O‘zbekiston | 09:55 / 11.02.2022
2535
3 daqiqa o‘qiladi

Jamoatchilik uchun ochiq bo‘lgan Qadimiy yozma manbalar davlat reyestri tuziladi

Prezident “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qadimiy yozma manbalarni markazlashgan holda saqlash, tadqiq etish, ularning holatini doimiy monitoring qilish bo‘yicha mas’ul davlat muassasalari etib belgilangan.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti va Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonaning jamoatchilik uchun ochiq bo‘lgan Qadimiy yozma manbalar davlat reyestrini shakllantirish va davlat tasarrufidagi muzeylar, kutubxonalar va arxiv fondlari faoliyatiga integratsiya qilish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi.

Markaz davlat reyestrini shakllantirish va yuritish, shuningdek, qadimiy yozma manbalarni bosqichma-bosqich raqamlashtirish uchun mas’ul davlat muassasasi etib belgilandi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq markaz:

respublika hududidagi barcha muzeylar, kutubxonalar va arxiv fondlarida saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarning davlat reyestrini tuzadi va doimiy monitoringini yuritadi;

davlat reyestri asosida qadimiy yozma manbalarning turlari bo‘yicha (qo‘lyozma, toshbosma manbalar, tarixiy hujjatlar) kataloglari va elektron nusxalarini yaratadi, ularni Qadimiy yozma manbalar davlat reyestrini yuritish bo‘yicha yagona axborot tizimiga kiritish hamda muntazam to‘ldirib borish choralarini ko‘radi;

markaz va Sharqshunoslik institutida markazlashgan holda saqlanadigan va davlat reyestriga kiritilgan qadimiy yozma manbalarning holati, doimiy monitoring va tadqiq etilishi natijalari haqidagi ma’lumotlarning muntazam ravishda maxsus portallar va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishini ta’minlaydi;

Xalqaro islom akademiyasi va Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti bilan birgalikda qadimiy yozma manbalarning konservatsiyasi va restavratsiyasi bilan shug‘ullanayotgan soha xodimlarining muntazam ravishda kasbiy salohiyati va malakasini oshirish, shuningdek, soha uchun yetuk mutaxassis kadrlarni tayyorlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Markaz huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Qadimiy yozma manbalarni konservatsiya va restavratsiya qilish laboratoriyasi tashkil etildi va laboratoriya tomonidan o‘tkaziladigan tadqiqot sinovlarining asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi. Laboratoriya Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy ko‘chasi, 11-uy manzilidagi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi binosiga bepul foydalanish huquqi asosida vaqtincha joylashtiriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid