Jamiyat | 20:00 / 14.02.2022
7743
3 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekneftgaz”: “Uchqir” siquv kompressor stansiyasidagi ta’mirlash ishlariga Germaniya va Singapur kompaniyalari mutaxassislari jalb etildi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev topshirig‘i bilan neft va gaz qazib chiqaruvchi boshqarmalarning ishlab chiqarish quvvatini tiklash maqsadida, uskunalarning sifatli va o‘z vaqtida ta’mirlanishini yo‘lga qo‘yish borasida qator chora-tadbirlar belgilab olingan.

Foto: O‘zbekneftgaz

Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Uchqir” siquv kompressor stansiyasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va avariyaviy to‘xtalishlarning oldini olish maqsadida ta’mirlash ishlariga Germaniyaning “Siemens Energy”, Singapurning “Enter Engineering RTe. LTD” kompaniyalari va aksiyadorlik jamiyatining bir guruh malakali mutaxassislari jalb etildi.

Ushbu siquv kompressor stansiyasining asosiy vazifasi “Doyaxotin”, “Qumli” guruhlari va “Uchqir” konlardagi tabiiy gazlarning tez va samarali qazib olinishidan iborat. Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, bitta gaz haydash agregatining to‘xtab qolishi kunlik 1 million kub metrga yaqin tabiiy gaz qazib olish hajmining qisqarishiga olib keladi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Yuqoridagilarni hisobga olgan holda hamda stansiya kafolat muddatida turganligi sababli, aniqlangan nosozliklarni bartaraf etish maqsadida ta’mirlash ishlarini tezkor ravishda o‘tkazish zaruriyati paydo bo‘ldi. Ushbu ishlarni amalga oshirish uchun “Siemens Energy” kompaniyasi mutaxassislari bilan birgalikda stansiyaning 200-sonli gaz haydash agregatiga o‘rnatilgan “SGT-400” rusumli gaz turbinali dvigatelida ta’mirlash ishlari ishlab chiqaruvchi zavodning yo‘riqnomasiga asosan amalga oshirilmoqda.

Ta’mirlash jarayonida gaz turbinali dvigatel demontaj qilinib, “Siemens Energy” kompaniyasi tomonidan yetkazib berilgan tayanch podshipnikini yangisiga almashtirish ishlari amalga oshiriladi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Shuningdek, bir qancha texnik jihatdan murakkab bo‘lgan hisoblashlar ham o‘tkaziladi. Sozlash ishlari hamda gaz haydash agregatining avtomatika qismida “Maxsusenergogaz” AJ mutaxassislari hamkorligida avtomatik boshqaruv tizimi, datchik va priborlari tekshirilib, profilaktika ishlari olib borildi. Natijada 200-sonli gaz haydash agregatining uzluksiz, bir me’yorda ishlashining ta’minlanishiga hamda tabiiy gaz qazib olish hajmi qisqarishining oldini olishga erishildi.

Ma’lumot uchun: “Uchqir” siquv kompressor stansiyasi Buxoro viloyati Romiton tumanida joylashgan bo‘lib, 2 ta gaz haydash agregatlari mavjud va yiliga 5,0 mlrd kub metr tabiiy gazni haydab berish quvvatiga ega. Stansiyaga 2021 yilda Germaniyaning “Siemens Energy” kompaniyasida ishlab chiqarilgan gaz haydash agregatlari o‘rnatilgan va ishga tushirilgan.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid