Avvalroq iqtisodchi Yuliy Yusupov avtomobilsozlik monopoliyasi tufayli qancha yo‘qotilayotganini aytgan edi. Kuni kecha «O‘zavtosanoat» rahbari o‘rinbosari Azizbek Shukurov ham o‘z fikrini bildirdi.
«Yuqori bojxona to‘lovlaridan tashqari, avtomobillar olib kirishda, sohada sog‘lom raqobat muhitini yaratishda yana bir jiddiy to‘siq mavjud. Gap notarif to‘siqlar haqida bormoqda. Ulardan asosiysi - mahalliy sertifikatlash organlaridan sertifikat olish zarurati. Bunday sertifikatlashdan mamlakatga olib kirilayotgan barcha avtomobillar, jumladan, jahon avtomobil ishlab chiqaruvchilarining tekshirilgan va qayta tekshirilgan, sinovdan o‘tkazilgan va qayta sinovdan o‘tgan hamda barcha zarur tasdiqlovlarga ega bo‘lgan brendlari ham o‘tishi kerak. Ya’ni, gap iste’molchi va budjet manfaatlari nuqtayi nazaridan nafaqat ma’nosiz, balki o‘ta zararli jarayonlar haqida bormoqda, ular avtomobil narxining sezilarli darajada oshishiga olib keladi va ham iste’molchining cho‘ntagiga, ham davlat daromadiga salbiy ta’sir qiladi», degandi avvalroq iqtisodchi.
Shukurov dunyoning avtomobilsozlik sanoati mavjud qaysi davlatida sertifikatlashtirish talablari yo‘qligini so‘radi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «O‘zstandart» BMT YeIK sertifikatlarini tan oladi, biroq Xitoy va AQSh bunday sertifikatlarni tan olmaydi hamda o‘zining talablari uchun sertifikat talab qiladi.
Iqtisodchi iqlim bo‘yicha sinovlar haqida gapirdi, biroq «O‘zavtosanoat» kompaniyasi vakili jismoniy shaxslar tomonidan avtomobillar olib kirilayotganda bunday sinovlar o‘tkazilmasligini aytdi.
Iqtisodchining fikriga ko‘ra, bitta sertifikat o‘rtacha 51 300 yevroga tushadi.
«Avtomobil markasining ommabop bo‘lishi o‘rtacha uch yil davom etadi. Bu davrda, yuqori yakuniy narxlar hisobga olinsa, importyor O‘zbekistonda ko‘p avtomobil sota olmaydi. Aytaylik, bitta sertifikat bo‘yicha (eslatib o‘taman, ma’lum bir dvigatelga ega ma’lum bir markadagi avtomobil uchun berilgan) uch yil ichida o‘rtacha 20 ta mashina sotish mumkin. Bitta o‘rtacha avtomobilning narxi 2 565 yevroga oshishi kerak (51 300/20). Ayni paytda, jismoniy shaxs uchun sertifikatlash har bir avtomobil uchun 3,5-4 million so‘mni tashkil etadi», — dedi Yusupov.









