Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Buni shu yerda o‘zimiz hal qilib olamiz». Poroshenko Putinning siyosiy boshpana berish taklifiga javob qaytardi
Ukrainaning sobiq prezidenti Petro Poroshenko Vladimir Putinning Rossiyada siyosiy boshpana berish bo‘yicha taklifiga javob qaytardi. Vatanida Rossiya foydasiga xiyonat qilish va terrorizmni qo‘llashda ayblanayotgan Poroshenko Rossiya hukumati ukrainalik siyosatchilar uchun qayg‘uradigan zamonlar o‘tgani haqida aytdi.
«Bizning jamoa bir necha bor Ukrainada yevropaparast muxolifat ta’qib qilinayotgani haqida, [prezident] Zelenskiy, Putinga sovg‘a tayyorlashni xohlayotgani haqida ma’lum qilgan. Hozir buni Putinning o‘zi ham tasdiqlagan», - deydi Poroshenko.
U Zelenskiyga Putinni xursand qilishni bas qilish va mamlakat himoyasiga kirishishni, barcha sa’y-harakatlarini aynan shu yerga yo‘naltirishni maslahat bergan.
U Putinga murojaat qilar ekan, «ukrainlarning o‘zi, shu yerda, Ukrainada hal qilishi»ni tushunishni maslahat berdi.
«Vladimir Vladimirovichga (Putinga) bu masalani o‘zimiz, Ukrainada hal qilishimizni tushunishni maslahat beraman. Rossiyaning Ukraina siyosatiga qayg‘urish amaliyotiga allaqachon chek qo‘yilgan. Bu men Ukraina prezidenti etib saylangan paytimda [2014 yilda] to‘xtagan», degan Poroshenko.
Putin nima degandi?
Dushanba kuni kechqurun Vladimir Putin Moskvada Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashuv o‘tkazdi. Besh soatdan ortiq vaqt davom etgan muzokaralardan keyin ular qo‘shma matbuot anjumanida ishtirok etdi va Putin matbuot anjumani davomida Poroshenkoga Rossiyadan siyosiy boshpana taklif etish haqida gapirdi.
«O‘z vaqtida, janob Poroshenko hali Ukraina prezidenti ekanida men unga, agar unda kelajagi bo‘yicha qandaydir muammo yuzaga kelsa, Rossiya unga siyosiy boshpana taqdim etishga tayyor ekanini aytgandim. O‘shanda u bu masala bo‘yicha menga kinoya qilgandi. Donbassdagi masalaga yechim topish bo‘yicha o‘zaro kelishmovchiligimiz borligiga qaramay, bugun men o‘z taklifimni yana bir bor takrorlashni istardim», deya Putinning so‘zlarini keltirgan «Interfaks».
«Men u bu yo‘nalishda ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘ygan, deb hisoblayman. Ammo baribir uning davlat jinoyatchisi sifatida ta’qib etilishi, menimcha, amaldagi rahbariyatning o‘zini ko‘rsatish uchun haddan tashqari urinishidir. Biz janob Poroshenko kabilarga Rossiyadan boshpana berishga tayyormiz», - deya davom etgan Rossiya prezidenti.
Poroshenkoga qarshi jinoiy ish
Ukraina hukumati Petro Poroshenkoni terrorizmni moliyalashtirish va davlatga xiyonatda, shuningdek terrorchilik tashkiloti tuzishda ayblamoqda va unga 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tahdid qilmoqda.
Tergovchilarning hisoblashicha, 2014 yilda u rusparast siyosatchilar, Putinning cho‘qintirgan otasi Viktor Medvedchuk va boshqa shaxslar bilan kelishgan holda Ukrainaga Janubiy Afrikadan ko‘mir olib kelish bo‘yicha shartnomani bekor qilib, yonilg‘ini Donbassdagi tan olinmagan respublikalardan sotib olishni tashkillashtirgan.
Kiyevning Pecherskiy sudi siyosatchiga nisbatan shaxsiy majburiyat ko‘rinishidagi ehtiyot chorasini tanladi, shuningdek, undan chet elga chiqish pasportlarini topshirishni buyurdi. Sobiq prezident esa o‘z aybini rad etib, unga qarshi jinoiy ishni siyosiy motivlarga ega deb atamoqda.
2014 yilda Yevromaydan g‘olib kelishgach, Rossiya Ukrainaning sobiq prezidenti Viktor Yanukovichga siyosiy boshpana bergandi. Ukrainada Yanukovichga nisbatan ham bir necha jinoiy ishlar ochilgan, jumladan u davlatga xiyonatda ayblangan. 2020 yilda Yanukovich davlatga xiyonat qilishda va «Ukrainaga qarshi tajovuzkor urush olib borishda hamkorlik»da aybdor deb topilgan, uni sirtdan 13 yillik qamoq jazosiga hukm etishgan.
Mavzuga oid
08:29 / 18.06.2026
Putinga yaqin deb hisoblangan biznesmen qamoqqa olindi
10:45 / 16.06.2026
Zelenskiy Putinga G7 sammitida uchrashuv o‘tkazishni taklif qildi
08:59 / 15.06.2026
Zelenskiy G7 sammitida Tramp bilan uchrashishini ma’lum qildi
10:02 / 13.06.2026