NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg alyans hozircha Moskvaning keskinlikni yumshatish tomon real qadam tashlagani tasdiqlanmagani - rossiyalik harbiylarning Ukraina chegaralaridan olib ketilganining nishonalari ko‘rinmaganini aytdi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham shunday fikrda. Avvalroq Rossiya rahbariyati harbiylarning bir qismi mashg‘ulotlarni yakunlab, doimiy joylashuv manzillariga qaytayotganini ma’lum qilgandi, shuningdek, G‘arb bilan kelishmovchilikni diplomatik yo‘l bilan hal qilish borasidagi urinishlarni davom ettirish niyati bildirilgandi.

«Biz Moskvadan diplomatik sa’y-harakatlarni davom ettirishga tayyorliklari haqidagi signallarni eshitdik, biroq hozircha voqealar joyida deeskalatsiyaning qandaydir belgilarini ko‘rmadik. Aksincha, aftidan, Rossiya o‘z harbiy salohiyatini oshirishda davom etmoqda.
Biz ular harbiylari sonini ko‘paytirayotgani va ko‘plab harbiylar yo‘lda kelayotganini kuzatmoqdamiz. Biz voqealarning har qanday rivojiga tayyormiz», dedi Stoltenberg chorshanba kuni alyans mudofaa vazirlari bilan uchrashuv oldidan.
Stoltenbergning bu so‘zlariga javoban Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov shunday dedi: «Ehtimol, NATOda vaziyatni baholash tizimida gandikap mavjud. Bu esa NATO vakillariga vaziyatni hushyorlik bilan baholashga imkon bermayapti.
«Ochig‘ini aytganda, G‘arbdagilarning bunday jazavalari tabiati shuni ko‘rsatdiki, katta ehtimol bilan kulminatsiya hali oldinda. Remissiya (kasallik alomatlarining zaiflashuvi) darhol bo‘lmaydi, biz sabr qilishda davom etishimiz kerakka o‘xshaydi», degan Peskov va o‘tgan tunda Kremldagilar «xotirjam uxlashgani» haqida qo‘shimcha qilgan.
AQSh Davlat departamentidagilar ham chegaradagi vaziyat bo‘yicha xavotirlar kamaymaganini aytmoqda. «Biz aslida faqat eskalatsiya»ni ko‘rmoqdamiz», dedi idora matbuot kotibi Ned Prays va AQShdagi ma’lumotlarga ko‘ra, chegaraga yangi kuchlar olib kelinishi davom etayotganini qo‘shimcha qildi.
Zelenskiyning BBC uchun intervyusi
Kiyevdagilar ham rus qo‘shinlarining olib ketilganining alomatlarini ko‘rmayapti. Bu haqda prezident Vladimir Zelenskiy BBC muxbiriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.




















