07:43 / 18.02.2022
4280

O‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qilganlar soni 1,3 milliondan oshdi

Foto: Kun.uz

Mamlakatda, 2022 yil 16 fevral holatiga, o‘zini o‘zi band qilganlar soni 1 324 031 nafarga yetdi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi xabar berdi.

Joriy yil 1 yanvardan 16 fevralga qadar 132 047 nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tib, bu borada Farg‘ona (20 295), Samarqand (18 988), Andijon (13 901), Jizzax (10 647) va Toshkent viloyati (10 362) yetakchilik qilmoqda.

Qayd etilishicha, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishi bo‘yicha 50 691, sanoat yo‘nalishi bo‘yicha 32 707, maishiy xizmatlar bo‘yicha 23 641, ijtimoiy yo‘nalish bo‘yicha 15 183, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha 7 551, axborot-kommunikatsiya yo‘nalishi bo‘yicha 2 274 nafar shaxs o‘zini o‘zi band qildi.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar: bepul ro‘yxatdan o‘tadi; ish beruvchiga ega bo‘lmaydi; ishchi yollamaydi; ularga mehnat staji va pensiya hisoblanadi; yilda bir marta BHMning bir baravari miqdorida ixtiyoriy ravishda ijtimoiy soliq to‘laydi; daromadidan soliq to‘lamaydi; yuridik shaxslardan pul o‘tkazmalarini qabul qilish uchun bankda hisobraqam ochishi mumkin; faqat ruxsat etilgan faoliyat turlari bilan shug‘ullanadi.

Avvalroq, tizimida professional ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralarga 1 maydan ta’lim muassasalarining ta’lim jarayonidan bo‘sh bo‘lgan o‘quv xonalari, ishlab chiqarish ustaxonalari, boshqa bino va inshootlarini o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar hamda tadbirkorlik sub’yektlariga kasb-hunar, xorijiy tillar yoki tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish kurslarini tashkil etish uchun 5 yilgacha bo‘lgan muddatga, mahsulot ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish uchun 5 yilgacha bo‘lgan muddatga ijaraga berish huquqi taqdim etilgandi.

Top