O‘zbekiston | 19:14 / 09.03.2022
7735
6 daqiqa o‘qiladi

TATU Qarshi filiali qoshidagi “o‘gay” litsey: yotoqxona ta’miri chala, voyaga yetmagan o‘quvchilar ijarada

Qariyb to‘rt yil oldin Qashqadaryo viloyati hokimligi topshirig‘i bilan kapital ta’mirga tushgan TATU Qarshi filialiga qarashli akademik litsey yotoqxonasida ish to‘xtab qolgan. Natijada 100-200 kilometrdan kelib tahsil olayotgan, voyaga yetmagan o‘quvchilar ijarada yashashga majbur bo‘lmoqda.

Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ

Kun.uz Qashqadaryoda bo‘lib, litsey jamoasi, TATU Qarshi filiali rahbariyati hamda dastlab ta’mir uchun mablag‘ ajratgan va ishni oxiriga yetkazmagan viloyat hokimligi mansabdorlaridan vaziyatga izoh oldi.

Qashqadaryo viloyati hokimligi injiniring kompaniyasi va “Nasaf maxsus ixtisoslashtirilgan kapital qurilish” xususiy korxonasi o‘rtasida 2019 yil 8 oktyabrda tuzilgan pudrat shartnomaga ko‘ra, 1 mlrd 866 mln so‘mga mahalliy budjet tomonidan moliyalashtirilib, o‘sha yilning dekabr oyida bino to‘liq foydalanishga topshirilishi kerak edi. Biroq 924 mln so‘mlik ish amalga oshirilgan, xolos.

Yotoqxona shundoqqina litsey hovlisida joylashgan ekan. Demak, u ishga tushirilsa, o‘quvchilar muassasa binosidan tashqariga chiqmagan holda tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ
Foto: KUN.UZ

Bu boradagi qator tashkilotlarga yo‘llangan murojaatlar samara bermagan.

Foto: KUN.UZ

Akademik litsey psixologi Shahodat Mehmonova o‘quvchilarning ijarada turishi ko‘plab noqulayliklar keltirib chiqarayotganini bildirdi. Uning aytishicha, o‘quvchilar olis tumanlardan kelib o‘qishadi va yo‘l xarajatlarining o‘ziyoq ota-onalarga og‘irlik qiladi. Qolaversa, hali voyaga yetmagan o‘g‘il-qizlarning ijarada yashab, ustozlar ko‘z oldida bo‘lmasligi, ta’lim-tarbiyasini nazorat qilish imkoniyatining kamligi noxush holatlarga ham sabab bo‘lishi mumkin.

“Bundan tashqari, o‘quvchilarimiz litsey yotoqxonasiga joylashtirilsa, darsdan keyingi bo‘sh vaqtlarida qo‘shimcha mashg‘ulotlarga ko‘proq jalb qilamiz, ovqatlanishlari, kundalik ehtiyojlari ham ancha arzonga tushadi”, dedi psixolog.

Foto: KUN.UZ

“Qiz bola bo‘lganim uchun ham tezroq litseyimiz yotoqxonasi foydalanishga tushishini kutyapman. O‘qishga qatnash menga har tomonlama qiyinchilik tug‘dirmoqda” deydi Mirishkor tumanidan kelib o‘qiyotgan o‘quvchi Ozoda Jo‘rayeva.

Darhaqiqat, mazkur litsey joylashgan hududda yirik oliy ta’lim muassasalari ham joylashgani sabab, o‘quvchilar osonlikcha ijara uy topolmaydi. Bori ham qimmat yoki sharoiti ko‘ngildagidek emas.

TATU Qarshi filiali direktori vazifasini bajaruvchi Otabek Omonov ta’mirlash ishlari mablag‘ yo‘qligi sabab to‘xtab qolganini aytib, masala viloyat kengashi sessiyasi tasdig‘iga kiritilganini ma’lum qildi.

Taqdim qilingan hujjatlar orasida Qashqadaryo viloyat hokimligi injiniring kompaniyasi tomonidan 2021 yilning 30 dekabrida viloyat hokimi o‘rinbosari A.Eshonqulov nomiga yuborilgan xat ham bor. Unda keltirilishicha, TATU Qarshi filialiga qarashli yotoqxonani kapital ta’mirlash topshirig‘i viloyat hokimligi tomonidan berilgan. Kapital ta’mirni yakuniga yetkazib qo‘yish uchun qariyb bir mlrd so‘m mablag‘ talab qilinishi va o‘sha summa mahalliy budjet hisobidan injiniring kompaniyaga o‘tkazib berish so‘ralgan. Buni qarangki, o‘tgan yili viloyat injiniring kompaniyasi TATU Qarshi filialidan ham akademik litseyni ta’mirlash uchun mablag‘ ajratishda amaliy yordam so‘ragan.

Demak, viloyat injiniring kompaniyasida ushbu masala yuzasidan aniq chora-tadbirning o‘zi yo‘q. Aks holda bir nechta tashkilot nomiga mablag‘ ajratishda yordam bering, yotoqxonaning ta’mirini tugatib qo‘yaylik, deb xat yozmasdi. Chunki bir obektni ta’mirlashga kirishishdan avval injiniring kompaniya atalmish yirik tashkilot avvalo, moliyaviy manbaning qayerdan qoplanishi, obektni foydalanishga topshirish muddati va shu kabi boshqa loyiha hujjatlari haqida bosh qotirishi lozim.

Akademik litsey yotoqxonasida qurilish ishlarini yakunlash uchun mahalliy budjetdan mablag‘ ajratish ko‘zda tutilyaptimi-yo‘qmi, degan savol bilan viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Nodir Erkayevga murojaat qildik. Erkayev garchi dastlab viloyat kengashi sessiyasi qarori va hokimining topshirig‘i bilan litsey yotoqxonasini ta’mirlashga mablag‘ ajratilgan bo‘lsada, qolgan mablag‘ni ajratish uchun hujjatlarga yana bir qarab olishini ma’lum qildi. Hokimning birinchi o‘rinbosari ishchi guruh yordamida ushbu masalani o‘rganib, vaziyat bo‘yicha bizga ma’lumot taqdim qilinishini bildirganiga ham bir necha hafta o‘tdi. Ammo bu muddat ichida hokimlik hech qanday amaliy harakat qilmagani xabar berildi.

TATU Qarshi filiali rahbariyati to‘rt yil avval viloyat hokimligi bosh-qosh bo‘lgan litsey ta’miri nega yarmida to‘xtab qolgani bo‘yicha tayinli izoh ololmayapti.

Xulosa qilish mumkin, hozircha akademik litseyga na hududiy jihatdan mansub bo‘lgan Qashqadaryo viloyati hokimligidan, na otaliqqa olgan TATU Qarshi filialidan hech qanday amaliy yordam berilmayapti.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.

Suratlar muallifi Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid