Jahon | 14:48 / 11.02.2022
16765
3 daqiqa o‘qiladi

Bayden amerikaliklarni Ukrainani zudlik bilan tark etishga chaqirdi

Bayden Ukrainadagi amerikaliklarga murojaat qilib, ularni mamlakatni «hoziroq» tark etishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington Ukrainaga qo‘shin jo‘natmaydi, chunki bu jahon urushiga olib kelishi mumkin.

Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainada bo‘lib turgan amerikaliklarni mamlakatni tark etishga chaqirdi.

«Amerika fuqarolari hoziroq ketishlari kerak... Biz terrorchilik tashkilotiga qarshi kurashmayapmiz, ammo dunyodagi eng yirik armiyalardan biri haqida gap ketyapti. Bu umuman boshqa masala va qisqa vaqt ichida barchasining oyog‘i osmondan bo‘lishi mumkin», dedi Bayden NBC News telekanaliga bergan intervyusida.

Shu bilan birga, AQSh prezidenti Vashington Ukrainaga qo‘shin jo‘natishi ehtimoli bilan bog‘liq ssenariyni rad etgan. Bayden bilan suhbatlashgan muxbir undan AQSh qanday holatda Ukrainaga o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilish uchun qo‘shin yuborishi haqida savol bergan. 

«Hech qanday holatda. Amerikaliklar va ruslar bir-biriga qarshi o‘q uza boshlasa, bu jahon urushi bo‘ladi», degan Bayden.

Bayden amerikaliklarning Ukrainani tark etishi oqilona qaror bo‘lishini ta’kidlagan.

Bir kun oldin, 10 fevral kuni AQSh Davlat departamenti mamlakat fuqarolarini «Rossiya harbiy harakatlarining xavfi ortib borayotgani va COVID-19» sabab Ukrainaga bormaslikka chaqirib, avvalgi ogohlantirishini yangilagandi. «Agarda Ukrainada qoladigan bo‘lsangiz, Rossiya tomonidan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan harbiy harakatlardan, ehtimoliy jinoyatchilik, tartibsizlik va potensial harbiy ziddiyatlarda yuqori darajada ehtiyotkorlikka rioya qiling. Ayrim hududlar xavf darajasi yuqori bo‘lgan zonalar hisoblanadi», deyiladi Davlat departamenti xabarida.

Ayni vaqtda Ukrainada bo‘lib turgan amerikaliklarga tijoriy yoki shaxsiy transportda zudlik bilan mamlakatni tark etish tavsiya etilgan.

Yanvar oyi oxirida mazkur idora Amerikaning Kiyevdagi elchixonasining barcha xodimlarining oila a’zolariga Ukrainani tark etish bo‘yicha topshiriq bergandi. Buning ortidan Avstraliya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada va Yaponiya kabi mamlakatlar ham Ukrainadagi elchixonalaridagi xodimlarining bir qismini evakuatsiya qilishga kirishdi.

  • 2021 yil kuzida Rossiya Ukraina chegaralari yaqinida qo‘shin to‘play boshladi, shu tufayli G‘arb mamlakatlari rossiyaliklarning bosqini ehtimoli haqida ogohlantir boshladi. G‘arbdagilarning baholariga ko‘ra, ukrain chegaralari yaqiniga 100-125 ming rossiyalik harbiy olib kelingan. RF hukumati qo‘shinlarning ko‘chirilishini harbiy mashg‘ulotlar bilan izohlagan va kimgadir hujum qilish niyati yo‘qligini bildirgan. Keskinlik kuchayishi fonida Rossiya AQSh va NATO bilan Yevropada xavfsizlik kafolati bo‘yicha muzokaralar o‘tkazmoqda.

Mavzuga oid