Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Biz kuch ishlatish to‘xtatilishini istaymiz» - Abdulaziz Komilov Ukrainadagi vaziyat haqida
O‘zbekiston Ukraina atrofidagi vaziyatdan xavotirda va kuch ishlatishni to‘xtatib, barcha muammolar diplomatik yo‘l bilan hal etilishi tarafdori. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri Turkiyadagi forum vaqtida aytib o‘tdi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Turkiyaning Antaliya shahridagi Diplomatik forum vaqtida Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha munosabat bildirdi.
«Biz juda xavotirdamiz. Biz bu haqida ko‘p gapirishimiz mumkin. Ammo dunyodagi aksariyat odamlar kabi, biz ham kuch ishlatish to‘xtashini va barcha muammolar siyosiy-diplomatik yo‘llar bilan hal qilinishini xohlaymiz», dedi u ANews kanali muxbiri savoliga javoban.
Star.com.tr xabar berishicha, O‘zbekiston TIV rahbari forumda Afg‘oniston masalasidagi sessiyada chiqish qilgan va barqaror rivojlanishga faqat hamkorlik va aloqalarni kengaytirish orqali erishish mumkinligini ta’kidlagan.
Abdulaziz Komilovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston o‘zining geografik joylashuvi tufayli Osiyo va Yevropa mamlakatlari o‘rtasida ko‘prik barpo etishda muvaffaqiyat qozongan Turkiyadan o‘rnak olib, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarini bir-biriga yaqinroq bog‘lashga intiladi. U O‘zbekiston ham o‘z geografik joylashuvidan kelib chiqib, shu kabi rol bajarishiga ishonch bildirgan.
Komilov bugungi kunda Afg‘onistondagi asosiy vazifa — gumanitar inqirozga yo‘l qo‘ymaslik ekanini ta’kidlagan.
«Bugungi kun realligiga e’tibor qaratish vaqti keldi. Bugungi kundagi asosiy muammo — gumanitar inqirozlarning oldini olishdir. Biz qo‘shni davlat sifatida barcha mintaqaviy ijrochilar bilan birgalikda Afg‘oniston bilan o‘zaro aloqalar va iqtisodiy aloqalarni yaxshilash ustida ishlayapmiz», degan u.
- Fevral oyi oxirida O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov O‘zbekiston tomoni Ukraina hududida Rossiya tomonidan amalga oshirilayotgan harbiy harakatlar masalasida «vazmin, neytral pozitsiyada» ekanini ma’lum qilgandi. Rasmiy Toshkent barcha bahs va kelishmovchiliklar faqatgina xalqaro huquq normalari asosida hal qilinishi lozim deb hisoblashi ta’kidlangandi.
Mavzuga oid
23:16 / 12.06.2026
Yevropa Ittifoqi Ukraina va Moldova a’zoligi bo‘yicha muzokaralarni boshlaydi
17:21 / 12.06.2026
Rossiya–Ukraina urushida front chizig‘i: tashabbus kim tomonda?
16:47 / 10.06.2026
Ukraina «Flamingo» raketalari bilan Cheboksarga zarba berdi
10:00 / 10.06.2026