Jahon | 20:41 / 11.02.2022
24105
3 daqiqa o‘qiladi

Medvedev migrantlar diasporalari Rossiyaga xavf tug‘dirishi mumkinligini aytdi

Rossiyadagi yirik diasporalar sabab mamlakat qonunlarini mensimaydigan “kichik davlatlar”ning paydo bo‘lishi xavfi bor, dedi RF Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev. Migrantlar bo‘yicha komissiya muhojirlar ustidan nazoratni kuchaytirishni taklif etmoqda.

Foto: TASS

RF Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari Dmitriy Medvedevga ko‘ra, 2021 yilda Rossiyaga muhojirlar oqimi 2020 yilga nisbatan uchdan bir qismga ko‘paygan. Bu haqda u migrantlarning integratsiyalashuvi va moslashuvi bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarga bag‘ishlangan yig‘ilishda aytib o‘tgan.

“Bir qator mamlakatlarda epidemiologik chora-tadbirlar yumshatilgani bois qo‘shni mamlakatlardan keladigan migrantlar oqimi 1/3 barobarga ko‘paydi. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda Rossiyadagi eng yirik diasporalar soni 1 milliondan 5 million kishigacha. Ular, asosan, Markaziy Osiyo davlatlaridan kelganlar”, degan Medvedev.

Uning qo‘shimcha qilishicha, muhojirlar zich yashaydigan hududlarda etnik anklavlar paydo bo‘lishi xavfi bor.

“Bu global muammo va bizda ham mavjud. Davlat ichida o‘z qonunlari va g‘oyalari bilan yashaydigan, eng muhimi, mamlakatimizdagi qonunlarni mensimaydigan “kichik davlatlar”ning paydo bo‘lish xavfi. Tegishli nazoratsiz bu hududlar ekstremistik va terroristik tuyg‘ularning paydo bo‘lishi hamda jinoyat o‘choqlariga aylanishi mumkin”, degan Xavfsizlik kengashi mulozimi.

Medvedovning e’tibor qaratishicha, ko‘pchilik muhojirlar rus tilini yaxshi bilishmaydi va bu ularning adaptatsiyasiga salbiy ta’sir qilmoqda.

“Ko‘pchilik muhojirlar rus tilini yaxshi bilishmaydi. Men katta yoshdagilarni nazarda tutyapman. Ularning izolyatsiyada yashashi sabablaridan biri ham shu. Bu muammoni mamlakatimizdagi sharoitlardan kelib chiqqan holda hal qilishimiz kerak. Migrantlarni Rossiyadagi hayotga tezroq va samarali moslashtirish maqsadida rus tili, Rossiya tarixi va qonunlari bo‘yicha majburiy imtihon joriy etiladi. Imtihon natijalari patent va yashash uchun ruxsatnoma olishda muhim hisoblanadi.

Albatta, o‘ziga xos filtr bo‘lishi kerakki, bu birinchi navbatda qonunga bo‘ysunuvchi va yetarli darajada ma’lumotga ega, madaniyatimiz, urf-odatlarimizni anglashga tayyor, bu yerda chinakam yashash va ishlashni xohlovchilar uchun imkoniyat yaratishi kerak”, degan u.

Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin RF Xavfsizlik kengashining davlat migratsiya siyosatini takomillashtirish bo‘yicha idoralararo komissiyasini tuzish to‘g‘risida farmon imzolagandi. Idoralararo komissiyani Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari boshqaradi.

Qayd etilishicha, komissiya migratsiya sohasida davlatning milliy xavfsizligini ta’minlash va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish manfaatlaridan kelib chiqqan holda migratsiya jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha vazifalarni bajarish maqsadida tuzilgan.

Eslatib o‘tamiz, bir necha kun oldin Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin muhojirlar ishtirokidagi jinoyatlar ko‘payayotganini sabab qilib, muhojirlarning qonuniy ishlashini qiyinlashtiradigan takliflarni ilgari surgandi.

Mavzuga oid