17:54 / 18.02.2022
1199

Samarqandda tovlamachilik yo‘li bilan fuqarolardan pul talab qilgan shaxs ushlandi

Andijon shahrida yashovchi shaxs opa-singillardan 300 ming Rossiya rubli talab qilib, 3 ming dollar olayotganda qo‘lga olingan.

Foto: Samarqand viloyat IIB axborot xizmati

Samarqand viloyat IIB axborot xizmatining xabar berishicha, viloyat IIBga fuqaro Sh.D. ariza bilan murojaat qilgan. U arizasida opasining tanishi bo‘lgan, Andijon shahrida yashovchi, 1995 yilda tug‘ilgan B.Sh., Sh.D. va uning opasining ojizligidan foydalanib, shuningdek, hozirda 1-guruh nogironi bo‘lgan ukasini qo‘rqitib, ulardan 300 ming Rossiya rublini talab qilganini bildirgan.

Arizaga asosan, 2022 yil 13 fevral IIV JQBB, DXX, Prokuratura hamda viloyat IIB JQB uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda B.Sh. ariza muallifidan 3 ming dollar olayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan B.Sh.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top