Jahon | 07:17 / 10.03.2022
30637
3 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreyadagi prezidentlik saylovlarida muxolifatchi Yun Sok Yol g‘alaba qozondi

«Fuqarolik kuchi» konservativ muxolifat partiyasidan nomzod Yun Sok Yol Janubiy Koreya prezidenti bo‘ldi. Bu haqda mamlakat milliy saylov komissiyasi xabar qilmoqda.

Foto: AFP

Janubiy Koreyada prezidentlik saylovi 9 mart kuni bo‘lib o‘tdi, unda saylovchilarning 77,1 foizi ishtirok etdi, 44 milliondan ortiq saylovchining 34 milliondan ortig‘i ovoz berdi.

Prezidentlikka asosiy nomzodlar hukmron Birlashgan demokratik partiyadan Li Chjye Myon va uning muxolifatdagi konservativ «Fuqarolik kuchi» partiyasidan asosiy raqibi Yun Sok Yol bo‘ldi. Markazchi «Xalq partiyasi»dan mamlakatdagi uchinchi eng mashhur nomzod An Chol Su saylov oldidan nomzodini Yun Sok Yol bilan birlashtirganini e’lon qildi.

Milliy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 100 foiz ovoz sanab chiqilgach, Yun Sok Yol 48,56 foiz, Li Chjye Myon esa 47,83 foiz ovoz olgani aniqlandi.

«Saylovoldi tashviqotini olib borishda men ko‘p narsalarni o‘rgandim. Masalan, davlat rahbariga nima kerak, fuqarolarning ovozini qanday eshitish kerak, sababi saylov o‘tkazyapmiz, fuqarolar uchun kurashyapmiz. Hozir raqobat tugadi va biz fuqarolarimiz hamda Koreya Respublikasi uchun kuchimizni birlashtirishimiz kerak», dedi Yun Sok Yol g‘alabadan keyin xalqqa murojaatida. 

U konstitutsiya va parlamentni hurmat qilishini, hozirda demokratlar ko‘pchilik o‘rinlarni egallashini va Demokratik partiya bilan kuchlarini birlashtirishini ta’kidladi. 

Sobiq bosh prokuror Yun Sok Yol yaqinda siyosatga kirdi. U 2020 yil oxirida, hukumatning prokuraturani isloh qilishiga ochiqchasiga qarshi chiqqani va ommaviy axborot vositalarida tez-tez tilga olingan paytdan boshlab jamoatchilik orasida mashhur bo‘la boshladi. Konservativ saylovchilar e’tiborini uning sobiq prezident Mun Chjye In ma’muriyatiga va o‘sha paytda tayinlangan sobiq adliya vaziri Chxu Mi Ega qarshi uzoq davom etgan kurashi jalb qildi.

Yun Sok Yol hukumatni qobiliyatsiz va korrupsiyalashgan deb atab, hokimiyatni «xususiylashtirayotgani» va xalqni «talon-toroj qilayotgani»ni bildirgan. Bu jarayonda bosh prokuror bir qancha axloqiy va huquqiy qoidabuzarliklarda ayblanib, bir necha bor ishdan majburan chetlashtirildi, biroq keyinchalik sudda o‘z huquqlarini himoya qildi. 2021 yil mart oyida u o‘z lavozimini tark etdi va prezidentlik saylovlarida mustaqil nomzod sifatida ishtirok etishga qaror qildi, ammo keyin «Fuqarolik kuchi» partiyasiga qo‘shildi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid