O‘zbekiston | 21:51 / 17.03.2022
8054
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda “prava” olib berishini aytib odamlardan pul olib yurgan shaxs topildi

O‘zini Toshkent imtihon markazi xodimi deb tanishtirib, haydovchilik guvohnomasini hal qilib berishni va’da qilgan va buning uchun kamida ikki kishidan pul olgan fuqaro ustidan firibgarlik moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. IIV Jamoat xavfsizligi xizmati bu kabi firibgarlarga ishonib qolmaslikka chaqirdi.

Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi xizmatidan ma’lum qilishlaricha, 16 mart kuni Ibrohim ismli fuqaro Yangihayot tumani ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. Fuqaroga ko‘ra, u 25 fevral kuni Doniyor ismli shaxs bilan tanishib qolgan, bu shaxs “AutoDriver Study” MChJda ishlashini va haydovchilik guvohnomasini olishda yordam berishini iddao qilgan.

Ibrohim amaliy imtihondan o‘tolmaganini bilgan Doniyor bir hafta ichida bu imtihondan o‘tkazib qo‘yishni va’da qilgan, buning evaziga 200 ming so‘m so‘ragan. Ibrohim so‘ralgan pulni va kerakli hujjatlarni bergan. Biroq aytilgan bir hafta o‘tgach ham, guvohnomadan darak bo‘lmagan.

Ta’kidlanishicha, 16 mart kuni Yangihayot tumani ichki ishlar bo‘limiga Azamat ismli fuqaro ham ariza bergan, u ham o‘zini AutoDriver Study'da ishlashini aytib aldagan Doniyor ismli shaxsdan shikoyat qilgan. Unga ko‘ra, Doniyor bu holatda Azamatning imtihonga kirish uchun tibbiy hujjatlari yo‘qligini bilib, unga tibbiy hujjatlarsiz imtihonga kirgizish va guvohnoma olib berishni va’da qilgan. Buning uchun 400 ming so‘m va zaruriy hujjatlarni so‘ragan, ishni bir haftada bitirishini aytgan.

Bu ikki ariza yuzasidan 1977 yilda tug‘ilgan Doniyor ismli shaxs tergovga qadar tekshiruvga jalb qilingan. 17 mart kuni firibgarlik moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davomida uning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi ehtimoli ham surishtirilmoqda.

Kuni kecha yuqoridagi holatlardan birinchisi haqida Toshkent imtihon markazi asoschisi Komil Allamjonov ham o‘z videomurojaatida aytib o‘tgan edi.

“Imtihon markazimizga bir fuqaro kelib murojaat qildi. Uning aytishicha, bir necha kun oldin markazimizda nazariy imtihonni topshirgan, amaliy imtihondan o‘ta olmagan. Ko‘chaga chiqib ketaverishda, binomizning oldida unga bir fuqaro murojaat qilib, nima bo‘lganini so‘ragan. U muammoni aytgan. Uchragan odam esa: “Keling, muammongizni hal qilib beraman, hozir ko‘chada bu ishlarni biz hal qilyapmiz”, deb o‘zini tanishtirgan, telefon raqamini bergan va 200 ming so‘m olgan.

Bu shaxs uning ishonchini oqlash uchun mashinasining bagajidan turli sertifikatlarni ko‘rsatgan. Xullas, pulini olib, aytganki: “Tez kunlarda masalangiz hal bo‘ladi”. U odam ikki hafta davomida tinmay qo‘ng‘iroq qilgan, u esa ana bo‘ladi, mana bo‘ladi, hozir hal bo‘lib qoldi, hozir bu odam qo‘l qo‘yib berishi kerak deb aldab kelgan.

Aldanganini tushungan fuqaro mana endi bizga kelib, murojaat qilyapti, yordam bera olasizmi deb.

Hurmatli fuqarolar! Bizning imtihon markazimiz binosi oldida izg‘ib yurgan turli-tuman firibgarlarga ishonib qolmang. Jabrdiyda bo‘lib qolmang. Undan ko‘ra avtomaktabingizda nazariy va amaliy bilimlaringizni mustahkamlang.

Tushuning, bugun biz imtihon sohasida korrupsiyaga chek qo‘yildi degan gaplarimiz balandparvoz gaplar emas. Bu – haqiqiy, bor gaplar. Bilimingiz bo‘lmasa, vallomati bo‘lsangiz ham [haydovchilik guvohnomasi] ololmaysiz dedikmi, demak shunday bo‘ladi. Gapimizga ishonavering, chunki butun tizim shunday qilingan: faqatgina bilimi bor odamgina imtihondan o‘tib, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lishi mumkin”, – deydi Komil Allamjonov.

Eslatib o‘tamiz, 4 fevraldan boshlab Toshkentda haydovchilik guvohnomasi uchun imtihonlar to‘liq avtomatlashtirilgan ilk xususiy imtihon markazida o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid