«Ko‘plab davlat organlari va tashkilotlari ochiqlikka doir prezident farmoni talablarini bajarmayapti» - Aksilkorrupsiya agentligi
Davlat xaridlari, xarajatlar smetasi va uning ijrosi, xizmat safarlari va mehmonlarni kutib olish xarajatlari to‘laqonli e’lon qilinmayapti, dedi agentlik direktori Akmal Burhonov Senatdagi hisobotida. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab holatlarda yengil avtomobillar va xizmat uylari bo‘yicha ma’lumotlar ham yopiqligicha qolmoqda.
Bugun, 19 mart kuni Senatning 24-yalpi majlisida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida hisobot berdi.
Ma’lum qilinishicha, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlash borasidagi ishlar yetarli darajada muvofiqlashtirilmagani oqibatida ular tomonidan tegishli ma’lumotlar ochiq ma’lumotlar portali (data.egov.uz) va o‘z rasmiy veb-saytlariga joylashtirilmay kelinmoqda.
«Xususan, 135 ta davlat organlari va tashkilotlarining 2021 yil to‘rtinchi choragi bo‘yicha davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlari tahlili ko‘rsatganidek, ularning 80 tasi yoki 60 foizi ushbu ma’lumotlarni belgilangan resurslarga joylashtirmagan. Yoki xizmat safarlari va xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari bo‘yicha hisobotlar 88 ta davlat organi va tashkiloti tomonidan o‘z vaqtida ochiqlanmagan», – deyiladi hisobotda.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Madaniy meros agentligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi ham o‘zlari mas’ul bo‘lgan ma’lumotlarni e’lon qilmagani yoki yangilab bormagani qayd etildi.
2021 yilning 16 iyundagi «Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoniga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlari har yili 1 martga qadar o‘z faoliyatiga oid hisobotni rasmiy veb-saytiga joylashtirib, 10 martga qadar uni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish joyi va vaqti haqida xabar berishi kerak edi.
Lekin monitoring qilingan 135 ta davlat organlari va tashkilotlarining 93 tasi 2021 yildagi faoliyatiga oid hisobotni e’lon qilmagan bo‘lsa, 126 tasi matbuot anjumanining o‘tkazilish joyi va vaqti haqida hanuzgacha o‘z rasmiy veb-saytiga ma’lumot joylashtirmagani aniqlangan.
Shuningdek, ochiqlikka doir qonunchilik talablari ijrosi holati mahalliy davlat hokimiyati organlari kesimida o‘rganilganida jami 95 ta holatda qonunchilik talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Soddaroq qilib aytganda, mahalliy hokimliklar e’lon qilinishi lozim bo‘lgan 13 toifadagi ma’lumotlarni rasmiy veb-saytida umuman e’lon qilmagan.
Tuman va shaharlar kesimida esa 204 ta tuman va shahar hokimliklaridan 43 tasida (20 foizi) rasmiy veb-sayti ishchi holatda emas, faoliyat ko‘rsatayotganlarida ham ma’lumot uzoq vaqt davomida yangilanmay kelinmoqda.
«Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan davlat xaridlari bilan bog‘liq ma’lumotlar, xarajatlar smetasi va uning ijrosi, xizmat safarlari va xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari, litsenziya va ruxsat etish uchun mas’ullar to‘g‘risida ma’lumot, yengil avtomobillar, xizmat uylari hamda boshqa zarur ma’lumotlar jamoatchilikka to‘laqonli e’lon qilinmayapti», – deydi agentlik direktori.
Aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf qilish bo‘yicha vazirlik, idora va mahalliy davlat hokimiyati organlariga agentlik tomonidan 26 ta taqdimnoma hamda 35 ta ogohlantirish xatlari kiritilgan.
Senat raisi Tanzila Norboyeva ko‘pchilik tashkilotlar ochiqlikning amaliy ahamiyati va zaruratini hali chuqur anglab yetmaganini, belgilangan vazifalar ijrosiga yuzaki qarash, o‘z holiga tashlab qo‘yish holatlari ko‘pligini qayd etdi.
«Masalaning boshqa tomoni ham bor: davlat tashkilotlarida, ayniqsa, hududiy tuzilmalarda (jumladan, hokimlik, mahalliy kengashlarda) ochiqlikni ta’minlash infratuzilmasi to‘liq shakllanganmi, kadrlar salohiyati yetarlimi, kimlar bunga mas’ul etib belgilangan, aniq malaka talablari, uslubiy yondashuvlar bormi?
Faqat kompyuterga internetni ulab qo‘yish bilan ish bitmaydi. Axborotni anglash, tushunish, tahlil qilish, qayta ishlash, muntazam yangilab borish zarur. Buning uchun malaka kerak. Malaka bo‘lmagan joyda mas’uliyat ham bo‘lmaydi. Masala doimiy nazoratimizda bo‘ladi. Bugungidek eshituvlar bundan keyin ham davom ettiriladi», – deya Senat raisining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
14:02 / 16.11.2024
Prezident 9 nafar senatorni tayinladi
12:30 / 06.11.2024
AQShda Trampning respublikachilari Senatda ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritdi
15:55 / 24.10.2024
“5 yilda 440 ga yaqin qonun muhokama qilindi” - Senat raisi
13:38 / 23.10.2024