O‘zbekiston | 09:02 / 10.02.2022
4052
3 daqiqa o‘qiladi

Xorazmni Qoraqalpog‘iston bilan bog‘lovchi ko‘prik qurilishi qaysi bosqichda?

Foto: Transport vazirligi

Transport vazirligi Xorazm viloyatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan bog‘lovchi ko‘prik qurilishining ayni holati haqida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning «Ko‘prikqurilish» tresti” UK tomonidan Xorazm viloyatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan bog‘lovchi, Amudaryo ustidan o‘tadigan yangi temiryo‘l va avtomobil yo‘li qo‘shma ko‘prigini qurish ishlari davom ettirilmoqda.

Bugungi kungacha loyihada ko‘rsatilgan 80,2 kilometrlik uchastkada rejaga ko‘ra yo‘lsozlar tomonidan umumiy yer ishlari yakuniga yetkazilgan. Hozirda qurilish maydoniga 115ta zamonaviy texnika hamda 240 nafarga yaqin mutaxassis jalb etilgan.

Mutaxassislar tomonidan “Shovot – Gurlan – Jumurtau – Koybakli” temiryo‘l liniyalari oralig‘ida jami 4514,20 ming m³ ko‘tarma tuproq ishlaridan 4059,4 ming m³ (94 foiz) ish hajmi amalga oshirilgan.

Umumiy 80,2 kilometr temiryo‘l izlari yotqizish ishlaridan 14,2 kilometri (16 foiz) bajarildi. Sun’iy suv o‘tkazgich inshootlari konstruksiyalari ishlab chiqarilib, umumiy 233ta sun’iy suv o‘tkazgich inshootlaridan 162tasida (69 foiz) qurilish-montaj ishlari amalga oshirildi. Temir-beton ko‘priklardan bittasi qurib bitkazildi, 4tasida qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.

Loyihaga ko‘ra dastlab Qorao‘zak tumanidan Amudaryo va Gurlan tumanlari orqali Shovot tumanigacha umumiy uzunligi 80,2 kilometr bo‘lgan temiryo‘l liniyasini qurish hamda shu oraliqdagi 3ta qo‘riqlanadigan va 24ta qo‘riqlanmaydigan temiryo‘l kesishmasini qurish belgilangan.

Shuningdek, 4ta avtoyo‘l o‘tkazgichini, 9ta ko‘prikni hamda 25 kishiga mo‘ljallangan 1 dona, 50 kishilik 2ta temiryo‘l vokzalini bunyod etish, yana bitta temiryo‘l va avtomobil yo‘li qo‘shma ko‘prigi hamda boshqa temiryo‘lga texnik xizmat ko‘rsatish bino va inshootlarini qurish ko‘zda tutildi. 

Asosiy qo‘shma ko‘prikning uzunligi 413 metr bo‘lib, eni 8 metr, har bir oralig‘i 66 metrdan iborat. Loyiha bo‘yicha 7ta ustun va 6ta oraliq bo‘ladi.

Ayni paytda daryoning ikki sohilida ham qurilish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Chap va o‘ng qirg‘oqda bo‘lajak inshootning ustunlari bosqichma-bosqich o‘rnatilmoqda. 7ta ustunning har biriga 35ta quvur qoqilib, yer sathidan 38 metr chuqurlikda bo‘lmoqda.

Mavzuga oid