O‘zbekiston | 08:48 / 04.03.2022
4179
2 daqiqa o‘qiladi

Foydalanilgan suv hisobini yuritish bo‘yicha yagona nazorat tizimi joriy qilinadi

Foto: Kun.uz

Prezidentning “Suv resurslarini aniq hisobga olish tizimini yo‘lga qo‘yish va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo‘yicha ma’murchilikni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Soliq kodeksining 133-moddasida suv resurslarini hisobga olishni amalga oshiruvchi organlar suvdan foydalanish yoki suvni iste’mol qilish joyidagi soliq organlariga suvdan foydalanuvchi shaxslar va ular tomonidan foydalanilgan suv hajmlari to‘g‘risida real vaqt rejimida elektron shaklda axborot taqdim etishi shart deb belgilangan.

Moliya vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi va Davlat soliq qo‘mitasining barcha foydalanilgan suv resurslari hisobini yuritish bo‘yicha yagona avtomatlashtirilgan nazorat tizimini joriy qilish bo‘yicha takliflari ma’qullanadi.

Suv xo‘jaligi vazirligi respublika hududidagi barcha suv resurslari, shu jumladan, qishloq xo‘jaligi sohasida foydalanilgan suv resurslari hisobini yuritish va ulardan samarali foydalanishni nazorat qilish bo‘yicha yagona maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organi etib belgilanadi.

Suv xo‘jaligi vazirligiga suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlash hamda suvdan foydalanish va suv iste’molida suv resurslarining hisobini yuritish yuzasidan tizimli monitoring o‘rnatilishini nazorat qilish vazifasi yuklatiladi.

Bunda, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda “O‘zsuvta’minot” AJ foydalanilgan suv resurslari hajmi to‘g‘risidagi axborotni har oyning yakuni bilan keyingi oyning 5-sanasiga qadar yagona ma’lumotlar bazasi orqali Suv xo‘jaligi vazirligiga taqdim etib borilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid