Jamiyat | 16:08 / 19.02.2022
9301
4 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi “Sho‘rtan” konida tabiiy gaz qazib chiqarish borasidagi ishlar holatini o‘rgandi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi “Ishchi guruh” a’zolari jamiyatga qarashli konlarda gaz qazib chiqarishni ko‘paytirish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar va amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha ishlarni o‘rganish maqsadida Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining “Sho‘rtan” konida bo‘ldi.

Foto: O‘zbekneftgaz

Ma’lumki, joriy yilning 25 yanvar kuni Markaziy Osiyoning yagona elektr tarmog‘ida ro‘y bergan avariya “O‘zbekneftgaz” AJ tizimidagi ishlab chiqarish obektlariga ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatdi.

Olib borilgan tezkor tadbirlardan so‘ng, Sho‘rtan neft va gaz qazib olish boshqarmasida ham qazib chiqarish ko‘rsatkichlari qisqa fursatlarda qayta tiklashga erishildi.

Ayni paytda “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi topshirig‘i bilan respublika aholisiga muntazam tabiiy gaz yetkazib berishni ta’minlash hamda iqtisodiyot tarmoqlarining neft va gaz mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida yangi uglevodorod xomashyosi zaxiralarini oshirish, tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini ko‘paytirish borasida burg‘ilash, quduqlarni kapital ta’mirlash va texnologik obektlarni ishga tushirish yo‘nalishlari bo‘yicha bir qator qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Boshqaruv raisi boshchiligidagi “Ishchi guruh” boshqarmada belgilab berilgan vazifalar ijro holatini o‘rganish maqsadida “Sho‘rtan” konida ham bo‘ldi.

Ta’kidlash kerakki, 2021 yilda “Sho‘rtan” koni hududida “3D” seysmik-qidiruv ishlari olib borildi va konning imkoniyatlari sinchkovlik bilan tahlillar asosida muhokama qilindi.

Natijada, 300 dan ortiq quduqlarning ma’lumotlari tahlil qilinib, kompleks raqamli modellashtirish asosida yangi “Terrigen-1” qudug‘ini burg‘ilash uchun asos yaratildi.

Ayni paytda “Sho‘rtan” koni hududi tarixda ilk bor 4750 metr quyi terrigen qatlamigacha tushish va shu chuqurlikka qadar burg‘ilash ishlari amalga oshirilmoqda.

“O‘zneftgaz burg‘ilash ishlari” korxonasining mutaxassislari va ishchi-xodimlari uzluksiz ish olib borib, har kuni 120 metrgacha masofani burg‘ilashmoqda.

Boshqaruv raisi konning eng quyi qatlamlarini o‘zlashtirish maqsadida, yangi burg‘ilanayotgan “Terrigen-1” yura qudug‘ida olib borilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi. Shu yerning o‘zida Boshqaruv raisi boshchiligida mas’ul rahbar va tegishli departament boshliqlari bilan burg‘ilash ishlari holati muhokama qilinib, ishlarni jadallashtirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, o‘rganish davomida “Sho‘rtan” koni gaz yig‘uv punktlaridan mavjud gazni tayyorlash qurilmalarigacha bo‘lgan quvurlarda gaz bosimi yo‘qotilishining oldini olish va qazib olinayotgan gazni dastlabki tayyorlash maqsadida yangi barpo etilayotgan 20-, 24-sonli gaz yig‘uv punktlari uchun Gazni dastlabki tayyorlash qurilmasining qurilish jarayonlari o‘rganildi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, ushbu loyihada jamiyatning ichki imkoniyatlaridan keng foydalanilgan, xususan, separator, degazator, texnik idishlar va quvurlar boshqarma va Muborak gazni qayta ishlash zavodidagi mavjud apparatlarni jalb qilgan holda ta’minlandi. Qurilish-montaj ishlari to‘liq Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi qurilish brigadasi tomonidan olib borildi.

Natijada loyiha uchun sarf etiladigan moliyaviy mablag‘larni qisqartirishga hamda gaz quvurlarining barqaror ishlashini ta’minlashga muvaffaq bo‘lindi. Boshqaruv raisi tomonidan mutasaddilarga qurilmani fevral oyida ishga tushirish bo‘yicha zarur vazifalar yuklatildi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid