O‘zbekiston | 11:20 / 25.02.2022
19124
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda havo harorati ko‘tarilishi kutilmoqda 

Bugun kunduz kuni O‘zbekiston hududi bo‘yicha havo biroz bulutli bo‘ladi, ba’zi joylarda o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Bu haqda “O‘zgidromet” xabar bermoqda.

Foto: Kun.uz

Qayd etilishicha, faqat kun birinchi yarmida Surxondaryo viloyatida va kun ikkinchi yarmida Samarqand viloyati, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin, respublika tog‘oldi hududlarida ba’zi joylarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Havo harorati 13-18 daraja iliqni tashkil qiladi.

Qish fasli oxirgi kunlarida Eron hududlaridan havo kirib kelishi kuchayishi hisobiga O‘zbekistonda qish fasliga xos bo‘lmagan juda iliq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati kunduz kunlari 17-22 daraja iliqqacha, janubda 23-25 daraja issiqqacha ko‘tariladi, bu ushbu kunlarning iqlimiy me’yorlaridan 8-10 darajaga yuqori.

Respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat shimoliy hududlarga 27 fevral kuni Kaspiy dengizi hududlaridan nam havo massasi kirib kelishi boshlanadi. Yakshanba kuni Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘adi.

28 fevralda respublikaning barcha hududlarini nam havo massasi qamrab oladi, respublika hududlarida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi. Kunduz kungi harorat biroz pasayadi, ammo qish fasli oxiri uchun bo‘lgan me’yoriy qiymatlardan yuqori bo‘ladi.

25-28 fevral kunlari respublika tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi bor.

Mavzuga oid