O‘zbekiston | 21:50 / 08.02.2022
13211
3 daqiqa o‘qiladi

Vodiy viloyatlariga elektr energiyasi barqaror yetkazilishi ma’lum qilindi

Energetika vazirligi iste’molchilarning elektr ta’minotida uzilish sezilmasligini ma’lum qilgan.

Foto: AP

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ 8 fevraldan 9 fevralga o‘tar kechasi viloyatlarga tungi soat 00:00 dan ertalab soat 05:00 gacha cheklovlar kiritilishi sababli Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida elektr ta’minoti to‘xtatilishi to‘g‘risida tarqalgan xabarlar noto‘g‘riligini ma’lum qildi.

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ tasarrufidagi Milliy dispetcherlik markazining ma’lum qilishicha, Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasini 500 kV kuchlanishli elektr tarmog‘iga tutash qismida ta’mirlash ishlari olib borilayotganidan foydalanib, ushbu havo tarmog‘ida ayrim ta’mirlash ishlari (eski rusumdagi izolyatorlarni yangi, zamonaviy izolyatorlarga almashtirish) ishlari olib boriladi. Biroq mazkur havo tarmog‘ining ta’mirga chiqarilishi Farg‘ona vodiysi iste’molchilarining elektr ta’minotiga ta’sir ko‘rsatmaydi», deyiladi AJ matbuot xizmati xabarida.

Xabarda aytilishicha, yuqori kuchlanishli havo tarmoqlari o‘zaro halqalangani bois Farg‘ona vodiysi iste’molchilariga boshqa yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari orqali elektr energiyasi yetkazib beriladi.

«Ta’mirga chiqarilgan tarmoqning yuklamasi boshqa yuqori kuchlanishli tarmoqqa tushishi oqibatida cheklovlar kiritilmasligi uchun (!) ushbu ta’mirlash-tiklash ishlari elektr ta’minoti tunning keskin kamaygan paytida, ya’ni yarim tunda amalga oshiriladi», deya ta’kidlangan xabarda.

Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlari iste’molchilarining elektr energiyasi ta’minoti ishonchliligini yanada oshirish maqsadida 500 kVli elektr uzatish tarmog‘i hafta davomida, tunda ta’mirlanishi rejalashtirilgan.

«Ushbu ishlar tunda soat 00:00 dan 04:00 gacha (4 soat muddatda) 70 metr balandlikda olib borilishini, bunda iste’molchilarning elektr ta’minotida uzilish sezilmasligini ma’lum qilamiz.

Hurmatli iste’molchilar, ushbu rejalashtirilgan ta’mirlash ishlari yomg‘irli ob-havo bo‘lganligi sababli, 8-9 fevral kunlari amalga oshirilmaydi», deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida. 

Xabarda aytilishicha, ta’mirlash ishlari amalga oshirilishidan avval iste’molchilar bundan xabardor qilinadi.

UPD: Avvalroq Kun.uz «Andijon HeTK» AJ matbuot xizmati xabariga asoslanib, ta’mirlash ishlari olib borilishi tufayli Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilishi haqida xabar qilgandi. 

«Sirdaryo issiqlik energo-stansiyasi bilan podstansiya O‘zbekiston orasidagi L-503 500 kVli havo tarmog‘i ta’mirga chiqayotganligi sababli Farg‘ona vodiysidagi barcha viloyatlarga tungi soat 00:00 dan ertalab soat 05:00 gacha cheklovlar kiritiladi», deyilgandi xabarda.

Ayni vaqtda «Andijon HeTK» AJ matbuot xizmati bu xabarini o‘chirib yuborgan.

Mavzuga oid