Pokistonlik Ahmad Navoz – migrant talaba. U Buyuk Britaniyaning eng nufuzli universitetlaridan biri – Oksfordda o‘qiydi.

Ahmad bolaligida katta ruhiy zarba olgan. U 2014 yilning dekabrida boshqa tengdoshlari bilan birga odatiy tarzda maktabga boradi. O‘sha kuni ularning maktabida pokistonlik “Tolibon” jangarilari otishma sodir qilishadi va hammasi bo‘lib 141 kishi halok bo‘ladi. Halok bo‘lganlar orasida Ahmadning maktabdoshlari, xususan ukasi Haris ham bor edi.
O‘sha otishmada Ahmadga ham o‘q otiladi, biroq o‘q boshiga emas, chap qo‘liga tegadi va bolada omon qolish instinkti kuchayib o‘zini o‘lganga solib oladi. Shundan so‘ng yarador Ahmadga boshqa o‘q otishmaydi.
“Haris qayerda?”
Ko‘zini ochganda Ahmad shifoxonada edi. U birinchi bo‘lib ukasi Haris haqida so‘raydi: “Haris qayerda?”

Ota-ona esa Ahmadga Haris boshqa shifoxonada davolanayotgani haqida aytadi. Biroq 2 haftadan so‘ng o‘ziga kelib ukasi o‘sha kungi otishmada halok bo‘lganini biladi.
Bir oydan so‘ng Ahmadning o‘q yegan chap qo‘lini saqlab qolish uchun Buyuk Britaniyaga, Birminhemdagi shifoxonaga olib ketishadi. O‘shanda ular oilaviy Buyuk Britaniyaga ko‘chadi. Ingliz tilidan bexabar bolaga shifoxonada shu tilda gapirishar, lekin u tilni mutlaqo tushunmagan. Shu tariqa, shifoxonadagi og‘riqli davolanishlardan so‘ng Ahmad tuzaladi.
“O‘shanda men o‘zimning oldimda 2 ta tanlov borligini his qilganman: yo hammasini unutib, baxtli bo‘lishga harakat qilib yashash yoki boshqa odamlar men, oilam his qilgan og‘riqlarni boshdan o‘tkazmasliklari uchun harakat qilish”, deydi Ahmad Navoz.
Suriya chegarasida ochilgan maktab
Ahmad tuzalgach, ingliz tilini o‘rganadi va o‘zi boshidan o‘tkazgan maktab fojiasi haqida maktablarga borib, nutqlar so‘zlaydi, og‘riqli bo‘lsa-da o‘z hikoyasini aytib beradi. Ahmadning fikricha, asosiysi ta’limning yetarli emasligi va bu – og‘riqli masala.

















