Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Bizni oldinda yomon voqealar kutmoqda»: G‘arb qanday javob beradi?
Ukraina atrofidagi inqiroz keskinlashuvi fonida G‘arb mamlakatlari Ukraina hududiga bosqin ro‘y bergudek bo‘lsa, Moskvaga nisbatan qat’iy sanksiyalar qo‘llashni va’da qilgandi. Rossiya DXR va LXRni tan olgach, G‘arb qanday javob qaytaradi. BBC ekspertlardan ehtimoliy ssenariylar bo‘yicha fikr so‘radi.
Tahlilchilar voqealar rivoji qanday tus olishi mumkinligi haqida gapirishdi - front chizig‘ida, diplomatik muzokaralar va sanksiyalar masalasida.
Front chizig‘idagi vaziyat
Bundan buyog‘iga Moskva qanday qadam tashlashi borasida bir necha variantlar mavjud.
- Birinchi variant - Rossiya harbiylari tinchlikparvar kontingent sifatida DXR va LXR hududiga kiritilishi.
«Ehtimol, Rossiya hatto BMT Xavfsizlik kengashida bunga ruxsat so‘rashi mumkin, va albatta, ruxsat olmaydi. Shundan keyin Moskva baribir qo‘shin kiritadi va o‘rtaga chiqadigan savol rus harbiylari qanchalik uzoqqa kirib borishi bo‘ladi. Agar [rossiyalik] harbiylar faqat hozirgi tutashuv chizig‘igacha borishsa, shu chiziq bo‘ylab joylashadi va uni o‘zgartirishga harakat qilmaydi, bunda masala katta urushsiz yopiladi», deydi London qirollik kolleji qoshidagi Rossiya instituti direktori Sem Grin.
- Ikkinchi variant - rossiyalik harbiylar yordamida DXR va LXRning harbiy salohiyati va pozitsiyalari mustahkamlanishi va keyingi eskalatsiya yuzaga keltirilishi.
«Rossiya bu hududlarda ham harbiy ishtirokini oshirishi va buni DXR va LXR hukumatlari taklifiga ko‘ra ochiqchasiga amalga oshirishi ehtimoli ham mavjud. Va Moskva avval hech qachon bunday qadam tashlamagani, ammo endi Rossiya fuqarolari manfaatlari himoyasi uchun bu qadam zarurligini aytadi. Bilishimcha, Rossiya bu hududda yashovchi 700 mingdan ortiq kishiga o‘z pasportlarini bergan. Rossiyalik harbiylar keng miqyosda kirishi bilan DXR va LXR ochiqchasiga Rossiya proteksiyasiga, himoyasi ostiga o‘tadi. Bu katta qadam. Bu esa shubhasiz G‘arb davlatlari, xususan, AQShda Rossiyaning kelgusi niyatlari bo‘yicha jiddiy xavotirlar uyg‘otadi. Ammo men Moskva tomonidan qandaydir yirik hujum amaliyoti bo‘ladi, deb o‘ylamayman», - deya qayd etadi Qirollik institutining xalqaro munosabatlar bo‘yicha eksperti Jon Lou.
- Uchinchi variant - Donbass hududida mojaro kuchayishi.
«Agar baribir Rossiya tomoni unga, aytaylik, frontning narigi tomonidagi infratuzilmalar kerak degan qarorga kelsa, u holda o‘t ochiladi. O‘shandan keyingi voqealar rivojini oldindan aytish qiyinlashib ketadi, keng ko‘lamli to‘qnashuvlar nuqtayi nazaridan ham, G‘arb tomonidan bo‘ladigan javob nuqtayi nazaridan ham», deydi Grin.
«Bu radikal nutqdan keyin biz qilishimiz mumkin bo‘lgan asosiy xulosa shunday: Rossiya DXR va LXRga qarshi «hujum»ga o‘zining to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashuvini yashirmasdan javob qaytarish uchun bahonaga ega bo‘ldi», deya qayd etadi Davlat departamentining sobiq xodimi Semyuel Sharap tvitterdagi sahifasida.
U endilikda Moskvada ochiqdan ochiq harbiy bosqinni oqlovchi sababga ega bo‘lganini qo‘shimcha qilgan: «Yuridik nozikliklar ham Rossiyani to‘xtata olmasdi, ammo bu davlat hamisha o‘z harakatlari agressiya emasligini ko‘rsatishni istardi».
«Boshqa so‘z bilan aytganda, tayyor turing! Bizni juda xunuk voqealar kutmoqda», deya xulosa qiladi ekspert.
Sanksiyalar
G‘arb tomonidan Rossiyaga nisbatan sanksiyalar qo‘llanishining ikki asosiy varianti bor.
Birinchisi - amaldagi sanksiya rejimini kuchaytirish, ya’ni ro‘yxatga yangi korporatsiyalar, yangi sektorlar va Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qadar bo‘lgan yangi nomlarni kiritish. Shuningdek, rossiyalik amaldorlar va oligarxlarning xorijdagi hisoblariga kirish to‘silishi mumkin. Ammo bular - 2014 yildayoq qabul qilingan va hamon amalda bo‘lgan sanksiyalar doirasida bo‘ladi. Tahlilchilar fikricha, bunday cheklovlar Rossiya rahbariyati uchun ayrim oqibatlarga ega bo‘ladi, ammo Kremlning xatti-harakatlariga sezilarli ta’sir ko‘rsata olmaydi.
Ikkinchi variant - eng qat’iy ssenariy bo‘yicha yangi sanksiyalar joriy etish.
«Bu haqda hozir Vashingtonda ko‘p gapirishmoqda va ba’zida Londonda, shuningdek - Parij va Berlinda ham. Bu sanksiyalar sifat jihatdan yangi bosqichga chiqishidir. Rossiyani SWIFT (banklararo to‘lov tizimi)dan uzishni, dollar tranzaksiyalari va davlat tashqi savdosiga taqiq qo‘yishni nazarda tutyapman (ikkilamchi bozorda – tahr). Bu amalda Rossiya iqtisodiyotini Eronniki kabi qilib qo‘yadi. Bu esa ancha jiddiy narsa. G‘arb yetakchilari 2014 yildan buyon bu variantdan qochishga intilib keladi, chunki bunday choralar to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiya xalqiga zarba bo‘ladi. Ammo endi buni muhokama qilishmoqda va jiddiy muhokama qilishmoqda», deya qayd etadi Grin.
Uchinchi variant bo‘lishi ham mumkin - birinchi va ikkinchi ssenariylar elementlarini o‘zida ifodalagan o‘rtacha variant. Yevroittifoqning 27 mamlakatida qirg‘iylar ham, nisbatan mo‘’tadil ovozlar ham bor. Sanksiyalar aynan nima sabab qo‘llanishi kerakligi borasida konsensus yo‘q.
«Sanksiyalar joriy etilishi G‘arb davlatlari hukumatlari rossiyalik harbiylar DXR va LXR hududida paydo bo‘lishini qanday talqin qilishiga bog‘liq. Bu bostirib kirish sifatida talqin etilishi ham mumkin, chunki xalqaro huquq normalariga ko‘ra, ular Ukraina chegarasini kesib o‘tishdi. Shunday yo‘l tutish tarafdorlari ham bor – qat’iy yondashuv kerakligini aytuvchilar. Ammo, masalan, Fransiya va Germaniya nisbatan yumshoq strategiya tanlaydi», - deya qayd etadi BBC bilan suhbatda Britaniyaning Rossiyadagi sobiq elchisi Endryu Vud.
Shu bilan birga Yevropaning ko‘plab davlatlari Rossiya energiya resurslariga bog‘lanib qolgan (Italiya, Avstriya, Slovakiya va boshqalar), ayrimlar esa mafkuraviy jihatdan ruslar bilan yaqin (masalan, Vengriya). Demak, Yevropaning ham yo‘qotadigan narsasi bor.
Ayirmachilarning tan olinishi Rossiya iqtisodiyotiga qanday ta’sir qiladi?
ARTYOM GEODAKYAN/TASS
Buning to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’siri bo‘lmadi. Bu regionlar ta’minoti 2014 yildan buyon shusiz ham Rossiya zimmasida. Qolaversa, Abxaziya va Janubiy Osetiya bilan taqqoslaganda, bu hududlarni minimal darajada qo‘llab-quvvatlash uchun resurslar yetarlicha.
Asosiy masala G‘arbning yangi sanksiyalari iqtisodiyotga qanday ta’sir qilishida.
«Birinchidan, yodda tutish kerakki, 2014 yilda rublning dollarga nisbatan kursi ikki barobar qulagandi va bu pasayish shu bo‘yi tiklanmadi. Qimmatli qog‘ozlar bozorida ham sezilarli pasayish kuzatildi», deydi Oliy iqtisodiyot maktabi professori Oleg Vyugin.
Eskalatsiya va sanksiyalar xavfi ishbilarmonlik faoliyatini depsintirib qo‘ymoqda, chunki odamlar urushlardan qo‘rqmoqda, biznes esa mavhumlik sharoitida investitsiya kiritishga shoshilmaydi. Natija - moliya bozorlarida narxlar qulaydi.
Narxlar xaridor joylashgan nuqtagacha qulaydi. Hozirgi sharoitda Rossiya kompaniyalaridan aksiya sotib olish va Rossiya hukumatiga qarz berishga tayyor bo‘lganlar juda kam, shu tufayli aksiyalar va obligatsiyalar kotirovkalari pasaymoqda. Rossiyaga sarmoya kiritish uchun hech kimga rubl kerak bo‘lmagani sababli, valuta kursi ham arzonlamoqda.

«Rubl u qadar kuchli qulamayapti, chunki Rossiya Markaziy banki Milliy farovonlik jamg‘armasi uchun dollar sotib olishni to‘xtatgan, savdo balansi esa hozir sezilarli darajada ijobiy. Ammo agar yirik banklarga qarshi sanksiyalar kiritilsa, ya’ni dollardagi operatsiyalar taqiqlab qo‘yilsa - bu Rossiya moliyaviy tizimida xaos yuzaga keltiradi. Oxir-oqibat bu turmush darajasi pasayishiga olib keladi», deya qo‘shimcha qiladi Vyugin.
Minsk kelishuvlarining to‘xtatilishi
G‘arbdagi ekspertlar dunyoning aksar davlatlari Rossiyaning DXR va LXR bo‘yicha qadamini ma’qullamaydi, degan xulosaga kelishgan.
«Xalqaro huquq nuqtayi nazaridan Donetsk va Lugansk oblastlari - Ukrainaning bir qismi, ular Ukraina hududi bo‘lib qolishi kerak. Putinning qarorining yaqqol oqibati esa - Minsk kelishuvlari amalda yo‘qqa chiqishi bo‘ldi. Endi kelishuvlar kuchini yo‘qotdi», deydi iste’fodagi diplomat Vud.
Ekspert Jon Lou ham uning fikriga qo‘shiladi: «O‘ylaymanki, Putin qaysidir pallada Minsk kelishuvlari amalga oshishi jarayonidan hafsalasi pir bo‘lgan. Bu ayniqsa Makron bilan Moskvadagi uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida sezildi. Menimcha, Putin bu kelishuv bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi, degan xulosaga kelgan. Putin Ukraina atrofidagi inqiroz va Yevropadagi xavfsizlik muammolari AQSh bilan ikki tomonlama muzokaralarda hal qilinishi kerak deb hisoblaydi. Bularning barchasi Rossiya Minsk kelishuvlaridan voz kechganini anglatadi».
Mavzuga oid
10:02 / 13.06.2026
Ukraina armiyasida keng ko‘lamli islohotlar boshlandi
23:16 / 12.06.2026
Yevropa Ittifoqi Ukraina va Moldova a’zoligi bo‘yicha muzokaralarni boshlaydi
17:21 / 12.06.2026
Rossiya–Ukraina urushida front chizig‘i: tashabbus kim tomonda?
16:47 / 10.06.2026