Jamiyat | 21:51 / 17.02.2022
23348
3 daqiqa o‘qiladi

«Sen ham tupoy ekansan»: Toshkentda haydovchi YPX xodimini haqorat qildi va vahima ko‘tardi

Bu vaziyatda ichki ishlar xodimlari xotirjamlik va professionallik bilan ish olib borishgan.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda bir erkak ichki ishlar xodimini haqorat qilgani aks etgan video tarqaldi. Haydovchi o‘zini «Shanxay velikolepniy» niki ostidagi bloger deb atagan va ikkita Telegram kanali borligini aytgan. U shuningdek, ichki ishlar xodimlarini haqorat qilishga haqqi borligini ta’kidlagan.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining ma’lumot berishicha, hodisa Toshkent shahrida sodir bo‘lgan. Ammo uning qayerida bo‘lgani va video qachon olingani ma’lum emas.

Suhbat vaqtida erkak ichki ishlar xodimi kameraga noto‘g‘ri olayotganini aytadi va uni «ahmoq» deb ataydi.

Ichki ishlar xodimi undan nima uchun haqorat qilayotganini so‘raydi. Erkak esa YPX xodimlaridan biri «uning jig‘iga tekkanini» aytadi. U so‘kinishga haqqi borligini aytib, jarima yozishini so‘raydi.

Keyin haydovchi rulga o‘tiradi, ammo YPX xodimlari uni to‘xtatishga urinadi. Erkak vahima ko‘taradi va «yordam beringlar» deb qichqiradi.

Ichki ishlar xodimlari haydovchini mashinaga o‘tqazib olib ketishadi. Yo‘lda u o‘zining blogerligini aytadi.

«Salom. Men bloger “Shanxay velikolepniy”man, meni Bektemir ichki ishlar bo‘limiga olib ketishyapti. Mening ikkita Telegram kanalim bor», – deydi u.

Toshkent shahar IIBB hozircha bu voqea bo‘yicha izoh bermadi. Ammo videoda ichki ishlar xodimlari xotirjamlik va professionallik bilan ish olib borishganini ko‘rish mumkin.

Avvalroq, prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlari faoliyatiga qarshilik ko‘rsatish muammosiga alohida e’tibor qaratgandi.

«So‘nggi paytlarda yo‘l harakati xavfsizligi inspektori faoliyatiga qarshilik ko‘rsatish masalasi... Mana ko‘p joylarda, internetda ham chiqib ketyapti, uryapti, so‘kyapti, haqorat qilyapti. Qonun yo‘q. Bechora inspektor nima qilishi kerak? Mashinani ustiga haydayapti...», degandi prezident.

Mavzuga oid