik dizaynerlar tomonidan loyihalashtirilgan. Aeroport binosi Mirzo Ulug‘bekning ochiq turgan «Ziji jadidi Ko‘ragoniy» kitobi shaklida bunyod etilmoqda. Dizaynerlar yana nimalardan ilhomlangani haqida eshitamiz.
«Dizaynimiz an’anaviy hamda zamonaviy usullarning qorishmasidan iborat. Aeroport dizayni Samarqandning ko‘hna, muhtasham va boy tarixida muhim o‘rin tutgan mashhur olim — Mirzo Ulug‘bekdan va uning asarlaridan ilhomlangan holda, ochiq kitob shaklida qilindi.
Bundan tashqari, uning astronomiya sohasidagi ishlari ham biz uchun ilhom manbai bo‘lib xizmat qildi.
Aeroportimiz amaliy jihatdan qulay, qisqa masofalarga, uzoq masofalarga uchish, hamda samarali bagaj tizimi bilan yo‘lovchilarimizga, foydalanuvchilarga va Samarqand tarixiga qiziqqan turistlarga qiziqarli tajriba bo‘ladi va eng yaqin vaqtda o‘zbek xalqiga, Samarqandga ushbu loyihamizni taqdim etamiz va ochilishiga taklif qilamiz», — deydi Kiklop Design&Engineering interer dizayneri Esma Izgi.
Aeroportning yangi terminali ishga tushgach, uning yo‘lovchi o‘tkazish quvvati soatiga 350 yo‘lovchidan 1000 yo‘lovchigacha oshadi. Bu to‘lgan o‘rtamagistralli 7 ta samolyot degani. Muntazam reyslar soni esa haftasiga hozirgi 40 tadan 120 tagacha yetadi.
«Bu — O‘zbekiston uchun mutlaq unikal loyiha, ko‘p jihatlardan, yondashuv va infrastruktura nuqtayi nazaridan Markaziy Osiyodagi unikal loyihalardan biri.
Shuning uchun aeroportni biz nafaqat shaharga kirish darvozasi, balki Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi tranzit tuguni — Ipak yo‘lidagi muhim nuqta deb, ikkinchidan, aeroportni shahar aholisini jalb qiluvchi drayver, turizm va biznes vakillarini chaqiradigan, shu jumladan, shaharda o‘tadigan muhim tadbirlarni tashkillashtirishda katta ahamiyatga ega bo‘lgan obekt sifatida qarayapmiz», — deydi «Air Marakanda» boshqaruvchi kompaniyasining tijorat direktori Dmitriy Martinenko.
Aeroportda murakkab texnikalar va kommunikatsiyalar montaji allaqachon boshlangan. Bularning barchasi turkiyalik mutaxassislar kuzatuvi ostida amalga oshirilmoqda.
«Bu yerga kelganimdagi asosiy maqsadim, aeroportning xalqaro standartlarga mos bo‘lishini ta’minlashdan iborat.
Xalqaro standartlar deganda shuni tushunish kerakki, ISO tashkiloti tomonidan belgilangan ma’lum servis standartlari, masalan, tekshiruv, bagaj olish, nazorat paytlarida kutish vaqtlarini jahon standartlariga moslashtirish. Ushbu aeroport inshootida zamonaviy texnologiyalardan foydalanildi, ular haqida gapiradigan bo‘lsak, masalan, yo‘lovchilar chiptalarni o‘zlari ma’lum bo‘limga bormasdan ro‘yxatdan o‘tkazishlari mumkin bo‘ladi.
Yangi tizim yordamida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha uchish ma’lumotlari bazasi orqali yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatamiz. Kompyuter boshqaruvi bilan butun terminalning isitish, sovitish, yoritish va xavfsizlik tizimini nazorat qilish imkoni mavjud bo‘ladi.
Yangi bagaj tizimining bir soatlik aylanmasi 1800 bagaj bo‘ladi. Shuningdek, ushbu bagaj tizimi yordamida yuk tekshiruvdan to samolyotgacha shikassiz yetib borishini ta’minlaydi. Yangi bagaj standart yordamida to‘g‘ridan to‘g‘ri Samarqanddan Amerikagacha uchish imkoniyati paydo bo‘ladi», — deydi «Air Marakanda» boshqaruv kompaniyasi bosh direktorining operatsion faoliyat bo‘yicha o‘rinbosari Hilmi Yilmaz.
«Samarqand aeroporti bo‘yicha menga ilk taklif bo‘lgan paytda juda hayajonlandim. Chunki Ipak yo‘lida joylashgan bu qadrli shaharning rivojlanishida o‘z tajribam bilan yordam berishim mumkin bo‘ladi.
Xalqaro standartlarga yetishish uchun bor imkoniyatlarimizni ishga solmoqdamiz. Avvalo, buning uchun xodimlarimizni xalqaro standartlar bo‘yicha ishlashga chiqara olishimiz kerak. Shuningdek, malaka oshirish bo‘yicha o‘qishlarimiz bor», — deydi «Air Marakanda» boshqaruv kompaniyasi yerusti xizmat ko‘rsatish departamenti direktori Aykut Gencher.
Markaziy Osiyoda yetakchi qurilish kompaniyasi sifatida tan olingan Enter Engineering Samarqand xalqaro aeroportini muvaffaqiyatli yakunlangan fuqarolik qurilishi loyihalari safiga qo‘shish niyatida.
Imom al-Buxoriy majmuasi
Imom Muhammad ibn Ismoil Abu Abdulloh al-Buxoriy siymosining butun islom olamida tutgan o‘rni beqiyos. Yurtimizga o‘n minglab xorijiy ziyoratchilar bu tabarruk shaxsni ziyorat qilish uchun tashrif buyurishadi.
1998 yilda majmua milliy uslubda, biroq shoshilinch barpo etilgan edi. U bugungi kun talablariga javob bermay qoldi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil fevral oyida Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida xalqaro tadqiqot markazi majmuasini qurish va obodonlashtirish bo‘yicha ishlar, Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuasini to‘liq qayta qurish haqida axborot berilgan edi.
Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuasini milliy uslubda, mustahkam va zamonaviy kommunikatsiya bilan ta’minlagan holda qayta barpo etish ishlari ham Enter Engeneering kompaniyasi loyihasi asosida amalga oshirilmoqda.
Yodgorlik majmuasi haqida qisqacha tushuntiradigan bo‘lsak, Imom al-Buxoriy qabrini endi barcha yerosti galereyasi orqali ziyorat qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Majmuada 9200 o‘rinli ulkan masjid ham barpo etilmoqda. Yangi majmuaning to‘rt chetida to‘rtta ulkan minora qad rostlaydi. Ayni paytda majmuaning yerosti galereyasi qismi to‘liq yakunlangan. Masjid va minoralarni tiklash yakunlanay deb qolgan. Shundan so‘ng zudlik bilan bezak ishlariga kirishiladi.
Ma’muriy-xo‘jalik ishlari bo‘yicha menejyer Furqat Shoyimovga ko‘ra, 500 dan ortiq ishchilar uch smenada ish olib bormoqda. Grafikdan ortda qolish yo‘q. Qurilish materiallarida uzilish yo‘q, hamma ishlar belgilangan reja bo‘yicha ketmoqda.
Ayni paytda umumiy 4,68 gektar maydonda olib borilayotgan qurilish ishlari 2 gektarni tashkil etadi. Birgina yerosti galereyasi 3500 kvadrat metrga ega. Majmuaning ichki hovlisi 0,83 gektar. Ko‘kalamzorlashtiriladigan maydonlar 2 gektardan ziyod bo‘ladi.
Eng muhimi, majmuaning taniqli ramzlaridan biri — olti asrni ko‘rgan o‘sha qadimiy chinorlari va hovuzi saqlab qolingan. Ularga biror ziyon-zahmat yetmasligi uchun alohida parvarish qilinmoqda.
Qurilish ishlarida o‘zbekistonlik quruvchilar bilan birga xorijdan kelgan malakali quruvchilar ham ishtirok etmoqda. Qizig‘i shundaki, ularning barchasi musulmon. Qurilish ishlari olib borilayotgan hududda karnaylardan Qur’on oyatlari tilovati yangrab turibdi. Quruvchilar uchun vaxta shaharchasi va 1000 o‘rinli muvaqqat masjid ham barpo etilgan.
Imom-al Buxoriy Payariq tumanidagi Xartang qishlog‘ida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarining eng yirigidir. Majmua atrofida ulkan xiyobon, mehmonxonalar, mehmon uylari ham barpo etiladi. Bularning barchasi ziyorat turizmi salohiyatini yuksaltirish, islom olamidan O‘zbekistonga yanada ko‘proq ziyoratchilarni jalb qilish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Silk Road Samarkand turistik markazi
Samarqandda qad rostlayotgan yangi obektlarning eng keng qamrovlisi va eng muhtashami — shubhasiz, Silk Road Samarkand turistik majmuasidir.
U Samarqandning g‘arbiy qismida joylashgan mashhur eshkak eshish kanali atrofida qurilmoqda. Qayd etish kerak, bu kabi sport majmuasi dunyoda atigi 3 ta — biri Moskvada, ikkinchisi Myunxenda.
Bu maskanda jahon darajasidagi hotellar, zamonaviy jamoatchilik muhiti — parklar, dam olish va sport zonalari, restoran, qahvaxonalar barpo etilmoqda.
Ayni paytda uch smenada tashkil etilgan qurilish va montaj ishlarida jami 7000 kishi ishtirok etmoqda. Ularning 30 foizi Turkiya fuqarolari. Shuningdek, Serbiya, Italiya va Rossiyadan ham mutaxassislar bor. Quruvchilarning katta qismi mahalliy ishchilar.
Samarqand turistik markazi loyihasining sanoat-fuqaro obektlari qurilishi bo‘yicha direksiyasi rahbari Mo‘minjon Qodirovning hikoya qilib berishicha, majmuaning konstruktiv qismi allaqachon tugatilgan, kommunikatsiya tarmoqlari ham tortib bo‘lingan. Ayni paytda binolarda pardozlash ishlari olib borilmoqda. Yo‘l qurish, daraxt ekish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari boshlangan.
Majmuadagi hotellar, xalqaro kongress markazi, «Abadiy shahar» majmuasi turli xalqaro anjumanlar o‘tkazish, xorijlik va mahalliy sayyohlarni jalb qilishda beqiyos o‘rin tutadi.
O‘zining miqyosi va ahamiyati bilan Silk Road Samarkand turistik majmuasi buyuk ajdodlarimizning merosi davomchisi va yurtimizda turizm rivojini harakatga keltiruvchi kuch bo‘ladi.
Yangi kompleks Samarqandning sharqiy qismidagi 260 gektar maydonni egallagan. Kanalning shimoliy qismidagi biznes klasterda maxsus obodonlashtirilgan va akva-zonalarga ega to‘rtta yuqori klassli hotellar, kongress markaz bo‘ladi.
Xalqaro kongress markaz esa ko‘p funksiyali zallar, delegatsiyalar uchun xonalar, muzokara xonalari va banket zallarga bo‘linadi.
Hotellar
Kongress markazning chap tomonida 22 qavatli, 233 nomerga mo‘ljallangan besh yulduzli Samarkand Regency Amir Temur mehmonxonasi qad rostlamoqda. U jahon yetakchi hotellari assotsiatsiyasi LHW’ga kirgan Markaziy Osiyo hududidagi birinchi va yagona hoteldir.
Shuningdek, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Igor Savitskiy nomiga qo‘yilgan 11 qavatli Savitsky Plaza hoteli 175 nomer fondiga ega.
Yana yuqori toifadagi hotellardan 22 qavatli va 241 nomerli Silk Road by Minyoun va buyuk astronom Mirzo Ulug‘bek nomiga atalgan 11 qavatli 170 o‘rinli Lia! by Minyoun Stars of Ulugbek hoteli ham faoliyat ko‘rsatadi. Bu har ikki hotel Osiyoning yetakchi hotel boshqaruvchi kompaniyasi Minyoun Hospitality boshqaruvi ostida bo‘ladi.
Tibbiy-sanitar yo‘nalishdagi butik-hotellar
Eshkak eshish kanalining janubiy qismida, tarixiy-etnografik majmua «Abadiy shahar» eko-qishlog‘ining ikki tomonida har biri o‘z tibbiy-sanitar yo‘nalishiga ega to‘rtta butik-hotel, savdo nuqtalari barpo etilmoqda.
Meditsina klasteridagi butik-hotellarning har biri ma’lum bir tibbiy xizmatga ixtisoslashgan: preventiv tibbiyot, detoks, bo‘g‘inlar va umurtqani davolash, pulmonologiya kabilar.
Hotellarning ikkinchi qavati sog‘lomlashtirish markazlariga ajratilgan. Vrach va muolaja kabinetlaridan tashqari, hotel mehmonlariga kosmetolog, massaj, balchiq bilan davolash, davolovchi dush, infraqizil sauna, barokamera kabi xizmatlar taklif etiladi.
Bu yerda 7 kundan 21 kungacha bo‘lgan davolanish dasturlari taklif etiladi. Klasterda jami 366 ta nomer fondi bo‘ladi.
«Abadiy shahar» majmuasi
10 gektardan ziyod maydonda O‘zbekiston xalqlari tarixi va an’analarini o‘zida mujassam etgan qadimiy shahar obrazi tiklanmoqda. Tor ko‘chalarda hunarmandlar, rassomlar, amaliy san’at namoyandalari joylashishadi.
Tashrifchilar mamlakatning turli mintaqalari va turli davrlariga xos bo‘lgan milliy taomlarni tatib ko‘rishlari, hunarmandchilik buyumlarini ushlab ko‘rishlari, master-klass va qadimiy ko‘cha tomoshalaridan bahramand bo‘lishlari mumkin bo‘ladi.
Abadiy shahar mehmonlarga o‘zlarini Parfiya, ellenistik va islomiy madaniyat chorrahalarida his qilishlariga, o‘tgan asrlarning serqirraliklarini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlariga imkoniyat yaratadi.
Shunisi e’tiborga loyiqki, bu mo‘’jaz shaharchani faqat samarqandlik ustalar va rassomlar, mahalliy qurilish ashyolaridan foydalanib bunyod etishmoqda.
Loyihaning muallifi va boshqaruvchisi O‘zbekistonning mashhur rassomi Bobur Ismoilovdir.
«Qariyb ikki yildan buyon bu yerda jiddiy qurilish ishlari olib borilmoqda. Asosiy g‘oya qandaydir etnografik shahar barpo etishdan iborat edi, uni shaharcha deb bo‘lmaydi, chunki miqyoslar chindan ham juda katta. Bu shaharda biz Samarqandning minglab yillarga joy bo‘lgan tarixiy merosini jamlab, uni saqlashni maqsad qilganmiz.
Butun majmuaning asosiy konsepsiyasi u ko‘proq madaniy va ko‘ngilochar yo‘nalishga ega. Bu biz yerda Samarqand va O‘zbekistonning an’analari, san’ati va tarixining eng muhim va qiziq jihatlarini to‘plashni rejalashtirganmiz.
Bular turistlar uchun qanchalik muhim va qiziq bo‘lishiga shubha qilmaymiz, boz ustiga, bu majmua Samarqand ahli, O‘zbekiston aholisi uchun ham musiqa, tasviriy san’at, fotosuratchilik kabi madaniy an’analar va boshqa hunarmandchilikni qayta jonlantirish va saqlab qolish uchun ulkan turtki ham bo‘ladi», — deydi rangtasvir, kino va teatr dekoratsiya rassomi, «Abadiy shahar» tarixiy-etnografik majmuasi rassomi va kuratori Bobur Ismoilov.
Hududni obodonlashtirish
Turistik majmuaning 180 gektar maydoni ko‘kalamzor maydonlar bo‘ladi, ularning 10 gektari esa gazonlardan iborat bo‘ladi. Bunday miqyosdagi sun’iy bog‘ hali Markaziy Osiyoda bo‘lmagan. Ayni paytda Yevropadan chidamli gazonlar keltirilib, mahalliylashtirish ustida ishlar olib borilmoqda.
Turistik markazni ko‘kalamzorlashtirish uchun gazon Daniyadan keltirilgan. U chidamli, tez tiklanadi. Uni odatdagi gazonlar singari 10-15 kunda emas, 21 kunda bir marta qirtishlasa bo‘ladi.
Gazonlarni sug‘orish uchun AQShning Hunter (Hanter) brendi tizimidan foydalaniladi. Bunday tizimning routerlaridan biri soatiga 1 litr suv sarflaydi. Bu esa soatiga minglab tonna suv iqtisod qilinishini anglatadi.
Samarqand turistik markazining bosh agronomi Yorqin Hojiyevning aytishicha, turistik markazda unikal park zonasini yaratish maqsadida 15 mingdan ziyod keng bargli, 6 mingta ninabargli, 4400 ta doimiy yashil daraxtlar keltirildi. Daraxtlarning aksariyat qismi Italiyadan keltirilgan. Ular ulkan dendrariyda mahalliy iqlimga moslashtirildi. Daraxtlar o‘tqazilgach, har bir daraxt ostiga mikrosug‘orish tizimi o‘tkaziladi.
Qayd etish joizki, park barpo etilgach, turli vaqtlarda turli daraxtlar gullashi bilan ranglar uyg‘unligidagi manzara ham hosil bo‘ladi. Ya’ni har bir daraxtni o‘tqazishda ularning qay vaqtda qanday gullashi ham e’tiborga olingan. Ya’ni turistik kompleksining park zonasi O‘zbekistondagi birinchi va yagona o‘ziga xos dendropark bo‘ladi.
Mahalliy daraxtlardan esa parkda anjir, anor, majnuntol, tut daraxtlari ekiladi. Birgina anjir bog‘i uchun 2,5 gektar joy ajratiladi.
Daraxtlar va gazonlardan tashqari, Silk Road Samarkand majmuasidagi 4 yulduzli Lia! by Minyoun Stars of Ulugbek hotelida vertikal park hosil qilinadi.
Garchi shaharning chetida barpo etilayotgan esa-da, majmuaga transport bilan osongina yetib borish mumkin. Majmua tomonga Usta Umar Jo‘raqulov ko‘chasi orqali tarixiy markazdan 20 daqiqada, xalqaro aeroportdan 15 daqiqada, temiryo‘l vokzalidan 25 daqiqada kelish mumkin.
Qurilgan ushbu obektlar xalqaro turizm jabhasida ko‘hna Samarqand shahrining yangicha tashrif qog‘ozi bo‘lish bilan birga, ajdodlarimizning bebaho madaniy va ma’rifiy merosining bugungi zamonaviy arxitektura bilan mushtarakligini ta’minlaydi. U nafaqat xorijlik sayyohlarga, eng avvalo, har bir O‘zbekistonlikka xizmat ko‘rsatadi. Va albatta, Samarqandning jahon uzra dovrug‘ qozongan nomini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Shuhrat Shokirjonov, jurnalist
Tasvirchilar: Jahongir Aliboyev, Faxriddin Hotamov
Montajchi: Jahongir Aliboyev
Mavzuga oid
23:25 / 09.11.2024
Samarqandda Qurolli kuchlar xizmatchisi, soliqchi, Milliy gvardiya va kadastr xodimlari pora bilan ushlandi
15:06 / 01.11.2024
Samarqand viloyatida isitish mavsumi 1 noyabrdan boshlandi
10:59 / 25.10.2024
Samarqand viloyati aholisi 4,3 mln kishiga yaqinlashdi
15:49 / 02.10.2024