O‘zbekiston | 14:33 / 12.03.2022
81760
5 daqiqa o‘qiladi

YPX xodimlari biometrik pasportni inobatga olmay, jarima yozmoqda. Bu qonunga zid

Fuqarolarning shaxsiy avtomobili yo‘l harakati xavfsizligi xodimi tomonidan to‘xtatilib tekshirilganda, xodimga taqdim qilingan biometrik pasport inobatga olinmasdan, haydovchiga nisbatan tegishli hujjatlarsiz avtomobil boshqarganlik aybi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish holatlari uchramoqda.

Foto: Toshkent shahar IIBB axborot xizmati

2022 yil 1 martdan boshlab Kun.uz'ga haydovchilarning YPX xodimlarining xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib yo‘llagan murojaatlari soni ortdi. Ularning aksariyati bir xil mazmunda.

Xususan, Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaro O‘ktamjon To‘ychiyevning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, 2022 yil 9 mart kuni o‘zi boshqarib ketayotgan “Jiguli” avtomobili Kattaqo‘rg‘on shahri YPX xodimi tomonidan to‘xtatilib, undan hujjatlari so‘ralgan. Haydovchi YPX xodimiga yonida bo‘lgan biometrik pasportini taqdim etgan. YPX xodimi biometrik pasport orqali haydovchiga tegishli hujjatlarni planshetdan tekshirish imkoniyati yo‘qligini bildirib, undan haydovchilik guvohnomasi va boshqa hujjatlarini so‘ragan.

2022 yil 1 martdan boshlab yonida biometrik pasport yoki ID-kartasi mavjud bo‘lganda, haydovchidan “prava”, texpasport va sug‘urta hujjatlarini yonida olib yurishi talab etilmasligi bo‘yicha qonun kuchga kirganini, planshetdan tekshira olmasa, bu o‘zining muammosi ekanini “GAI” xodimiga tushuntirishga urindim. Biroq u tushunishni xohlamadi va biometrik pasportimni inobatga olmay, menga nisbatan bayonnoma tuzib, 270 ming jarima soldi”, – deydi haydovchi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, MJTK 135-modda bilan javobgarlikka tortilgani sababli ayni vaqtda avtomobili jarima maydoniga joylashtirilgan.

Bundan tashqari, haydovchining so‘zlariga ko‘ra, o‘sha vaqtda YPX xodimi ma’muriy bayonnomani planshetda tuzgani uchun haydovchidan barmoq izini bosishni so‘rash bilan cheklangan. Ammo haydovchini bayonnoma bilan tanishtirmagan. 11 mart kuni YHXX Kattaqo‘rg‘on shahar bo‘limiga borib, bayonnoma bilan tanishmoqchiligini bildirsa ham, mas’ullar bayonnoma planshetda rasmiylashtirilganini bildirib, unga bunday imkoniyatni taqdim etmagan.

Qonunchilik nima deydi?

2021 yil 30 noyabrdagi qonun bilan MJTKning 135-moddasi to‘rtinchi qism bilan to‘ldirilgan bo‘lib, unga muvofiq 2022 yil 1 martdan boshlab yonida biometrik pasport yoki ID-kartasi mavjud bo‘lganda, haydovchi boshqa hujjatlarni ko‘rsatishi talab etilmaydi.

Biroq, 2021 yil 15 oktyabrda qabul qilingan hukumat qarorida biometrik pasport ko‘rsatilmagan: “haydovchining yo‘l-patrul xizmati inspektoriga taqdim etilishi lozim bo‘lgan hujjatlari yonida bo‘lmagan taqdirda mazkur hujjatlar maxsus planshet qurilmasi yordamida identifikatsiya ID-kartasi orqali tekshiriladi”, deyilgan Vazirlar Mahkamasi qarorida.

“Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunning 18-moddasiga binoan, turli hujjatlar o‘rtasida tafovutlar bo‘lgan taqdirda yuqoriroq yuridik kuchga ega normativ-huquqiy hujjat qo‘llaniladi. Ya’ni qonun yuridik jihatdan hukumat qaroridan ustun turadi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi 975-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, yo‘l harakati qatnashchilari YPX xodimlari bilan o‘zaro munosabatlarda o‘ziga nisbatan rasmiylashtirilgan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish hujjatlari bilan tanishish, ulardan o‘z hisobidan nusxa ko‘chirish yoki ularni fotosuratga olish huquqiga ega.

YPX xodimlari planshetdan haydovchilarning hujjatlari mavjudligini tekshira olmayotgani Ichki ishlar vazirligi tizimni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olmagani (ehtimol, yetarlicha dasturiy imkoniyat yaratilmagan), qonun ijrosini chala ijro qilayotganini anglatadi. Bu tizimli muammoning sababini so‘rash maqsadida IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati axborot xizmati bilan bog‘lanishga bo‘lgan urinishlarimiz besamar ketdi.

Ma’lumot uchun, MJTK 135-moddasiga ko‘ra, transport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlari, transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazganlik to‘g‘risidagi, shuningdek transport vositasiga egalik qilish, egasi yo‘qligida undan foydalanish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlari, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi yonida bo‘lmagan haydovchilarning transport vositalarini boshqarishi BHMning bir baravari miqdorida (270 ming so‘m) jarima solishga sabab bo‘ladi.

MJTK 135-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikning sodir etilishi MJTK 291-moddasiga asosan huquqbuzar avtomobilining jarima maydonida ushlab turilishiga asos bo‘ladi.

Mavzuga oid