Maktablardagi ta’lim sifati sinfdagi o‘quvchilar soniga bog‘liqmi?
So‘rovnoma asosida Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti o‘rgangan ma’lumotlarga ko‘ra, bitta sinfda o‘rtacha 20dan 35 nafargacha o‘quvchi tahsil oladi. Hatto 40 nafardan ko‘p bola o‘qiyotgan sinflar ham mavjud.
Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti sinfdagi o‘quvchilar soni ta’lim sifatiga ta’sir qilishi borasida o‘rganishlar olib bordi.
Institut e’lon qilgan materialda xorijdagi maktablarda o‘rtacha qancha o‘quvchi tahsil olishi haqida ma’lumot beriladi:
- Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD – Yevropadagi davlatlar birlashmasi) – 23;
- AQSh – 24,3;
- Germaniya – 21;
- Buyuk Britaniya – 20,4;
- Finlandiya – 19;
- Yaponiya – 38
- Xitoyda – 30 nafarni tashkil etadi.
Institut O‘zbekiston maktablarida bitta sinfda o‘rtacha qancha o‘quvchi tahsil olishini aniqlash uchun so‘rovnoma o‘tkazdi. Natijalarga ko‘ra, respublikadagi maktablarning asosiy qismida 1 ta sinfda 20 nafardan 35 nafargacha o‘quvchi tahsil oladi. Umumiy holatda so‘rovnoma ishtirokchilarining 78 foizi buni tasdiqlagan.
Qayd etilishicha, 36 nafardan 40 nafargacha, hatto 40 nafardan ham ortiq o‘quvchi tahsil olayotgan sinflar ham mavjud ekan. Ishtirokchilarning 10 foizi bunday sinflarning mavjud ekanligini ta’kidlashgan. Xalq ta’limi tizimida 10 foiz, ya’ni 2790 ta ovoz ham katta ko‘rsatkich hisoblanadi. Bu raqam hududlar kesimida aholi soni (o‘quvchilar soni)ning joriy holatini, shuningdek, o‘sish jarayonini o‘rganish, prognoz qilish orqali maktablar sig‘imini oshirish yoki yangi maktablar tashkil etishga zarurat mavjudligini ko‘rsatadi.
So‘rovnomaning 77 foiz ishtirokchilari 1 ta sinfda 15 nafardan 25 nafargacha o‘quvchining tahsil olishini ma’qul variant sifatida tanlashgan. Demak, o‘qituvchilar uchun sinfda o‘quvchilar sonining 25 nafardan oshmasligi ma’qul va bu holat o‘qituvchilarni ortiqcha yuklamadan ozod qiladi, sifatli ta’lim berish uchun qulay sharoit yaratadi.
Institut o‘tkazgan yana bir so‘rovnomaning 78 foiz ishtirokchilari o‘quvchilar soni qancha kam bo‘lsa, ularga bilim berish shuncha yaxshi bo‘ladi, o‘quvchilar sonining kamligi ta’limning sifatiga ijobiy ta’sir qiladi degan fikrda.
«Maktabda ta’lim sifatini oshirish – shu sohadagi islohotlarning asosiy maqsadi, bu maqsadni amalga oshirishda o‘z-o‘zidan obektiv va sub’yektiv muammolar yuzaga chiqishi tabiiy. Sub’yektiv muammo sifatida – o‘qituvchining bilim saviyasi va kasbiy mahoratini aytadigan bo‘lsak, bu muammoni o‘qituvchilarning o‘z ustida doimiy ishlashlari natijasida bartaraf etsa bo‘ladi. Ammo ta’lim sifatidagi obektiv muammolardan biri – sinfdagi o‘quvchilar sonining juda ko‘pligi ta’lim sifatiga salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin.
Biz diqqatimizni mana shu obektiv muammoga qaratdik, so‘rovnoma ishtirokchilari ham bu muammo ekanligini tasdiqlashdi va sinfda o‘quvchilar sonining 25 nafardan ko‘pligi ta’lim sifatining yomonlashishiga sabab bo‘lishini ta’kidlashdi. Ularning fikriga ko‘ra, sinfda o‘quvchilar sonini maksimal 25 nafardan oshirmaslik maqsadga muvofiq ekan», deyiladi ilmiy-tadqiqot instituti xabarida.
Mavzuga oid
15:13 / 18.11.2024
O‘zbekiston va Qozog‘iston ta’limda qo‘shma dasturlarni amalga oshirishni muhokama qilyapti
20:17 / 05.11.2024
Ma’rifiy faoliyat bilan ruxsatsiz shug‘ullanganlik uchun javobgarlik belgilandi
17:18 / 05.11.2024
Raqobat kuchli: Xitoydagi ta’lim tizimi yoshlar orasida ruhiy tushkunlikka sabab bo‘lmoqda
16:29 / 21.10.2024