Xuddi kinolardagidek: Jinoyatchi 15 yil oldin Sirdaryoda IIB xodimlarini uxlatib, O‘zbekistondan qochib ketgandi
Sirdaryo viloyatida yashovchi fuqaro bundan 15 yil avval kasalxonada o‘zini qo‘riqlab turgan IIB xodimlarining ovqatiga uyqu dori qo‘shib berib, so‘ng qochib ketadi.
2006 yil 18 iyul kuni soat 13:00larda F.Usmonov Yangiyer shahrida kontrabanda yo‘li orqali olib kelingan 553,44 gramm geroinni tanishi N.Yamaliyeva bilan qonunga xilof ravishda 3500 dollarga sotmoqchi bo‘lgan vaqtida qo‘lga olinadi. Ularning ikkalasiga ham protsessual tarzda qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llaniladi.
Ammo F.Usmonov kasalligi sababli, Yangiyer shahar, markaziy shifoxonasiga davolanish uchun yotqiziladi va uni qo‘riqlash uchun IIB xodimlari jalb qilinadi.
Shundan so‘ng F.Usmonov turmush o‘rtog‘i I.Doljyenko bilan jinoiy til biriktiradi. Rejaga ko‘ra, I.Doljyenko ovqat tayyorlab keladi. Ovqatga “Dimedrol” dorisini qo‘shadi va IIB xodimlariga undan beradi. Natijada ular uxlab qolishadi. Fursatdan foydalangan F.Usmonov 2006 yil 19 avgust kuni davolanayotgan joyidan noma’lum tomonga qochib ketadi.
Ushbu harakatlari uchun F.Usmonovga ko‘maklashgan N.Yamaliyeva 2006 yil 15 sentyabrda, I.Doljyenko esa 2006 yil 19 dekabrda qonun oldida javob berishadi. Qochoqni tutishning esa iloji bo‘lmaydi.
Keyinchalik, F.Usmonov Qozog‘istonga chiqib ketgani va u yerda jinoyat sodir etib qamalgani ma’lum bo‘ladi. F.Usmonov Qozog‘istonda jazoni o‘tab bo‘lganidan so‘ng 2021 yil mart oyida huquqni himoya qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushlanib, O‘zbekistonga olib kelinadi.
2021 yil 3 dekabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Sirdaryo viloyati sudi mazkur jinoyat ishini mazmunan ko‘rib chiqib, F.Usmonovga Jinoyat kodeksining 222-moddasi 2-qismi “v” bandi, 28, 246-moddasi 2-qismi va 25, 273-moddasi 5-qismi bilan aybdor deb topib, 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlaydi.
Sirdaryo viloyati sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi B.Mamadaminovning ma’lum qilishicha, sud F.Usmonovni Jinoyat kodeksining 34-moddasiga asosan “o‘ta xavfli retsidivist” deb topadi.
Mavzuga oid
16:38 / 06.12.2024
Markaziy Osiyo mamlakatlari vegetatsiya mavsumi uchun suvni taqsimlab oldi
15:57 / 26.11.2024
Kuvayt Sirdaryoda ko‘p qavatli uylar qurishi mumkin
18:31 / 23.09.2024
Qozog‘iston va O‘zbekiston Sirdaryoda 10 ta gidropost tashkil qiladi
08:00 / 13.09.2024