O‘zbekiston | 23:18 / 12.02.2022
31186
2 daqiqa o‘qiladi

“Odamlar norozi bo‘lyapti” - Mirziyoyev avtomobilsozlik masalasi ko‘rib chiqilishini aytdi

Keyingi hafta prezident huzurida avtomobilsozlik masalalari ko‘rib chiqiladi. Davlat rahbari odamlar UzAuto Motors avtomobillari uchun pul to‘lab qo‘yib, uzoq navbat kutayotganiga e’tibor qaratdi.

“Kelgusi hafta avtomobilsozlik masalalarini ham ko‘rib chiqamiz. Odamlar norozi, biz to‘lab qo‘yganmiz, mashinani ber, ey davlat rahbarlari, deyapti. Nimaga desangiz, talab, Xudoga shukr, iqtisodiyotimiz rivojlanyapti, odamlarning mashinaga talabi oshib boryapti. Lekin shu bilan birga, biz yo‘l harakati tizimini xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha mutlaqo boshqacha choralarni ko‘rishimiz kerak”, – degan Shavkat Mirziyoyev.

“Menimcha” ko‘rsatuvidan ma’lum bo‘lishicha, prezident bu haqda 11 fevral kuni yo‘llardagi xavfsizlikni ta’minlashga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda aytib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, avtomobil bozorida monopol mavqega ega UzAuto Motors 20 dekabr kuni Nexia, Spark, Cobalt va Lacetti uchun shartnomalar tuzishni 1 fevralgacha to‘xtatganini ma’lum qilgandi. Biroq 1 fevraldan keyin ham kontraktatsiya tiklanmadi, qachon tiklanishi ham noma’lum bo‘lib turibdi.

Bungacha kompaniya avval tuzilgan shartnomalarni iste’molchilarning zarariga bir necha marta o‘zgartirgan edi.

UzAuto Motors garchi bunga sabab sifatida mikrochiplar tanqisligini ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, bu tanqislik kompaniyaga eksportni oshirishiga xalal bera olmayapti.

Kun.uz'dagi ma’lumotlarga ko‘ra, monopolist korxona 2021 yilda avtomobil ishlab chiqarishni 16 foizga kamaytirgan, lekin eksportni 36 foizga oshirgan.

Oxirgi haftalarda birlamchi avtobozordagi tanqislik bois ikkilamchi avtomobillar narxi sezilarli oshdi.

Avvalroq deputat Rasul Kusherbayev UzAuto Motors'dan avtomobil xarid qilishda oldindan to‘lov miqdori (85 foiz)ni pasaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilayotgani, bu takliflar hukumatga kiritilishini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid