Jahon | 19:43 / 18.02.2022
22646
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Rossiya va AQShdan Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari talab qildi

Ukrainlar prezidenti Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi hujjat birinchi navbatda Rossiya va AQSh tomonidan imzolanishi kerak deb hisoblaydi.

Foto: Sean Gallup / Getty Images

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy «RBK-Ukraina» uchun intervyusida mamlakat NATOga a’zo bo‘lib kirish yo‘lida ekani, bu ro‘y berguniga qadar Rossiya va AQShdan NATOga a’zo boshqa davlatlarga taklif qilinganidan kam bo‘lmagan kafolat tizimini olishi kerakligi haqida gapirdi.

«Biz alyansga a’zo bo‘lish yo‘lidan borayotganimiz haqida gapirib kelyapmiz. NATO — bugungi kunda Ukraina qo‘shilishi mumkin bo‘lgan yagona xavfsizlik alyansi. U yerda biz uchun ochiq eshiklar pozitsiyasi mavjud. Ammo bu yo‘l orasidagi masofa uzoq — yillar va oylar, ayniqsa, eskalatsiya amalga oshsa. Bu yo‘ldan yurarkanmiz, biz xavfsizlik kafolatlari tizimini olishimiz kerak. Hech bo‘lmasa, nazariy jihatdan bu NATOning boshqa davlatlariga taklif etiladigan tizimdan kam bo‘lmasligi kerak», — degan Ukraina prezidenti.

Zelenskiy  Ukraina uchun kafolatlar mustahkamlangan hujjat AQSh va Rossiya tomonidan imzolanishi zarurligini qayd etdi. 

«Normand formatidan ajralmaymiz va boshqalar ham ajralmaydi. Dunyoning qudratlilari, jumladan, Qo‘shma Shtatlar va Rossiya o‘tiradi va imzolaydi, ya’ni shunday yo‘l borligini. Ammo u yerda mamlakatimiz xavfsizligi uchun to‘rt-beshta band bo‘lishi kerak. Shunda bu suhbat bo‘ladi», deydi Ukraina prezidenti.

Zelenskiyning fikricha, Rossiyadan tashqari yana bir necha davlatlar Ukrainaning NATOga kirishiga to‘sqinlik qilayotganini aytgan, ammo bu davlatlar nomini keltirmagan. «Rossiyaning pozitsiyasi bor, ular shunday deydi: biz Ukraina NATOga kirmasligi uchun kurashamiz. Va biz ular bilan ko‘p narsalarga turlicha qarashimizni tushunamiz. Yana ayrim boshqa davlatlar pozitsiyasi ham borki, ular shunday deyishadi: biz sizni NATOda ko‘rishdan xursand bo‘lamiz. Ammo ular biz unga kirmasligimiz uchun barcha ishni qilishadi», degan Zelenskiy.

Zelenskiy Ukraina armiyasini moliyalashtirish va energetika xavfsizligini xavfsizlik kafolatlariga misol sifatida eslatib o‘tgan. U Ukraina hududiga xorijlik harbiylar kerak emasligini, bu faqat Rossiyaning e’tirozlariga sabab bo‘lishini aytgan. «Bizga o‘z hududimizda begona bayroq ostidagi harbiylar kerak emas. Biz buni so‘ramaymiz. Aks holda butun dunyoda beqarorlik bo‘ladi. Biz RFga bu yerda bazalari borligi va ularni himoya qilishini aytishi uchun ortiqcha sabab qoldirishni istamaymiz», deya o‘z pozitsiyasini izohlagan Zelenskiy.

Mavzuga oid