Shavkat Mirziyoyev pokistonlik ishbilarmonlar bilan uchrashdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 mart kuni Islomobod shahrida Pokistonning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbirda «Nishat Grupp», «Getz Farma», «Piramid Lojistiks», «Ejaz Grup», «AKD Grup», «Vax Nobel Grupp», «Najib Fayber», «Sapfir Grup» kabi ko‘plab kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.
Ushbu shirkatlarning umumiy aktivlari 40 milliard dollardan ziyodni tashkil etadi.
Davlatimiz rahbari xorijiy tashriflari chog‘ida bunday uchrashuvlar o‘tkazishga alohida vaqt ajratadi. Bu O‘zbekistonning hamkorlikka intilishi yuqori ekanini namoyon etib, ishbilarmonlarning ishonchini oshirmoqda.
Uchrashuvda mamlakatimizda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida bozor mexanizmlari joriy qilinayotgani, biznes rivojini cheklaydigan to‘siqlar bartaraf etilgani ta’kidlandi. Taraqqiyot strategiyasi asosida xorijiy biznes ishtirokini kengaytirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan. Jumladan, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda tizimli aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo hajmi 5 barobar oshgan. Pandemiya cheklovlariga qaramay yil boshidan beri ushbu ko‘rsatkich yana 70 foiz o‘sgan.
Prezidentimiz so‘zining avvalida Pokiston Bosh vaziri bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijalariga to‘xtaldi.
– Tarixiy tashrifimiz davomida ilk bor Imtiyozli savdo bitimini imzoladik. Transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni alohida nazoratga olishga kelishib oldik. Asosiy maqsadimiz – mahsulotlarni davlatlarimiz o‘rtasida to‘siqsiz va eng qisqa muddatlarda yetkazib berish tizimini yaratishdan iborat, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bunday e’tibor va sharoitlar o‘zaro aloqalarni faollashtirib, yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 500 million dollarga, kelgusi esa 1 milliard dollarga yetkazish uchun mustahkam zamin yaratishiga ishonch bildirildi.
O‘zbekiston Prezidentining tashrifi arafasida Islomobodda o‘tgan biznes forumda to‘qimachilik, farmatsevtika, qurilish materiallari, bank-moliya, kimyo sanoati va boshqa yo‘nalishlarda umumiy qiymati 800 million dollarlik savdo va investitsiya loyihalari bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan edi. Bu loyihalarning barchasi sanoat kooperatsiyasi dasturiga kiritilib, qat’iy nazoratga olinishi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari Pokiston kompaniyalarini birgalikdagi loyihalarni ko‘paytirishga chaqirdi.
- Bugun sizlarning aniq takliflaringizni eshitmoqchiman. Bu yerda hukumat a’zolari, sanoat tarmoqlari mas’ullari yig‘ilgan. O‘zbekistonda biznesingiz uchun qanday sharoit, nima kafolat kerak bo‘lsa, ko‘rib chiqishga tayyormiz, - dedi Prezident.
Uchrashuvda hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, turli sohalarda mavjud imkoniyatlar yuzasidan fikr almashildi. Istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Prezidentimiz ishbilarmonlarning rejalarini ma’qullab, barcha tashabbus va shartnomalarni o‘z ichiga olgan “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq berdi.
Mavzuga oid
12:40 / 19.11.2024
2025 yilda tuman va shaharlar budjetlari 1,5 barobarga oshadi
12:27 / 19.11.2024
Mahalliy kengashlar har yarim yilda matbuot anjumani o‘tkazishi kerak - prezident
12:11 / 19.11.2024
Prezident yangi saylangan senatorlarning faol bo‘lishiga ishonch bildirdi
11:04 / 19.11.2024