11:06 / 24.03.2022
2212

Samarqandda mast erkak Nexia-2 mashinasini olib qochib YTH sodir etdi

U mashinani xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan serqatnov yo‘lda qarama-qarshi boshqarib Damas bilan to‘qnashgan. So‘ng voqea joyidan qochib ketgan.

Foto: Tergov departamenti

IIV huzuridagi Tergov departamentining xabar berishicha, 2022 yil 21 mart kuni soat 20:30 da Narpay tumanida yashovchi 27 yoshli I.F. mast holda tumanning Mustaqillik mahallasi Voriston qishlog‘i hududida yo‘l chetida turgan 24 yoshli Sh.O.ning boshqaruvida bo‘lgan Nexia-2 mashinasini olib qochgan.

U mashinani M-37 Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi xalqaro avtomobil yo‘liga boshqarib chiqib yo‘lning 109-kilometrida, qarama-qarshi yo‘nalishda boshqargan. So‘ng Damas mashinasi bilan to‘qnashib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan va hodisa joyidan yashiringan.

Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida qonunbuzar Narpay tuman IIB xodimlari tomonidan protsessual tartibda ushlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Narpay tuman IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan I.F.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Avvalroq Qashqadaryoda mast fuqaro Damas mashinasini olib qochgandi. Namanganda esa qamoqdan qochganlar kirakashlik bilan shug‘ullanayotgan yigitni hushidan ketkazib, Cobalt mashinasini olib qochib, uni Jizzax shahrida tashlab ketishgan.

Top