O‘zbekiston | 20:34 / 17.02.2022
39545
5 daqiqa o‘qiladi

«O‘ychining o‘yi bitguncha tavakkalchining ishi bitadi» - Toshkent hokimining so‘nggi chiqishiga chizgilar

Jahongir Ortiqxo‘jayev siyosatdan yiroq, biznes odami. Buni o‘zi ham yashirmaydi. Har qanday maqsad va rejani zudlik bilan amalga oshirib, dividend olish uning faoliyatida bosh mezon bo‘lib kelgan.

Foto: Kun.uz

Uning aynan mana shu xislati jamoatchilik bilan tushunmovchiliklarga, o‘rni kelganda qonunbuzilishlarga sabab bo‘lmoqda. Kosmonavtlar maydonidagi demontaj ishlari bunga yaqqol misol. Lekin uning o‘zi «har neki qilgan bo‘lsa, albatta, u yaxshi niyatlarda, poytaxt aholisining manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirayotgan»iga sidqidildan ishonar ekan.

16 fevral kungi matbuot anjumanida Jahongir Ortiqxo‘jayev ko‘pgina ishlarga o‘z boyligidan sarflayotgani haqida gapirdi. Bunday ishlarning juda ko‘pini savob yo‘lida amalga oshirganini, shunchaki riyoga aylanib qolmasligi uchun ovoza qilmaganini pisanda qildi.

Matbuot anjumanida hokim «davlatning 1 so‘m pulini yemaganman, agar yegan bo‘lsam bola-chaqamgayam buyurmasin», dedi. U o‘zining bu chiqishidan so‘ng qarsaklar ostida zalni tark etdi.

Tan olish kerak, Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘zini chinakam toshkentlik deb biladi, poytaxt tarixida o‘zidan yaxshi nom qoldirishni astoydil istaydi. Faqat hamma ishlari ham amaldagi qonunchilik me’yorlariga to‘g‘ri kelish-kelmasligi ikkinchi darajali masala bo‘lib qolmoqda.

Hokimlar qonunlarga amal qilish borasida namuna bo‘lishi kerak. Lekin aslan biznesmen bo‘lgan hokim aftidan, «O‘ychining o‘yi bitguncha, tavakkalchining ishi bitadi», qabilida o‘ylangan narsalarni tezroq amalga oshirishga intiladi.

Uning bu xatti-harakatlari borasida e’tiroz bildirgan jamoatchilik faollari va jurnalistlarni unga qarshi qasddan til biriktirganlikda, juda bo‘lmaganda, kimlarningdir buyurtmasini bajarayotganlikda ayblaydi. Mana shunday o‘rinsiz gumonlari sababli ham hokim salbiy reputatsiyaga ega.

«Davlatning pulini aniq yemaganman, yegan bo‘lsam teshib chiqsin», deyayotgan Ortiqxo‘jayev unga aloqador korxonalarga berilayotgan turli-tuman imtiyozlar va proteksionistik choralar ham aslida sog‘lom raqobat tamoyillarini buzishi, natijada odamlar muayyan turdagi mahsulotlarni qimmatroq narxda sotib olishga majbur bo‘lishini nahotki tushunmaydi?

«O‘zim shaharga homiylik qilyapman, mulklarimni sotib shu shaharga, odamlarga sarflayapman», deyishi kimlarningdir nazdida buyuk metsenatlik bo‘lib ko‘rinar, lekin bu ishlarni u hokimlik lavozimida bo‘laturib qilayotgani sog‘lom aqlga to‘g‘ri kelmasligini uning o‘zi ham, boshqa juda ko‘pchilik ham tushunmaydi, shekilli.

Chamasi qonunan tender o‘tkazilishi kerak bo‘lgan joyda to‘g‘ridan to‘g‘ri buyurtma berish, manfaatlar to‘qnashuvi va lobbizm ham korrupsiya elementlari sanalishini nafaqat Ortiqxo‘jayev, boshqa hokimlar ham bilmasa kerak. Eng yomoni — buni ko‘plab oddiy fuqarolar ham tushunishmaydi. Chunki bizda qoida tarzida faqat qo‘lga tushgan odam — o‘g‘ri, maxsus kukun surtilgan pul bilan ushlangan kishigina korrupsioner hisoblanadi. Shunga o‘rganganmiz.

Haytovur, Ortiqxo‘jayevda odamni xursand qiladigan xislat ham bor — u jurnalistlar va kameralar qarshisiga chiqib gapira oladi. Bu ham uning har qanday masalada o‘zini haq deb bilishi, o‘ziga bo‘lgan yuksak ishonchidan dalolat beradi.

Biroq Toshkent shahri aholisi hayotiga daxldor masalalarda ana shunday maslahatlashuv va muloqotlar oldindan bo‘lishi kerak. Shunda o‘zaro tushunmovchiliklar ham bartaraf bo‘lar edi. O‘zaro xafagarchilikka o‘rin qolmasdi.

Shu o‘rinda kechagi yig‘ilish finaliga ikki og‘iz to‘xtalsak.

Masala poytaxtning Navoiy shohko‘chasi rekonstruksiyasi ekani aytildi va qariyb 1,5 soat davom etgan mashvaratda Ortiqxo‘jayev ishtirok etgani yo‘q. Uning o‘rinbosari, tuman hokimi va yana bir necha amaldor o‘tkazgan majlis yakunida zalga Ortiqxo‘jayev kirib keldi.

Uning so‘zlash ohangi va kayfiyatidan so‘nggi ikki kunda bo‘lib o‘tgan gap-so‘zlar, yana jamoatchilik diqqat markaziga tushib qolgani uni charchatgani, zada qilgani sezilib turdi.

Odamlardagi o‘ziga nisbatan bo‘lgan taassurotni biroz bo‘lsa-da o‘zgartirishga mohirona usul qo‘lladi... va buni qaysidir ma’noda uddaladi ham. Uning qisqa muddatli bu bayonoti shunchaki emotsional gaplar, hissiyot bilan o‘ynashish orqali ommani mavzudan chalg‘itish edi. Va shunday bo‘ldi ham.

Lekin omma Ortiqxo‘jayev o‘ylaganichalik sodda emas. Ko‘pchilik ko‘rib-bilib turibdi...

Albatta, yuqoridagi fikrlar – shaxsiy kuzatuvlarim va xulosalarim; hamma ham bularga qo‘shilmasligi tabiiy.

Shuhrat Shokirjonov

Шуҳрат Шокиржонов
Muallif Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid