Jamiyat | 13:21 / 09.02.2022
29462
15 daqiqa o‘qiladi

«Egilib paxta terishdan qutulgan o‘qituvchilar egilib uzr so‘rashga majburlanmoqda» – internet faollari o‘qituvchilarning uzrxonligi haqida

Andijonda o‘qituvchilarning ota-onalardan uzr so‘rashga majburlanishi keng jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘ldi. Respublika ta’lim markazi direktor o‘rinbosari Isroil Tillaboyev hokimlarni maktablarning ta’mirini qilib, sharoit yaratib berishga, ta’lim jarayoniga aralashmaslikka chaqirdi. Bloger Aziza Qurbonova Marhamatda sodir bo‘lgan voqea calla desa kallani ko‘tarib kelishdan, ko‘zbo‘yamachilik va laganbardorlikdan darak berishini ta’kidladi.

Foto: Kun.uz

«Siz sharoit yaratib bering, qolganiga aralashmaganingiz yaxshi!»

Isroil Tillaboyev, Respublika ta’lim markazi direktor o‘rinbosari, Isroil Tillaboyev blogi Telegram-kanali muallifi:

«Prezidentimiz hokimlar maktab ta’miriga, moddiy texnik bazasiga javob berishini ta’kidlaganlar. Maktab ta’limi ichki ishiga, ta’lim sifatiga, ta’lim mazmuniga birgina organ javob beradi: Xalq ta’limi vazirligi!

Marhamat tumani hokimi (boshqa hokimlarga ham shu gap), shu paytgacha o‘z tumaningizdagi maktablarga qanday moddiy yordam bergan edingiz, o‘qituvchiga mahalliy jamg‘armangizdan qaysi biriga ustama joriy qilgansiz, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun maktablaringizga qancha mablag‘ berdingiz, olimpiada g‘oliblari uchun mahalliy jamg‘armangizdan nima berdingiz, o‘z tashabbusingiz bilan qanday tanlov o‘tkazdingiz, qaysi kam ta’minlangan o‘quvchilarning o‘quv qurollariga homiylik qildingiz, o‘qituvchilaringiz turli kurslarda o‘qishiga qancha pul ajratdingiz, nechta maktabning o‘qituvchi va o‘quvchilariga homiylik va yoki mahalliy budjetingiz hisobidan stipendiya tashkilladingiz, eng yaxshi natija ko‘rsatgan maktabingiz o‘qituvchilarini sanatoriyaga jo‘natdingizmi, maktab ta’lim tizimining nechta normativ hujjatini bilasiz, ota-onalarni ta’limga jalb qilish uchun nima qildingiz?

Oxirgi savolim, nega shu ishlaringizni prezidentimiz aytgandan keyin boshlab yubordingiz? Ungacha Marsdamidingiz?

Siz maktab ta’mirini qilib sharoit yaratib bering, qolganiga, ta’lim pedagogikasini, ta’lim sifatini oshirishga tushunmaganingizga yarasha aralashmaganingiz yaxshi!»

«Egilib paxta terishdan qutulgan o‘qituvchilar egilib uzr so‘rashga majburlanmoqda»

Aziza Qurbonova, “Mikrofon ko‘targan ayol” Telegram-kanali muallifi:

«Shu oxirgi kunlarda prezident 2-3 marta ta’limni isloh qilish, o‘qituvchi obro‘yi va shu bilan birga malakasini oshirish, yoshlar bilan ishlash haqida taqdimotlar va yig‘ilishlarda ko‘p gapirdi. Masalan, o‘tgan hafta prezident «maktab — davlatning binosi, coat 4 dan keyin eshigini qulflamay, kutubxonasini ochib bersin, cportzalini ochib qo‘ysin, kechqurun maktab yaqinidagi mahallada yashaydigan, o‘qimaydigan-ishlamaydigan yoshlar, kattalar ham chiqib bulardan foydalansin, to‘garaklar ochinglar, biror ma’nili odamni suhbatga chaqiringlar (oldinlari bo‘lardi-ku, gulxan atrofida dildan gaplashishlar — replika tarzida aytilgan fikr) hozirgi yoshlarni ilhomlantiradigan g‘oyalar o‘ylab, yoshlarga hayot tajribalarini o‘rtoqlashadigan, biror narsaga qiziqishini oshiradigan, ruhini ko‘taradigan uchrashuvlar qilib beringlar, bolalarimiz ko‘chada bekor yurmasin...” degan fikrlarni aytgandi. Eshitib o‘tirib, “to‘g‘ri gap, qishloqqa borsang 7 dan keyin hayot zulmatga chekinadi, yoshlar borishiga biror yorug‘ joy yo‘q, to‘p-to‘p bo‘lib choldevor tagida sigaret (gohida qo‘lbola nashani o‘rab) tutatib o‘tirgan bo‘ladi», degan fikrlar o‘tgandi o‘zimdan.

Ko‘p kuzataman, biror fikr aytildimi, ikki-uch kun o‘tmay aks-sado Andijondan keladi. Doimgidek «xoteli kak luchshe, a poluchilos kak vsegda» shaklida. Doimgidek, eng tushunarsiz va tayyorgarliksiz, ko‘r-ko‘rona, majburlangan mazmunda. Menimcha, har qanday topshiriqni kiprik qoqmay, fikr qilmay, tahlil qilmay, hech bir strategiyasiz bajarish, calla desa kallani ko‘tarib kelish – noqobillikdan, ko‘zbo‘yamachilik va laganbardorlikdan darak.

Prezident «ta’lim sifati past 84 ta maktabning birorta bitiruvchisi o‘qishga kirmagan, nega hisobdorlik yo‘q, qani natija?» deganida hech kimga, ayniqsa Andijon rahbarlariga o‘qituvchini xor qilib, «egiltirib uzr so‘rat» demagan.

Bular o‘sha selektorlarda nimalarni yozib olarkin daftariga va tor «aql»iga? Suratni ko‘rganingga uyalib ketasan kishi... Qachongacha bunaqa tuturiqsiz ishlar davom etadi?

O‘qituvchilar uzr so‘radi, tilxat yozdi — nima o‘zgaradi? Ertasidan maktabdagi dars Oksfordning leksiyasi bo‘lib qoladimi? Yo shu yilda bitiruvchilarning hammasi o‘qishga kirib ketadimi? Ta’lim sifati past bo‘lgan maktablarni ko‘tarish uchun OblONO, RayONO kabi ta’limning hududiy boshqaruvi (boshqaruv desang, odam xijolat — g‘irt byurokratik, aslida maktabga kelib pul yig‘ib ketadigan, pora evaziga maktabga direktorni tayinlab qo‘yadigan korrupsion halqasi) qanday yordam berib qo‘ygan shu paytgacha? Nima uchun vaziyatni o‘nglashga aql bilan yondashish haqida o‘ylab ko‘rishmaydi? Balki maktab o‘qituvchilarini qayta o‘qitish kerakdir? Balki o‘quvchilarni (qishloq maktablarida 7-sinfdan tepasida bolalar darsga kelmaslikni boshlaydilar – aksariyati ustaga shogird tushadi, Rossiyaga ketgan otasi to pul jo‘natguncha oilasining kuniga 30-40 ming so‘m olib keladigan yagona boquvchisiga aylanadi) maktabga qaytarish uchun boshqa choralarni ko‘rish kerakdir? E-e, gapirsang, gap ko‘p. 

Bugun hammaning dili og‘rigan kun bo‘ldi. Bitta alamli, kichkina umid ham yo‘q emas. Yo‘l bo‘yida ko‘cha supurgani chiqib, o‘lib ketgan camarqandlik o‘qituvchi Diana Yenikeyeva ustozlarning majburiy mehnatdan xalos bo‘lish ramzi edi, endi «boshi egiltirilgan» marhamatlik ustozlar «ko‘zbo‘yamachilik qurbonlari» sifatida bunday boshvog‘i yo‘q ishlarning to‘xtalishiga sabab bo‘lar... Shunaqa deyotganim uchun ming afsus.

Aytgancha, bugun uzr so‘rasa, Andijon shahar XTBda 57 milliardni o‘g‘irlaganlarga yarashadi: o‘qituvchidan, o‘quvchidan, shu millatning kelajagi uchun uzr so‘rab keyin 4 ta katakning ichiga kirib o‘tirsa juda yarashadi».

«O‘qituvchini yerga urib ta’limni ko‘tarib bo‘lmaydi».

HabiSatura kanali muallifi

«Hech qachon xalq aybdor emas»

Qahramon Aslanov, “Aslanovdan iqtiboslar” Telegram-kanali muallifi:

«Qayerdadir o‘qidim, Andijonda behurmat qilingan o‘qituvchilar bir oy ishga chiqishmasin, o‘z noroziliklarini bildirishsin, nima bo‘larkin, deb. Albatta, bunday bo‘lmaydi.

Kimlardir o‘qituvchilarning o‘zini ayblashi, kerak bo‘lganda, g‘ururli bo‘lishi lozimligini aytishi ham mumkin. Yo‘q. G‘ururli bo‘lish oson. Lekin mas’uliyat-chi? Tirikchilik nima bo‘ladi?

Umuman, «haq olinur, berilmas», «o‘zi shunga loyiq» degan iboralar juda mashhur. Lekin...

Hech qachon xalq aybdor emas. Bo‘lmasligi kerak. Tizim o‘z haqini bilganni ham, bilmaganni ham, aqllini ham, ahmoqni ham, olimni ham, johilni ham, jasurni ham, qo‘rqoqni ham himoya qilishi kerak.

Har bir inson kim, qanaqa bo‘lishidan qat’i nazar o‘z haqlari bilan dunyoga keladi. Bu haqlar berilmagani uchun u aybdor emas».

«Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i obro‘yi borida ishdan bo‘shashi kerak»

Shuhrat Shokirjonov, Jurnalist Shokirjonov Telegram-kanali muallifi:

«Andijon shaharda XTB rahbarlari davlatning 57 mlrd so‘mini «xapot» qilishibdi. Marhamatda tuman hokimligidan qaysi bir avliyo va mudira maktab o‘qituvchilarini uzr so‘rashga majburlatibdi.

Viloyatda o‘qituvchilar mahallalarda uyma-uy yurib, xatlov o‘tkazish uchun chiqarilmoqda. Jalaquduq, Buloqboshi, Asaka, Baliqchi va Andijon tumanlarida. Ular kechagi 6 fevral, yakshanba kuni — o‘qituvchilarning qonuniy dam olish kunida bu ishga safarbar qilingan.

Qiziq savol tug‘iladi: mahallaqo‘mlar, mahallalardagi hokim yordamchilari (Andijonda ularning ust-bosh formasi uchun qanchadir trilliard so‘m ham sarflangandi) yana nima ishlar qilarkan xatlov o‘tkazmasdan?! Davlatdan maosh oladi-ku ular?

Bu savolga javob quyidagicha: Tekin xizmatkorlar — o‘qituvchilar armiyasi turganda mahalliy hokimiyatdagilar, XTBdagilar bosh og‘ritib nima qilishadi? Ularning ta’lim tizimiga aralashuvidan ko‘zlangan maqsadi ham bitta — o‘qituvchilarning ketiga tepib tekin ishlatish. Xohlashsa, urib, xohlasa yo‘q joydan aybini topib, uzr ham so‘ratishadi.

Bunday holatda Andijon viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkamilov obro‘yi borida o‘zi ariza yozib, ishdan bo‘shashi kerak. Hoziroq, mana shu daqiqalarda!

Agar o‘z ixtiyori bilan ariza yozmaydigan bo‘lsa, Toshkentdan, vazirlikdan borib, 100-modda bo‘yicha ishdan olib tashlab, umuman shu ta’lim tizimiga yaqinlashmaydigan qilib qo‘yish kerak. Faqat birorta maktabda qorovullik shtati bo‘shab qolsagina... o‘ylab ko‘rish mumkin».

«Aybdor hokim yordamchisi va rayono mudiri bo‘ladi»

Otabek Bakirov, iqtisodchi/bloger:

«Ertalabgacha yangi yolg‘on to‘qib chiqishadi, gapimiz bir joydan chiqsin, deya bitta versiyani tanlashadi. Qasamlar ichishadi (birinchisi emas).

Aybdor hokim yordamchisi va rayono mudiri bo‘ladi. Hatto tuman hokimining xabari yo‘q bo‘ladi. Hammasi tepaga ular istagan ko‘rinishda axborot kiritilishiga bog‘liqligini juda yaxshi bilishadi.

Harakatlar risoladagidek kechsa, suvdan quruq chiqib olib, keyin uzr so‘rash kampaniyasi o‘tkazadi, har bir tumanda. Toki yana kimdir bo‘ldi-ye, to‘xtat tomoshani, yetar demagunigacha.

Jilovlanmasa butun Rossiyada qo‘rquv va nafrat uyg‘ota boshlagan Ramzon Kadirovning iste’fosi talab qilingan petitsiya change.org global platformasida bir sutkada 140 ming ovoz yig‘ibdi.

O‘zbekistonliklar va andijonliklar mamlakat qonunlarini pisanda etmaydigan Abdurahmonov iste’fosini so‘rab bunday petitsiyani amalga oshira olishmaydi, chunki change.org O‘zbekistonda bloklangan.

Agar petitsiya o‘tkazish imkoni bo‘lganidayam befoyda bo‘lardi. Qanaqadir petitsiya, OAVdagi tanqid, jamoatchilikning nafrati ham ahamiyatsiz unga. Uni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Bu odamni O‘zbekistonda faqat bitta shaxs – Davlat rahbari tiyib qo‘yishi, to‘xtatishi yo jazolashi mumkin».

«Bu – millatga qarshi qilingan o‘ta og‘ir jinoyat»

Ilyos Safarov, jurnalist:

«Bugun ta’lim sohasida ishlayotgan qay bir mulozim bilan gaplashsam, u so‘zining boshini o‘qituvchi avval ketmon ko‘targani, paxta terimi, ko‘cha tozalashiga olib chiqilgani haqidagi fikrlar bilan boshlaydi.

Ha, haqiqatda shunday sharmandaliklar ham bo‘lgan o‘zbek ta’limi tarixida. Lekin aniqki, o‘qituvchi minbarga olib chiqilib, o‘zi ta’lim-tarbiya berayotgan bolaning ota-onasidan uzr so‘rattiriladigan darajadagi sharmandalikka hech qachon tushmagan edi.

Ta’limimiz bugun kallasida ketmon, ko‘sak, pora va g‘ishtdan boshqa narsa bo‘lmagan hokimlarimiz bilan sharmandalikning ana shu bosqichini ham «zabt etdi». Yig‘la, millat.

Bilasizmi, bu – jinoyat, millatga qarshi qilingan o‘ta og‘ir jinoyat. Ana shu jinoyat tashkilotchilari esa har qanday og‘ir jazoga loyiqdir.

Yaqinda Gregoriy Petrovning Finlandiya muvaffaqiyatlari siri – fincha ta’lim tizimi va bu tizimning ijrochisi – o‘qituvchilarga bo‘lgan hurmat haqida yozilgan «Oq nilufarlar» asarini o‘qib chiqqandim. Xulosam shunday bo‘lgan: ha, ta’lim – najot. Lekin u bizdagi kabi jinoyatchi hokimlar qo‘liga topshirilar, ta’lim beruvchilar esa mana bu ko‘rinishda sharmanda qilinaverar ekan, ishoning, hech qachon najot topmaymiz».

“Hech kimning haqqi yo‘q”

Feruza Madrahimova, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti prorektori:

“Bu xabarni o‘qib achindim, juda ta’sirlandim. O‘qituvchilar nufuzini, obro‘sini oshirish bo‘yicha katta ishlar boshlangan bir paytda ayrim “piar”ga o‘ch insonlar bilib-bilmay nimalar qilishmoqda.

Yerga qarab turgan ustozlar... Ehh...

Hayotim, faoliyatim o‘qituvchilar bilan bog‘liq. Pedagoglar tayyorlaydigan oliy dargohda ishlayman, o‘qituvchi oilasida katta bo‘lganman, o‘qituvchining hayotini bilaman, ichini his qilaman. Aslida ustozning qadrini yerga urishga hech kimning haqqi yo‘q, bu – davlat siyosatiga qarshi harakat”.

Marhamatda nima bo‘lgandi?

Kun.uz saytiga kelgan murojaatga ko‘ra, 4 fevral kuni Andijon viloyati Marhamat tumani 72-IDUM o‘qituvchilari o‘quvchilarning oliygohlarga kirish ko‘rsatkichi pastligi uchun ota-onalar qarshisida kechirim so‘rashga majbur qilingan.

Manba so‘zlariga ko‘ra, direktor boshchiligida sahnaga chiqarib qo‘yilgan o‘qituvchilar hokimlik vakillari topshirig‘iga binoan bosh egib, «biz aybdormiz», deb ota-onalardan kechirim so‘rashgan.

Ro‘y bergan voqea ortidan Andijondagi mas’ul shaxslar birin-ketin munosabat bildirishib, pedagoglardan uzr so‘rashdi. 

Xalq ta’limi vazirligi uzrbozlik yig‘ilishi bo‘yicha o‘tkazilgan tekshirish jarayonida to‘plangan materiallarni Bosh prokuraturaga yubordi.

Mavzuga oid