Jahon | 14:08 / 13.02.2022
53683
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya hududiy suvlariga AQSh suvosti kemasi kirganini iddao qildi. Pentagon rad etmoqda

Rossiya mudofaa vazirligi «Marshal Shaposhnikov» harbiy kemasi Kuril orollari yaqinida mamlakat hududiy suvlariga kirgan Amerikaning atom suvosti kemasiga qarshi maxsus vositalardan foydalanganini ma’lum qildi. Pentagondagilar AQSh suvosti kemasi Rossiya suvlariga kirmaganini ta’kidlamoqda.

Foto: NURPHOTO (Amerikaning «Virjiniya» rusumli atomli suvosti kemasi

Rossiya mudofaa vazirligi xabarida, ushbu hodisa 12 fevral kuni Moskva vaqti bilan soat 10:40da, Kuril orollar tizmasidagi Urup oroli yaqinida o‘tkazilgan mashg‘ulot chog‘ida sodir bo‘lgani aytilgan. Rossiyalik harbiylar ma’lumotiga ko‘ra, u yerda Amerikaning «Virdjiniya» klassidagi suvosti kemasi aniqlangan. Uning ekipajiga zudlik bilan suv yuzasiga chiqish buyurilgan, ammo bu talab bajarilmagan.

«Suvosti ovozli aloqasi rejimida xorijiy suvosti kemasi ekipajiga rus va ingliz tillarida shunday xabar yuborildi: «Siz Rossiya hududiy suvlarida turibsiz. Zudlik bilan yuqoriga ko‘tariling!» Amerika suvosti kemasi ekipaji Rossiya tomoni talabini e’tiborsiz qoldirdi», - deyiladi mudofaa vazirligi bayonotida.

RF mudofaa vazirligi shundan so‘ng harbiylar «tegishli vosita»ni qo‘llagani haqida ma’lum qilgan, ammo aynan qanday vosita haqida gap ketayotganiga aniqlik kiritilmagan.

Rossiya mudofaa vazirligi versiyasiga ko‘ra, shundan keyin «Amerika suv osti kemasi o‘ziyurar imitator orqali radiolokatsion va akustik nazorat vositalaridagi nishonlarni ikkita qilib ko‘rsatuvchi vositani qo‘llagan hamda Rossiya Federatsiyasi hududiy suvlarini maksimal tezlikda tark etgan».

Ammo AQSh Qurolli kuchlarining Hind-Tinch okeani qo‘mondonligi rasmiy vakili Kayl Rayns shanba kuni kechqurun Amerika suvosti kemalari Rossiya hududiy suvlariga kirmaganini ma’lum qildi.

«Rossiyaliklarning biz ularning hududiy suvlarida harakatlanganimiz haqidagi bayonoti haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Men suvosti kemalarimizning aniq joylashuvi bo‘yicha ma’lumot bermayman, ammo aytishim mumkinki, biz xalqaro suvlarda xavfsiz uchamiz, suzamiz va harakatlanamiz», degan u.

«Xalqaro huquqning qo‘pol darajada buzilishi»
Rossiya harbiy idorasi ushbu hodisa munosabati bilan rasmiylar AQShning Moskvadagi elchixonasining mudofaa masalalari bo‘yicha attashesi vazirlikka chaqirilganini ma’lum qildi. Moskva hodisani «xalqaro huquqlarning qo‘pol tarzda buzilishi» deb baholagan va suvosti kemasi «Rossiya Federatsiyasi milliy xavfsizligiga tahdid yuzaga keltirgani» ma’lum qilingan.

Mudofaa vazirligi xabar qilishicha, hodisa Kuril orollar tizmasidagi Urup oroli atrofida sodir bo‘lgan. SERGEI KARPUKHIN/TASS

Kuril orollari yaqinidagi holat Rossiyaning Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli G‘arb bilan munosabatlari keskinlashishi fonida ro‘y berdi. AQSh va NATOning boshqa mamlakatlari Moskva Ukraina chegaralari yaqinida katta qo‘shin to‘plagani va hujum qilishga tayyorlanayotgani haqida ogohlantirmoqda. Rossiya bunday rejasi yo‘qligini ma’lum qilib, shu bilan birga G‘arbdan «xavfsizlik kafolati» talab qilmoqda.

Shanba kuni AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostin rossiyalik hamkasbi Sergey Shoygu bilan telefon orqali muloqot o‘tkazgan. Pentagon xabarnomasida «tomonlar Qrim va Ukraina atrofida rossiyalik harbiylar o‘sib borayotgani»ni muhokama etishgan. Shu kuni AQSh prezidenti Jo Bayden va Rossiya rahbari Vladimir Putin o‘rtasida ham telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi.

Mavzuga oid