18:48 / 01.12.2021
22142
«Orzu yo‘lida to‘siq uchrasa, orzuni emas, unga yetaklaydigan yo‘lni o‘zgartirish kerak» – uchta davlatga grant yutgan moliyachi qiz hikoyasi

Odatda ilm yo‘lidagi sarguzashtlar oliygoh devorlaridan tashqarida sodir bo‘ladi. Bakalavrni uchta mamlakatdagi universitetda o‘qigan Tahsinabonu katta dasturlarda volontyorlik qilgan. U oliygohdan tashqarida ham qiziqarli hayot borligi, uni qanday o‘tkazish va talaba uchun ijtimoiylashuv muhimligi haqida o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

Tahsinabonu Muftohiddinova Farg‘ona shahrida tug‘ilib, maktab va kollejni shu yerda o‘qigan. Keyin Toshkent moliya institutiga o‘qishga kirgan.

«Moliya yo‘nalishini tanlashimga bobom sababchi bo‘lganlar. U kishi matematik, injyener-konstruktor. Bobom bilan bolaligimdan matematika ustida ishlardik. Shu sabab, matematikaga qiziqishim ortib, bu bo‘yicha xorijda o‘qimoqchi edim, uyimdagilar esa buni uncha xohlashmadi», deydi qahramonimiz.

Talaba-almashinuv dasturi orqali Polshaga ketish

Moliya institutiga o‘qishga qabul qilingandan keyin ham Tahsinaga chet elda o‘qish istagi tinchlik bermay, ingliz tilini yaxshiroq o‘rgana boshlaydi. Keyin a'lo baholarda o‘qigan talabalar xorijiy OTMlarning almashinuv dasturlarida qatnashishi mumkinligidan xabar topadi.

«Buning uchun talaba ijtimoiy hayotda ham faol bo‘lishi talab etilardi. Shu sabab, birinchi kursligimda «The Young Leaders Development Project» – yosh liderlarni rivojlantirishga oid dasturda marosimlar menejyeri sifatida qabul qilinganman. 6 oy shu dasturda malakamni oshirdim. Dastur davomida xalqaro yoshlar sammiti, respublika miqyosida debat, insholar tanlovi, Toshkentda ilk marta innovatsion ta'lim simfoziumini tashkil qilganmiz», deydi suhbatdoshimiz volontyorlikka kirib kelgani haqida.

Aynan volontyorlik Tahsinaga birinchi kursda Erasmus+ dasturi doirasida grant yutish uchun katta yordam bergan. Shu tariqa qahramonimiz ikkinchi kursning birinchi semestrini o‘qish uchun Polshaning Krakov iqtisodiyot universitetiga yo‘l oladi.

«Universitetda meni eng ko‘p hayratlantirgan narsa kutubxona edi. Ularda kechasi 22:00gacha kutubxona ochiq bo‘ladi. U yerda bemalol o‘z yo‘nalishingiz bo‘yicha izlanishlar olib borish, dars tayyorlash imkoniyati bor. Har kuni kutubxonaga borib dars tayyorlashga harakat qilardim, kutubxonachi ham meni tanib qolgandi».

«Talabga javob bersangiz, almashinuv dasturida tanlab olinasiz»

Tahsina Polshadan qaytgach, volontyorlik dasturlarida qatnashishni davom ettiradi. O‘zbekistondagi Erasmus+ milliy ofisida volontyorlik dasturiga qabul qilinib, bu yerda Koreyaning SolBridge xalqaro oliy biznes maktabi granti haqida eshitadi.

«Polshadan qaytib kelganimdan keyin, yana xorijga ketish, ko‘proq narsa o‘rganishni xohladim. Talabalar almashinuv dasturlarini qidirdim. Va SolBridge xalqaro oliy biznes maktabiga hujjat topshirib, muvaffaqiyatli qabul qilindim», deydi qahramonimiz.

Tahsinaning aytishicha, bunday almashinuv dasturlari milliy OTM talabalariga bir paytning o‘zida ham o‘zlarining institutlarida, ham Yevropa, Amerika yoki Osiyoning rivojlangan mamlakatlarida o‘qish imkoniyatini beradi: «O‘z tajribamdan kelib chiqib shuni aytamanki, bunday dasturlarga tanlab olish jarayoni shaffof bo‘ladi. Balki qandaydir tanish-bilishchilik bo‘ladi, deb o‘ylashar. Ishoning, yozilgan barcha talablarga javob bersangiz, tanlab olinasiz».

Keyingi bekat Shotlandiya

Tahsinabonu bular bilan cheklanmadi, u Islom Karimov nomidagi milliy stipendiyani olishga ham harakat qilib ko‘rdi va bu vazifani-da uddaladi. Hozir Moliya instituti magistraturasiga imtiyoz asosida qabul qilingan.

«O‘qishda o‘zimdan qoniqmas edim. Yana nimadir qilishim kerak edi, shu sabab Shotlandiyaning Dandi universiteti moliya va risklarni boshqarish yo‘nalishi bo‘yicha magistraturaga ham hujjat topshirib ko‘rdim va kontrakt asosida qabul qilindim. Ammo kontrakt, yashash xarajatlari biroz baland edi. Xarajatlarni qoplash uchun «El-yurt umidi» jamg‘armasi grantiga harakat qildim. Birinchi urinish o‘xshamadi, ammo ikkinchi urinishda jamg‘arma menga o‘qish uchun grant ajratadigan bo‘ldi», deydi muvaffaqiyat yo‘lida aslo to‘xtamaydigan suhbatdoshimiz.

Nega talaba uchun volontyorlik dasturlari muhim?

Tahsinaning aytishicha, talaba yoshlar uchun ijtimoiy loyihalarda qatnashish foydali. Bunday loyihalar talabaning faollashuvi, ijtimoiylashuviga yordam beradi. Volontyorlik dasturlari 2-6 oy davom etadi. Uning o‘zi ham institutni bitirguncha volontyorlik qilgan.

«Men juda ko‘p do‘stlarimni volontyorlik jarayonida uchratganman. Hozir Amerika, Belgiya, Vengriya, Ispaniya, Turkiya, Angliya, Niderlandiya, Portugaliyada o‘rtoqlarim bor. Shu davlatlardan birortasiga borsam, bemalol ular bilan vaqt o‘tkaza olaman. Bu bilan aytmoqchimanki, talaba talabalik davrida faqat institutning o‘zida vaqt o‘tkazishi kerak emas, ular o‘zining komfort zonasidan tashqariga chiqishi kerak. Xorijda o‘qishni juda xohlagandim. Shu orzuning amalga oshishi uchun ko‘p harakat qildim. Natijada 4 yil davomida uchta oliygohda o‘qishga muvaffaq bo‘ldim. Kishi orzusi yo‘lida to‘siqqa uchrasa, orzuni emas, unga yetaklaydigan yo‘lni o‘zgartirishi kerak», deb so‘zini yakunladi Tahsina.

Suhbatdoshimizning aytishicha, bobosi matematika bo‘yicha professor bo‘lishni juda xohlagan, lekin ko‘plab to‘siqlar sabab bunga erisha olmagan. Tahsina bobosining bu orzusiga o‘zi erishmoqchi. Unga bu orzusi yo‘lida omad tilaymiz. Talabalik shunchaki oliygohga borib keladigan emas, inson hayotidagi eng muhim davrlardan biri ekanini tushunib yetgan Tahsina kabi yoshlar esa yanada ko‘proq bo‘lishini xohlab qolamiz.

Zuhra Abduhalimova suhbatlashdi,

Tasvirchi va montaj ustasi – Muhiddin Qurbonov.

Top