Jamiyat | 14:37 / 09.02.2022
11832
8 daqiqa o‘qiladi

«Buxorocha kompensatsiya» - hovlisi buzilgan oilalarga 4 yildan buyon yer maydoni ajratib berilmayapti

Buxoro shahrida 2018 yili ko‘p qavatli uylar qurilishi uchun hovlilari «snos» qilingan uch oilaga hamon buzilgan uylari evaziga va’da qilingan yer uchastkalari berilmay kelmoqda.

Buxoro shahridagi Taraqqiyot ko‘chasida barpo etilgan ko‘p qavatli uylar eng avvalo, muammolarni yashiruvchi devor, ko‘zbo‘yamachilik uchun qilingani oydinlashmoqda. Chunki ko‘chadan turib qaralganda hamma ish joyidadek ko‘rinsa-da, uylarning ko‘chadan ko‘zga tashlanmaydigan old qismida chigal muammolar qalashib yotibdi.

Shaharning amaldagi rahbarlari esa oldingi rahbarlardan meros bo‘lib qolgan muammolarni hal qilishga shoshmayapti. O‘rtada insonlarning qadri toptalyapti, vaqt va asab sarflanyapti.

Hozir Taraqqiyot ko‘chasi nomini olgan manzilda uyi «snos» qilingan ayollardan biri uch yildirki buzilgan uyi evaziga na uy, na pul, na yer uchastkasi ololgan. Bu muammoga duch kelgan yolg‘iz u emas ekan. Qolgan ikki ayolga kvartira berilgan bo‘lsa-da, ularga ham shahar hokimligi tomonidan va’da qilingan yer uchastkalari ajratilmay kelmoqda.

Vaziyatga baho bering: birovning ko‘cha yoqasida joylashgan hovlisini buzib, o‘rniga xususiy tadbirkor ko‘p qavatli uy ko‘tarmoqda. Hovlisi buzilganlarga faqat yangi qurilgan «dom»dan «korobka» kvartira va’da qilinmoqda. Kim rozi bo‘lardi bunaqa almashishga?

Gulbahor Sultonova

48 yoshli Gulbahor Sultonovaning Kogon shossesi bo‘yidagi, Gidrogeolog ko‘chasida joylashgan 280 kvadrat metr maydonga ega uyi Buxoro shahar hokimligining 2018 yil 18 iyundagi qarori bilan buzilgan. Uy o‘rni va hovli ko‘p qavatli turar joy binosi qurish uchun «Mahmud Muhammad qurilish» MChJga ajratib berilgan.

G.Sultonova yer uchastkasini xarid qilgach, u yerda kattaroq va yangi ikki qavatli imorat ko‘tarayotgan edi. Biroq binoning ikkinchi qavati tugallanmay uy buzilishga tushadi. Yer maydonidagi qurilishi bitmagani uchun, uyining yangi xonalarini hali kadastrda rasmiylashtirishga ham ulgurmagan ekan.

«Marhum shahar hokimi Karim Jamolvich Kamolov «opa, ikkilanmay buzavering, hammasining o‘rni qoplanadi deb va’da bergan edi. Biz shahar hokimi va’dalariga ishonib qarshilik ko‘rsatmasdan uyimizni quruvchiga buzib berdik. Hatto eski materiallarni olishga ham ulgurmadik», — deydi Gulbahor Sultonova.

Ayolning uyi o‘rnida ko‘p qavatli turar joy qad rostlagan. Unga quruvchi 3 xonali uy berishga tayyor. Biroq Gulbahor opa buzilgan uyi o‘rniga yer maydoni ololmay sarson. Hozir unga tegishli uyining bittagina xonasi saqlab qolingan. U yerga buzilgan uyidagi buyum va anjomlarni solib qo‘ygan. Shu uychaga ham derazadan o‘g‘ri tushib, uning ayrim qimmatbaho buyumlarini o‘g‘irlab ketibdi.

Gulbahor opaga uyi buzilishi asnosida barcha narsani va’da qilgan rahbarlarning ayrimlari olamdan o‘tgan, ayrimlari esa ishdan bo‘shagan. Biroq 2021 yil 5 may kuni shaharga tayinlangan yangi hokim Jamol Nosirov Buxoroi sharifning eski hokimlari hal qilmagan muammoni yechmoqchi emas. U bu hududga qadamini ham bosmagan.

Gulbahor Sultonovaning hikoya qilishicha, unga buzilgan uyi atrofida qurilgan yangi ko‘p qavatli turar joylardan 3 xonali kvartira, yana shaharning boshqa qismidan 4 sotix yer maydoni va’da qilingan.

Shaharning avvalgi hokimi O‘tkir Jumayev buzilgan uy evaziga maydoni 86 kv.m. bo‘lgan yangi 3 xonali kvartira va 4 sotix yer maydoni ajratib berish masalasida notarius oldida kelishuv shartnomasi tuzishga rozi bo‘lgan, uni imzolash uchun 1 yil bormay yurgan, yakunda shartnoma imzolanmagan va shaharda hokim almashgan. Yangi hokim Jamol Nosirov esa faqat kvartira berish bilan cheklanib, kompensatsiya uchun 4 sotix yer uchastkasi ajratib berishdan bo‘yin tovlamoqda.

Avvalgi hokim bilan imzolanmagan kelishuv shartnomasi

Hozir G.Sultonova quruvchi unga 3 xonali uy berishga tayyorligini, biroq shahar hokimligi tomonidan qog‘oz berilishi lozimligi, aks holda uyning soliqlari va boshqa to‘lovlari uchun 45 mln so‘mni ham o‘zi to‘lashga majbur bo‘lishini aytmoqda. Shahar hokimi esa ham yer, ham kvartira bermoqchi emas, faqat kvartira berish bilan qutulmoqchi. O‘sha kvartirani ham hokimlik emas, quruvchi beradi.

«O‘g‘illarim ulg‘ayib qoldi, men hovlimda ikki o‘g‘limga kelin tushirsam bemalol sig‘ib yashay olardim, yangi imorat ko‘tarayotgandim. Hozir berishmoqchi bo‘lgan kvartirada men oilam bilan qanday sig‘aman?» — deydi Gulbahor Sultonova.

Bu yerda qurilgan uchta ko‘p qavatli uyning har birida mana shunday muammolar girdobida qolgan uch oila bor ekan. Ya’ni yangi ko‘p qavatli uy qurish uchun uchta hovli buzilgan. Oilalarning ikkitasiga kvartira berilgan, va’da qilingan yer uchastkasi esa hanuz paysalga solib kelinmoqda.

Shunday «kuygan»lardan yana biri Latofat Qalandarova. U Gulbahor Sultonovaning devor darmiyon qo‘shnisi bo‘lgan. Hozir u ikki farzandi bilan shu yerdagi yangi «dom»da quruvchi ajratib bergan ikki xonali kvartirada yashamoqda.

Latofat Qalandarova

«Kompensatsiya berishgani yo‘q. Faqat quruvchi ikki xonali kvartira berdi. Buzilmay turgan uyning bir qismi meniki. Evaziga yer uchastkasi berishni va’da qilishgan, hamma hujjatlarni imzolashgan, lekin haligacha bermay kelishyapti. Sayyor qabulga boraverib, boraverib, va’dalarni eshitaverib, eshitaverib charchadik. «O‘lma eshagim, arpa pishar», qabilida ish ko‘rishmoqda shahar rahbarlari», — dedi Latofat Qalandarova.

Eng qizig‘i, «dom»lar oldida hovli, bolalar maydonchasi qurilishi uchun Gulbahor opa tezroq rozi qilinib, uyning qolgan qismi tezroq «snos» qilinishi kerak.

Ayni paytda Gulbahor opa ikki farzandi bilan o‘zi tug‘ilgan ota uyida yashamoqda. Gulbahor opaning turmush o‘rtog‘i tojikistonlik ekan. O‘zi uzoq vaqt qo‘shni davlat bilan chegaralar yopiq turib, oila, farzandlar hijronda yashashgan. Chegaralar ochilganidan ko‘p o‘tmay, pandemiya boshlanib, yana otaning Buxoroga kelishi qiyinlashgan. Qolaversa, ota bu yerga kelgani bilan oila alohida yashashi uchun sharoit yo‘q.

Murojaatchilarning gaplaridan, Buxoro shahrining ayni paytdagi hokimi Jamol Nosirov ayolga «muammoni men yaratmaganman, men bilmayman», deb qutulishga harakat qilmoqda. Lekin shaharda hokim o‘zgargani bilan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari o‘zgargani yo‘q, hukumat qarorlari ham amalda.

Gulbahor Sultonova agar buzilgan uyi evaziga yer maydoni ajratish shahar hokimligiga qiyinchilik tug‘dirayotgan bo‘lsa, ochig‘i hech bo‘lmasa yana bitta ikki xonali kvartira berishlarini istamoqda. Farzandlaridan biri uysiz qolmasligi uchun.

Jamol Nosirov va mutasaddilar Gulbahor Sultonova va shu manzilda yashab, kompensatsiya uchun yer maydoni olomayotgan yana ikki ayolning muammosini sinchiklab o‘rganib, ularni rozi qiladigan yechim topa oladi, degan umiddamiz. Chunki, 2022 yilda inson qadrini ulug‘lash bosh shior qilib olingan. Ishlar esa shiorga mos bo‘lishi kerak.

Biz masala yuzasidan Buxoro shahri hokimligidan rasmiy munosabat kutib qolamiz va birgalikda voqealar rivojini kuzatib boramiz.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist
Montajchi: Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid