Janubiy Koreyada sud mamlakat sobiq prezidenti Yun Sok Yolni Shimoliy Koreyaga dron yuborilishini tashkillashtirgani uchun 30 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. U o‘tgan yili ham mamlakatda harbiy holat joriy etilishi bilan bog‘liq isyon tashkil qilishda aybdor deb topilib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingandi.
Prokuraturaga ko‘ra, Yun 2024 yil oktyabrida KXDR hududiga dronlar uchirish bo‘yicha operatsiya o‘tkazishga buyruq bergani aniqlangan – u bu orqali Pxenyanga provokatsiya qilish va harbiy holat joriy etish uchun bahonaga ega bo‘lishni maqsad qilgandi.
3 dekabr kuni, Yun urush alomatlari bo‘lmagan holda harbiy holat e’lon qilgandi, u o‘shanda mamlakatni Shimoliy Koreyaga xayrixoh bo‘lgan «davlatga qarshi» kuchlardan himoya qilayotganini ta’kidlagandi.
Mamlakatda harbiy holat e’lon qilishga kutilmagan urinish olti soat o‘tib muvaffaqiyatsizlikka uchradi: parlament harbiy holatni bekor qilish uchun ovoz berdi, prezident esa ortga chekindi.
Parlament avvaliga prezidentga impichment e’lon qildi, keyin esa u Konstitutsiyaviy sud tomonidan lavozimidan butunlay chetlashtirildi.
Ko‘p o‘tmay u hibsga olindi va isyon tashkil etishga urinishda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Prokuratura u uchun o‘lim jazosi talab qilgandi. Ayblov tomoni versiyasiga ko‘ra, u hokimiyatning sud va qonun chiqaruvchi tarmoqlari ustidan nazoratni qo‘lga kiritish orqali hokimiyatni saqlab qolishga intilib, harbiy holat e’lon qilgandi.
Juma kuni Seul okrug sudi Yunni, shuningdek, uning hukumatida mudofaa vaziri bo‘lgan Kim Yon-hyon, mamlakat mudofaa vazirligi Harbiy kontrrazvedka qo‘mondonligi sobiq rahbari Yo In Hyun hamda Dronlar bilan amaliyot o‘tkazish qo‘mondonligi sobiq rahbari Kim Yon-deni dushman tomonga yordam berish va hokimiyatni suiiste’mol qilish ayblovlari bo‘yicha aybdor deb topdi. Kim 30 yilga qamaldi, Yoga 15 yil berildi, Kim Yon-de esa 5 yillik sinov muddati bilan 3 yilga shartli ravishda ozodlikdan mahrum qilindi.
«Sudlanuvchilar harbiy operatsiyadan Shimoliy Koreyani provokatsiya qilish va favqulodda holat yaratish uchun niqob sifatida foydalanishgan», – deyiladi sud hukmida.
Sudning hisoblashicha, uchala harbiy amaldor ham «Shimoliy Koreyaga provokatsiya qilgan» va bu bilan «harbiy mojaro xavfini oshirgan», ammo bu voqea uchun «eng katta mas’uliyat» Yunning zimmasida bo‘lgan.
Yunning advokatlari uning harakatlarini «Shimoliy Koreyaning chiqindi solingan havo sharlari orqali qilgan provokatsiyalari»ga «qonuniy» javob deb atashmoqda.









