Jahon | 16:45 / 23.02.2022
17064
3 daqiqa o‘qiladi

BMT bosh kotibi: Donbassda genotsid yo‘q, rossiyalik harbiylar tinchlikparvar kuchlar emas

Antonio Guterrish Rossiyaning DXR va LXR mustaqilligini tan olish bo‘yicha qarorini Ukraina hududiy yaxlitligi va suverenitetini buzish deb atadi.

Foto: Jason Szenes / EPA / TASS

O‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalarida sodir bo‘layotgan voqealar genotsid ta’rifiga mos kelmaydi. Bu haqda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ma’lum qildi. Uning so‘zlari tashkilot saytida keltirilgan.

«Genotsid — bu aniq ta’rifi bor jinoyat va [bu tarifni] xalqaro huquqqa muvofiq qo‘llash kerak. Men o‘ylaymanki, bu unaqa vaziyat emas», degan Gutterish.

U rossiyalik harbiylar DXR va LXRga kirsa, BMT ularni tinchlikparvar kuchlar deb hisoblamasligini qayd etgan.

«Modomiki bir davlat harbiylari boshqa davlat hududiga uning roziligisiz kirar ekan, ular beg‘araz tinchlikparvar kuchlar hisoblanmaydi. Ular umuman tinchlikparvar kuchlar bo‘lmaydi» degan BMT bosh kotibi. U «tinchlikparvarlik faoliyati to‘g‘risidagi tushunchalarning buzib ko‘rsatilishi»dan xavotirda ekanini bildirgan.

Guterrish Rossiyani BMT nizomiga to‘liq rioya etishga chaqirgan: «Bu – Xavfsizlik kengashi ma’qullagan Minsk kelishuvlariga nisbatan o‘limvor zarba bo‘ldi. BMT Nizomining tamoyillari la carte (restorandagi) menyusi emas, ularni tanlab-tanlab amalga oshirib bo‘lmaydi. BMTga a’zo davlatlar bu tamoyillarni to‘laligacha qabul qilgan, shu bois ularga to‘liq rioya etishi kerak».

  • 21 fevral kuni Vladimir Putin o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXR va LXR respublikalarini tan oldi va rossiyalik harbiylar bu hududda «tinchlik saqlanishini ta’minlash funksiyasini bajarishi»ga ko‘rsatma berdi.
  • 22 fevral kuni Davlat dumasi va Federatsiya kengashi Donbassdagi respublikalar bilan do‘stlik to‘g‘risidagi bitimlarni ratifikatsiya qildi. Bundan tashqari, senatorlar u yerga rossiyalik harbiylar kiritilishiga ruxsat berdi. «Biz bu tinchlikparvar kuchlar bo‘lishini inobatga olamiz», dedi parlament yuqori palatasi spikeri Valentina Matviyenko.
  • Ayni paytga qadar Yevropa Ittifoqi, AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Yaponiya va Avstraliya Rossiya amaldorlari, biznesmenlari va kompaniyalariga qarshi dastlabki sanksiyalarni e’lon qildi. So‘nggi kunlarda Rossiya valutasi - rubl eng beqaror valuta bo‘lib turibdi.

Mavzuga oid