Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Yoqadimi-yoqmaydimi – chidash kerak, go‘zalim» – Putin Makron bilan uchrashuvdagi iborasini izohlashga majbur bo‘ldi
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Kremlda fransiyalik hamkasbi Emmanuel Makron bilan uchrashuvda aytgan iborasi keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Putin Makron bilan uchrashuvda Ukraina haqida gapirgandi. «Agar Ukraina NATOga qo‘shilsa va Qrimni harbiy yo‘l bilan qaytarib olsa, Yevropa davlatlarining barchasi o‘zi istamagan holda mojaroga jalb etiladi. Agar yadroviy urush boshlansa, g‘oliblar bo‘lmaydi. Ukraina Minsk kelishuvlariga rioya etishi kerak: yoqadimi-yoqmaydimi – chidash kerak, go‘zalim», degandi u.
Keyinchalik Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Putinning so‘zlariga quyidagicha munosabat bildirdi: «Ukraina chindan go‘zal, ammo «im» qo‘shimchasi ortiqcha».
Putin «Chidash kerak, go‘zalim» iborasi ko‘p tilga olinib, turlicha talqin qilingani sabab unga izoh berishga majbur bo‘ldi.
«To‘g‘risini aytish kerak, bu aynan kimgadir qaratilgan gap emas. O‘z faoliyatim davomida biror marta shaxsiyatga o‘tib gapirmaganman», dedi Putin Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bilan uchrashuvdan keyin o‘tkazilgan brifingda.
G‘arb matbuotida Putinning bu so‘zlari shahvoniy deb ham talqin qilindi. Kremlga aloqasi borligi aytiladigan Kremlinpool_RIA tvitter akkaunti Putinning izohini shunday yetkazdi: «Putin G‘arbni hissiyotga berilishga majbur qilgan so‘zlarini izohladi. Bu gaplar hech kimga qarata aytilmagan».
Jumla kimniki: xalq og‘zaki ijodimi yoki rok-guruh qo‘shig‘idan olinganmi?

Putin va Makron 7 fevral kuni 5 soat davom etgan muzokaralarda asosan Ukraina mavzusini muhokama qilishdi. Ularning ikkisi ham Donbassdagi vaziyatni yaxshilash uchun Minsk kelishuvi talablarini bajarish kerakligini ta’kidlashdi. Shunda Putin Minsk kelishuvini bajarishdan boshqa yo‘l yo‘qligini aytish asnosida «yoqadimi-yoqmaydimi– chidash kerak, go‘zalim» iborasini ishlatdi.
G‘arb matbuoti va Ukraina prezidenti bu gapda shahvoniylik borligiga ishora qilib, munosabatlar bildirdi. France Press axborot agentligi bu borada Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovdan munosabat so‘radi. «Prezident davlat o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarishi kerakligi haqida gapirdi», deb izohladi boshlig‘ining so‘zlarini Peskov.
Undan hattoki u «Krasnaya plesen» guruhini bilish bilmasligini ham aniqlashtirib so‘rashdi. 90-yillarda Rossiya va Ukrainada mashhur bo‘lgan ushbu rok-guruh asosan so‘kinishlari bor qo‘shiqlari bilan tanilgan, ularning bir qo‘shig‘ida esa «Yoqadimi-yoqmaydimi – chidash kerak, go‘zalim» iborasi bor.
Ammo Peskovning aytishicha, Putin bu guruh haqida bilmaydi va aytgan iborasini xalq og‘zaki ijodidan olgan. «Ishoning, prezident bunday guruhni bilmaydi, men ham bilmayman, lekin ular bu iborani xalq og‘zaki ijodidan olgani aniq», degan Peskov.
Putinning aytgan iborasi tahliliga antropologlar ham qo‘shildi. Xususan, bu soha bilimdoni bo‘lmish Aleksandra Arxipovaning «Dojd» nashriga ma’lum qilishicha, 70-yillarda ommalashgan bu ibora chindan xalq og‘zaki ijodiga tegishli.
Putinning iborasi Oq uyda ham tahlil qilindi. Jurnalistlar Oq uy rasmiy vakili Jyen Psakidan administratsiyada Putinning iborasi qanday tahlil qilinganini so‘rashdi.
«Zo‘ravonlik haqidagi har qanday hazil bu administratsiyada ishlaydigan hech kimga yoqmaydi. O‘sha hazilni amerikalik yoki xorijlik amaldor aytganidan qat’i nazar. Shu o‘rinda Rossiya prezidenti tilidan aytilgan gaplar, ayniqsa harbiy ritorikadagi gaplarga befarq emasligimizni aslo yashirmaganmiz», dedi Psaki.
Endi esa Putin iborasi hech kimga qarata aytilmaganini yana bir bor ta’kidlamoqda: «Kelishuvlar davomida davlat rahbarlaridan nimadir yoqqani yoki yoqmaganini eshitib qolamiz, gap xavfsizlik haqida borganda, bunaqa gaplarga o‘rin yo‘q. Kelishuvmi? Uni bajarish kerak. O‘sha majburiyatlar davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda muhim ahamiyat kasb etadi».
Mavzuga oid
08:29 / 18.06.2026
Putinga yaqin deb hisoblangan biznesmen qamoqqa olindi
10:45 / 16.06.2026
Zelenskiy Putinga G7 sammitida uchrashuv o‘tkazishni taklif qildi
08:59 / 15.06.2026
Zelenskiy G7 sammitida Tramp bilan uchrashishini ma’lum qildi
10:02 / 13.06.2026