O‘zbekiston | 13:06 / 17.02.2022
6547
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Gagarin haykali atrofidagi hududlar ta’mirlanadi

Foto: Gazeta.uz

Toshkent shahrida Gagarin haykali atrofidagi hududlar ta’mirlanib, xiyobon barpo etiladi. Bu haqda Chilonzor tumani hokimligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Chilonzor tumanidagi 1-Katta Chilonzor va 2-Katta Chilonzor mahallalari o‘rtasida joylashgan sayilgoh ham ta’mirlanmoqda.

“Bu sayilgohni ko‘pchilik hamshaharlarimiz biladi.Ushbu maskan anchadan beri qarovsiz ahvolda bo‘lgani uchun uni ta’mirlash bo‘yicha aholidan ko‘plab murojaatlar kelib tushgan”, deyiladi hokimlik xabarida. 

Hozirda bu yerda qurilish va ta’mirlash ishlari boshlab yuborilgan. Tumanning 3-Katta Chilonzor mahallasi hududida joylashgan, 1962 yilda qurilgan Gagarin haykali atrofini ham ta’mirlash rejalashtirilgan. 

Gagarin haykali va uning atrofidagi hududlar Vazirlar Mahkamasining “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obekti sifatida e’tirof etilgan.

“Shu bois, Madaniy meros agentligi qoshidagi Ilmiy-ekspert kengashining ruxsati olingandan so‘ng, haykal atrofida ham ta’mirlash ishlari boshlanadi”, deyiladi ma’lumotda. 

Bildirilishicha, ta’mirlash jarayonida bu yerdan qatnovchi aholiga noqulayliklar bo‘lishi mumkin.

Avvalroq, 13-14 fevral kunlari Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi Kosmonavtlar maydonida kosmonavt Vladimir Jonibekov byusti atrofidagi granit plitalari ko‘chirib tashlangandi

«Gazeta.uz» saytida bu holat haqidagi fotosuratlar e’lon qilingach, Toshkent shahar Madaniy meros agentligi hududning demontaj ishlari ruxsatsiz boshlanganini ma’lum qildi.

Toshkent shahar hokimi Kosmonavtlar maydonidagi demontaj ishlariga izoh berar ekan, bir necha bor bunga davlatning bir so‘m puli ketmayotganiga urg‘u berib, hududni chiroyli qilib qo‘yishni o‘ziga qo‘yib berishni so‘radi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid