O‘zbekiston | 15:39 / 23.02.2022
29018
12 daqiqa o‘qiladi

“Kelgusida davomat bekor qilinadi” yoxud kredit-modulda o‘qiyotgan talabaning huquqlari

O‘zbekiston oliygohlari kredit-modul tizimiga o‘tadi deyilganda, ta’lim sifatida o‘sish, talabalarning o‘qituvchi va fan tanlashida erkinlik bo‘lishiga umid qilingandi. Joriy qilinganining ikkinchi yili davom etar ekan, kredit-moduldan nima kutish kerak, O‘zbekistondagi oliygohlarda tizim to‘liq ishlayaptimi kabi savollar va shunga oid tushunmovchiliklar ham o‘rtaga chiqyapti.

Foto: KUN.UZ

Kredit-modul tizimi nima?

Xalqaro oliy ta’limda qo‘llaniladigan akademik kredit tizimi bakalavr, magistr va PhD talabalarning o‘zlashtirishini o‘lchaydigan tizim hisoblanadi. Tizimning asosiy maqsadi – bir oliygoh talabasiga boshqa davlatdagi oliygohda o‘qishini davom ettirish imkonini berish.

Kredit tizimining bir necha xil turlari bor. Masalan, Yevropa davlatlari ECTS (European Credit Transfer and Accumulation System), Amerika SCH (Semester credit hours) va Buyuk Britaniya CATS (Credit Accumulation and Transfer Scheme).

Shu joyda aniqlik kiritish kerak bo‘lgan jihat shuki, kredit-modul tizimi turli xil bo‘lsa ham, ulardagi kreditlar konvertatsiya qilinganda bir-biriga mos keladi. Ya’ni SCH'da ta’lim olayotgan talaba, ECTS'da o‘qitilayotgan universitetda ham o‘qishi mumkin bo‘ladi yoki teskarisi.

Bularning ichida ECTS keng tarqalgan va O‘zbekiston ham 2020 yildan boshlab shu tizimga o‘tishni boshladi. O‘zbekiston oliy ta’limida joriy qilingan tizim Yevropadan andoza olgan ekan, avvalo ECTS tizimi bilan tanishish maqsadga muvofiq.

ECTS

1989 yilda Yevropadagi 145ta oliygoh yig‘ilib, ECTS (European Credit Transfer and Accumulation System), ya’ni Yevropa mamlakatlari bo‘ylab talabalarning almashinuvi va erkin ta’lim olishiga imkon beradigan tizimni qabul qilgan.

Bunda bakalavr talabasi bir o‘quv yili uchun 60 kredit, bitta semestr uchun 30 kredit yig‘ishi kerak bo‘ladi. Bir kredit 25-30 soat shug‘ullanish natijasida yig‘iladi. Kreditlar darsdagi faollik, testlar, loyiha va tadqiqot ishlari, og‘zaki yoki yozma imtihon baholari kabilarga asoslanadi. Bu tizim Yevropa oliy ta’lim hududi (European Higher Education Area)ga a’zo barcha universitetlar uchun amal qiladi. ECTS beradigan afzalliklardan yana biri – shu tizimda o‘qigan talaba Yevropa hududida ish topishi osonlashadi.

O‘zbekiston oliygohlarini kredit-modulga o‘tkazishdan maqsad nima?

Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabrdagi “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonini tashkil etish bilan bog‘liq tizimni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2020/21 o‘quv yilidan boshlab, respublika oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayoni bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga o‘tkaziladigan bo‘ldi. 2021/22 o‘quv yilida respublikadagi deyarli barcha oliygohlar kredit-modulga o‘tdi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bo‘lim boshlig‘i Abbos Xo‘jayevning tushuntirishicha, bundan maqsad – xalqaro standartlar asosida ta’lim jarayonini tashkil etish va O‘zbekistonning jahon ta’lim makoniga integratsiyasini kengaytirish.

“Buning asosiy shartlaridan biri – kredit-modul tizimiga o‘tishdir, – deydi Abbos Xo‘jayev. – Shu bilan bir qatorda, YuNeSKO tomonidan ta’sis etilgan “Ta’limning xalqaro standart klassifikatsiyasi”ga o‘tildi, oliygohlarga akademik va moliyaviy mustaqillik berildi. Endi shuning asosida oliy ta’lim muassasalarimizning xalqaro ta’lim agentliklari registratsiyasidan o‘tishi, xalqaro reytinglarda qatnashish imkoniyatlari kengaydi.

Talabalarimiz bemalol boshqa mamlakatlardagi oliygohlar bilan kredit mobillik asosida akademik almashinuv, qo‘shma diplom dasturlari va o‘qishni ko‘chirish jarayonlarida ishtirok etishi mumkin, o‘qituvchilar almashinuvini ham kengroq yo‘lga qo‘yishimiz mumkin”.

Mutaxassisning izohicha, kredit-modulning aynan ECTS turiga o‘tilishiga sabab, bu dunyo bo‘yicha eng maqbul variant va O‘zbekistonga qo‘shni davlatlar ham shu tizimdan foydalanadi.

O‘zbekistonda joriy qilingan kredit-modul Yevropadagidan qanday farq qiladi?

Solishtiruvlarimizga ko‘ra, ECTS'ni O‘zbekistonda joriy qilish nizomidagi talablar Yevropa oliy ta’limidagidan deyarli farq qilmaydi. Lekin amaliyotda mahalliy oliygohlarning aksariyati bu tizimni o‘ziga moslashtirib olgan, ya’ni ESTS'ning hamma talablari ham bajarilmayapti.

Avvalo, Vazirlar Mahkamasi qarori va nizomida oliygohlarga qanday talablar qo‘yilgani bilan tanishsak. Qarorda keltirilishicha, talaba 1 yilda 60, 4 yilda 240 kredit yig‘ishi kerak. 1 kredit o‘rtacha 25-30 akademik soatlik o‘quv yuklamasiga teng. Ya’ni talaba muayyan fandan tegishli kreditlarni to‘plashi uchun ma’lum miqdordagi o‘quv yuklamasini o‘zlashtirishi zarur. O‘quv yuklamasi bakalavriatda – 40-50 foiz auditoriya soati, 50-60 foiz mustaqil ish soatiga, magistraturada –30-40 foiz auditoriya soati, 60-70 foiz mustaqil ish soatiga bo‘linadi. Bu Yevropada joriy qilingan ECTS bilan bir xil.

Talabaga professor-o‘qituvchi tanlash imkoniyatining berilishi

Polsha va Koreya universitetlarida talaba-almashinuv dasturida o‘qib kelgan  Tahsinabonu Muftohiddinova ham kredit-modul tizimining asosiy afzalligi sifatida o‘qituvchi tanlash imkoniyatining borligini ko‘rsatadi.

“Masalan, – deydi u, – men o‘qib kelgan oliygohlarda talaba universitetga kirsa, unga fanlar va o‘qituvchilar ro‘yxati beriladi. Aytaylik, matematika fanidan A, B, C o‘qituvchilar bor va hammasi bitta fanni har xil vaqtda o‘qitadi. Talaba o‘ziga yoqqan yoki o‘ziga qulay vaqtdagi o‘qituvchini tanlaydi. Lekin O‘zbekistondagi aksar oliygohlarda talabaga hali bunday imkoniyat berilmayapti”.

Vazirlar Mahkamasi qarorida ham talabalarga fan doirasida professor-o‘qituvchilarni tanlash imkoniyatini berish talabi qo‘yilgan. Abbos Xo‘jayevning bunga qo‘shimcha qilishicha, professorlarni tanlashda talabaga tyutor yordam beradi. OTMda nechta fan bo‘lsa, barchasida yetarlicha o‘qituvchi bor.

“Ba’zi fanlar juda noyob hisoblanib, o‘qituvchi kam bo‘lishi mumkin. Lekin shunda ham o‘qituvchilarni topib, kerak bo‘lsa, xorijdan professorlar taklif qilish kerak. Oliy ta’lim talabaga faqatgina bitta o‘qituvchi berib, faqat shuni tanlaysan deyishi noto‘g‘ri”, – dedi vazirlik bo‘lim boshlig‘i.

Davomat majburiymi?

Yevropa ta’limida talaba darslarda doimiy ishtirok etishga majburlanmaydi. Talaba davomat qilib boriladi, lekin bu kreditlar yig‘ishga jiddiy ta’sir qilmaydi. Shuningdek, ECTS tizimi joriy qilingan Yangi O‘zbekiston universiteti prorektori Elyorjon Jumayev ham OTMda shunday tizim joriy qilinganini ta’kidladi.

“Kredit sistemasida davomat hisobga olinmaydi. Masalan, bizda talabaning darsda qatnashgani uchun kreditning 15 foizi beriladi. Talaba keyinchalik shu fanni o‘zi yetkazib o‘qib olishiga ishonsa, ma’lum darslarga qatnashmay mustaqil o‘zlashtirib olishi mumkin. Masalan, talaba darsning 50-60 foizida qatnashgan bo‘lsa, 8 yoki 9 ball beriladi. Lekin qolgan fanlarni o‘zlashtirish bo‘yicha o‘z talablari bor. Masalan, 15 foiz davomat, 25 foiz oraliq imtihon, qolgani darsdagi faollik va yakuniy imtihon uchun beriladi. Lekin shu tomoni borki, bizda bitta darslarni qoldirgan talaba keyingi darsni o‘zlashtirishi qiyin, chunki mavzular o‘rtasida bog‘liqlik bor”, – dedi u.

Vazirlar Mahkamasi qarorida talabalarning o‘quv mashg‘ulotlarga qatnashishi haqida belgilangan tartib bor. Bir fanga ajratilgan auditoriya soatining 25 foizini va undan ortiq soatni sababsiz qoldirgan talaba ushbu fandan chetlashtirilib, yakuniy nazoratga kiritilmaydi va bu fan bo‘yicha tegishli kreditlarni o‘zlashtirmagan hisoblanadi. Yakuniy nazorat turiga kiritilmagan yoki kirmagan, shuningdek, ushbu nazorat turi bo‘yicha qoniqarsiz baho olgan talaba akademik qarzdor hisoblanadi.

Abbos Xo‘jayevning izohlashicha, kredit-modul tizimi, “Ta’limning xalqaro standart klassifikatsiyasi”, oliygohlarga akademik va moliyaviy mustaqillik berish jarayonlari yangilik bo‘lgani uchun oldingi tizimning ayrim tartib-qoidalari hozircha ma’lum darajada saqlanib qolmoqda.

“Shuning asosida davomat masalasi ham birmuncha vaqt saqlanadi. Davomat yuritishni bekor qilishni monitoring natijalari ko‘rsatadi. Kelgusida davomat yuritishga ehtiyoj qolmagan taqdirda u bekor qilinadi”, – dedi u.

Talabada fanlarni tanlash huquqi bor

ECTS tizimida talaba uchun majburiy va tanlov fanlari bloki joriy qilingan. Talaba qaysi sohaga ixtisoslashuviga ko‘ra ma’lum fanlarni o‘zi tanlashi mumkin.

“Kredit-modulda shaxsiy ta’lim trayektoriyasi degan joyi bor, – deydi Abbos Xo‘jayev – tanlov fanlari shu trayektoriya uchun muhim. Masalan, qaysidir yo‘nalish bo‘yicha 5ta tanlov fani bor. Ana shu 5taning har birida 3-4ta alternativ fanlar bo‘ladi. Talaba kelgusi kasbi, rejalashtirayotgan ish joyi, faoliyat turiga qarab va bularga zarur bo‘ladigan bilim va ko‘nikmalarni hisobga olib ana shu fanlarni tanlaydi”.

Bundan ko‘rinadiki, talaba o‘zi o‘qiyotgan oliygohdan unga fanlarni tanlash imkoniyati berilishini talab qilishga haqli.

Yetarli kredit yig‘olmagan talaba to‘lov qilib, qayta o‘qiydi

Qarorda keltirilishicha, akademik qarzdor talaba ta’til vaqtida yoki keyingi semestrlarda o‘zlashtirilmagan kreditlar miqdoriga mos to‘lovni amalga oshiradi va o‘zlashtirilmagan fanlarni o‘z hisobidan qayta o‘qish huquqiga ega bo‘ladi. Bu nima degani?

Oliy ta’lim vazirligi rasmiysi Abbos Xo‘jayevning tushuntirishicha, talaba fanlardan yetarli kredit to‘play olmasa, o‘zlashtirilmagan kreditlar uchun 1 marta to‘lov qilib, ularni “yozgi semestrda” qayta topshiriradi.

Talaba quyidagi hollarda akademik qarzdor hisoblanadi:

– auditoriya soatini 25 foiz sababsiz qoldirgan bo‘lsa;

– yakuniy nazorat turiga kiritilmagan yoki kirmagan bo‘lsa;

– nazorat turi bo‘yicha qoniqarsiz baho olgan bo‘lsa.

Oliygohlar zimmasidagi majburiyatni bajarishi, pul to‘layotgan talaba esa talab qilishi kerak

Xulosa o‘rnida, kredit-modul tizimi joriy qilingan oliygohda o‘qiydigan talabaga berilishi kerak va talaba oliygohdan talab qilishi mumkin bo‘lgan jihatlarni umumlashtiramiz.

Talaba keyinchalik qaysi sohada ishlashiga qarab, o‘zi fan tanlash huquqiga ega va oliygoh talabaga bunday imkoniyatni berishi shart.

Talaba o‘qitilayotgan fan bo‘yicha ham o‘qituvchini o‘zi tanlash huquqiga ega va oliygoh bunga sharoit yaratib berishi shart.

Talaba muayyan mavzularni mustaqil o‘zlashtira olishiga ishonsa, bir fanga ajratilgan auditoriya soatining 25 foizigacha miqdorda darslarga kelmaslikka haqli. Agar bu 25 foizga yetsa yoki undan oshsa, talaba ushbu fandan chetlashtirilib, yakuniy nazoratga kiritilmaydi.

Zuhra Abduhalimova,

Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid