17:20 / 16.02.2022
7209

Allamjonov: «Haydovchilik guvohnomasini olish tizimi ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatilishi - o‘ta muhim vazifa»

Haydovchilik guvohnomasini olish tizimi ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatilishi — o‘ta muhim vazifa. Bu haqda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov ma’lum qildi.

«Respublika yo‘llarida 3,5 mln va undan ko‘proq avtomashinalar harakatlanadi. Har yili avtomaktablarni bitirib, bu yo‘lga kirib kelayotgan 450 mingdan ziyod o‘quvchi haydovchilik guvohnomasini oladi. Har yili 3,5 mln.ga yana 450 ming odam qo‘shilyapti. 

Ko‘pchilik tushunib yetdi va tan oldiki, bugungi kunda avtomaktablarda o‘qish sifatida talab darajasida emas. Ular o‘quv sifati bo‘yicha emas, balki narxlar bo‘yicha raqobatlashadi, oqibatda o‘quv sifati pasayib ketgan. Nega narxlar bo‘yicha raqobatlashadi? Sababi - korrupsiya. 

Hozir butun respublika bo‘yicha imtihon markazlari joriy qilinyapti. Agar bu imtihon markazlari avtomatlashtirilgan bo‘lib, inson omili nolga tenglashtirilsa, hech qanday tanish-bilish ish bermasa o‘quvchi avtomaktablarga talab qo‘ya boshlaydi. Sifatli dars talab qiladi. Shuning natijasida turli feyk avtomaktablar o‘zidan o‘zi yopilishni boshlaydi», deydi Komil Allamjonov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar 14 ta hududda ana shunday imtihon markazlari joriy qilinib, masala jiddiy nazoratga olinsa, shunda ilm trendga chiqadi, faqatgina bilimi bor odam imtihondan o‘tib guvohnoma oladi.

«Agarda hududlardan birida shunday imtihon markazi ochilib, u yerda pul bilan kirish imkoniyati paydo bo‘lsa, butun islohotlar nolga teng. Shuning uchun jamoatchilik e’tiborini, asosiy masaladan chalg‘imagan holda, mana shu jihatga qaratish kerak. Imtihon markazlari inson omilisiz qanday ishlayapti, faoliyatini avtomatlashtirilgan holda qay darajada olib boryapti? Shunga e’tibor qaratish lozim. 

Haydovchilik guvohnomasini olish tizimi ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatilishi - o‘ta muhim vazifa. Asl masalani monopoliya yoki boshqa narsalar bilan olingan degan narsa bilan chalg‘itib o‘tib ketilsa, bilingki, hech narsa o‘zgarmaydi. Faoliyatini avtomatlashtirilgan holda olib boruvchi imtihon markazlarini tashkil qilish yo‘lida hammamiz birlashishimiz kerak», dedi Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kelajakda har bir huquqbuzarlik uchun jarima ballari tizimi joriy etiladi. Haydovchi tezlikni oshirsa – 1 ball, qizil chiroqda o‘tsa – 3 ball hisoblanadi. Bir yilda qoidabuzarliklar jami 12 balldan oshsa, haydovchi avtomobil boshqarish huquqidan mahrum bo‘ladi va qaytadan imtihon topshiradi.

Avvalroq, Komil Allamjonov yo‘llarda o‘zgarish qilish uchun 3 ta asosiy masalaning yechimini topish kerak deya, taklif bergandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi masala infratuzilma (yo‘llarning ravonligi, jamoat transporti tizimini yaxshilash, piyodalar va haydovchilar uchun yetarli sharoit, yo‘l belgilari, tizimning raqamlashtirilgani va h.k.)ga taalluqli.

Ikkinchi masala - ma’murchilik (yo‘l qoidalari to‘g‘riligi, jazoning barcha uchun muqarrarligi, ashaddiy qoidabuzarlarga javobgarlikni kuchaytirish va h.k.).

Uchinchi o‘rinda - o‘qitish va imtihon masalasi (avtomaktablarda o‘qitish sifatini oshirish, o‘qimaganlarga haydovchilik guvohnomasini bermaslik).

Top