Jahon | 20:25 / 24.02.2022
44206
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik olimlar urushni to‘xtatishni so‘rab ochiq xat yozishdi

Foto: TASS

Rossiyalik bir qator olimlar va ilmiy jurnalistlar Ukraina bilan urushni to‘xtatishni so‘rab ochiq xat yozdi. Xatni 300 ga yaqin ziyolilar imzolagan.

«Rossiyalik olimlar va ilmiy jurnalistlar bizning harbiy kuchlarimiz tomonidan Ukraina hududida boshlangan harbiy harakatlarni keskin qoralaymiz. Bu halokatli qadam xalqaro xavfsizlikka daxl qiladi va insonlar o‘limiga sabab bo‘ladi. Yevropada kuzatilayotgan urush uchun javobgarlik to‘laligicha Rossiya gardaniga tushadi. Donbassdagi voqealardan harbiy harakatlarga bahona sifatida foydalanishni hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydi.

Ukraina Rossiyaga hech qanaqa xavf tug‘dirmayotgani ko‘rinib turibdi. Ukraina bizga yaqin davlat, unga qarshi urushdan hech qanday mantiq yo‘q. Ota-bobolarimiz natsizmga qarshi birgalikda kurashgan. Rossiya rahbariyatining shubhali tarixiy fantaziyasiga asoslangan geosiyosiy maqsadlar uchun urush ochish ota-bobolar xotirasiga xiyonatdir. Ukrainaning demokratik institutlar chindan ishlaydigan davlatchiligini hurmat qilamiz.

Qo‘shnilarimiz Yevropani tanlaganini hurmat qilamiz. Urush boshlash orqali Rossiya o‘zini dunyodan yakkalab qo‘ydi. Bu esa biz ortiq o‘z faoliyatimiz bilan shug‘ullana olmasligimizni anglatadi. Chunki boshqa davlatdagi hamkasblar bilan aloqada bo‘lmay ishlab bo‘lmaydi. Natsizm ustidan qozonilgan g‘alabada hal qiluvchi bo‘lgan davlatimiz bugun o‘zi urush ochadigan davlatga aylanganidan qattiq afsusdamiz.

Ukrainaga qarshi urushni tezda to‘xtatishga, Ukrainaning hududiy yaxlitligini hurmat qilishga chorlaymiz. Keling, urush bilan emas, ilm-fan bilan shug‘ullanaylik», deyilgan ziyolilar xatida.

Mavzuga oid