Jahon | 21:08
410
4 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda mojarolar soni Ikkinchi jahon urushidan beri eng yuqori darajaga ko‘tarildi - tadqiqot

Norvegiyaning Tinchlik tadqiqotlari instituti (PRIO) tomonidan e’lon qilingan qurolli to‘qnashuvlar bo‘yicha yillik hisobotiga ko‘ra, 2025 yilda davlat darajasidagi mojarolar soni 1946 yildan beri eng yuqori darajaga ko‘tarildi.

Foto: Anadolu agency

Hisobotda (.pdf) ta’kidlanishicha, o‘tgan yil umumiy qurbonlar soni bo‘yicha faqat Ruandadagi genotsid avj olgan 1994 yil va Efiopiyadagi fuqarolar urushi avj olgan 2021 yildan keyingi o‘rinda turadi. Ukrainadagi urush hozir eng halokatli mojaro bo‘lib qolmoqda.

«Nizo tendensiyalari» hisobotida kamida bitta davlat ishtirok etgan 65 ta to‘qnashuv sanab o‘tilgan. Ular orasida sakkizta davlatlararo mojaro bor. Tadqiqotchilar Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan tashqari Hindiston va Pokiston, Pokiston va Afg‘oniston, Kambodja va Tailand o‘rtasidagi chegara to‘qnashuvlari va Isroilning Suriyaga havo hujumlarini ham shunday deb ataydi. Isroilning Livanni bombardimon qilishi tilga olingan bo‘lsa-da, Eron atrofidagi joriy harbiy mojaro 2025 yilgi tendensiyalarni o‘rganish doirasidan tashqarida qoldi.

Afsuski, ijobiy tomonlar kam, dedi sharhni tuzuvchi Siri Aas Rustad. - Odatda men ma’lumotlardan hech bo‘lmaganda ijobiy narsalarni ajratib olishga muvaffaq bo‘laman, lekin bu yilgi raqamlar shunchaki hayratlanarli.

Hisobotda harbiy yoki siyosiy zo‘ravonlik bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan o‘limlar soni 245 mingga baholangan. Harbiylarning o‘limi - masalan, Ukrainada rossiyalik askarlarning o‘limi - bu statistikada ko‘proq o‘rin egallaydi, ammo halok bo‘lganlarning umumiy sonining 25 foizidan ko‘prog‘i - 76 yarim ming - tinch aholi qurbonlaridir. Ushbu toifadagi o‘sish 2024 yilga nisbatan besh baravarga oshgan.

Tadqiqotchilar ushbu ayanchli statistikadagi keskin o‘sishni Sudandagi armiya va isyonchilar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar bilan izohlamoqda - Al-Fasher shahrining qamal qilinishi, qotilliklar va ochlik o‘tgan yili u yerda 60 mingga yaqin odam hayotiga zomin bo‘ldi.

So‘nggi besh-olti yil davomida bir nechta yirik mojarolar parallel ravishda davom etmoqda yoki biri tugagach, ikkinchisi boshlanadi. Dunyoga hech qanday dam berishmaydi, — dedi Rustad. — Bu borada vaziyat avvalgi yillardan farq qiladi - butun dunyo bo‘ylab mojarolar intensivligi yuqori va doimiy.

Norvegiya instituti o‘z sharhlarida nizolarning uchta asosiy turini ajratib ko‘rsatadi: kamida bitta davlat ishtirokidagi nizolar, nodavlat nizolar va tinch aholiga nisbatan zo‘ravonlik bir tomonlama xarakterga ega bo‘lgan vaziyatlar. Birinchi turdagi vaziyatlarga kelsak, Afrika 29 ta mojaro bilan yetakchilik qiladi, undan keyin Osiyo va Yaqin Sharq turadi. Yevropada bunday mojaro bor-yo‘g‘i bitta, ammo qit’a Ikkinchi jahon urushidan keyingi butun vaqt davomida ko‘rmagan miqyosdagi mojaro.

Norvegiyaliklar o‘tgan yili «urush» so‘zi bilan ta’riflanishi mumkin bo‘lgan jami mojarolarni 13 ta deb hisoblamoqda.

Rustadning ta’kidlashicha, eng tajovuzkor davlatlardan biri Isroil bo‘lib, u G‘azo sektori, Suriya, Livan, Eron va Yamandagi husiylarga qarshi beshta turli xil mojarolarda ishtirok etmoqda. Osiyoda bunday «yetakchilik» Myanmada (Birma) mavjud. To‘rtta mojaroga Suriya, Pokiston va Hindiston jalb qilingan.

Hisobot muallifi AQShni ham tilga olib, Donald Trampning prezidentlik lavozimiga qaytishi «nafaqat hujumlar va zo‘ravonlik darajasining oshishi, balki savdo to‘siqlarining ko‘tarilishi»ga olib kelganini aytdi.

«Hamkorlikni hozircha unutish mumkin. BMT Xavfsizlik Kengashi hozircha ishlamayapti va dunyo tobora qutblashib bormoqda», dedi u.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid